Nazar Eshonqul isteʼdodli shoiraning ushbu asarini “Shaklan nazm, mazmunan nasr” deya baholaydi: Oydinnisoning “Afv” dostoni nasr bilan nazm unsurlarini yaxlit shakl, yaxlit mazmunda aks ettirishni, bu ikki janrning boshini qovushtirishni, Gʻarb adabiyotshunoslari taʼbiri bilan aytganda, “nasr bilan nazm oʻrtasidagi shakliy, janriy farqni yoʻqqa chiqarishni” maqsad qilgan va buning uddasidan chiqa olgan zamonaviy adabiyotimizdagi oʻziga xos eksperimentlardan biridir.
Aybsiz aybdorlarni avf etish – bu jamiyatni, adolatni koʻzguga solishday gap. Ammo masalaning maʼnaviy tomoni bor. Asar bizning oldimizga “Kim afv soʻrashi kerak?! Qismatning shu achchiq yoʻlagiga kelib qolgan, peshonalariga mahkumlik tamgʻasi bosilgan ayollarmi yoki begunoh ayolga gunoh tamgʻasini osgan, aybsiz aybdor qilganlarmi?!” degan savolni ham koʻndalang qoʻyyapti. Bu savolga adolatli javob topish har bir jamiyat uchun ham, har bir zamondosh uchun ham muhimki, asar shuning uchun ham “Afv” deya atalayapti.
Fikrimizcha, Nazar Eshonqul taʼriflaganidek, doston oʻziga xos uslubda yozilgan. Boshiga girdu balolar tushgan ayolning achchiq qismatidan hikoya qiladi. Mahbus ayolning nolalarini, koʻngil koʻzini aks ettiradi. Ushbu mavzu oʻzbek adabiyotida kam yoritilgani bilan ham eʼtiborni tortadi.
***
Tashqarida shamol supurayotir
taqdir boʻlaklarini…
Vaqt tomar chak-chak.
Oʻn yilki boʻysunmay soatga
toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.
Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning
qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi
Va yoki… yaradan tomgan qon kabi.
Soat millariga boqaman:
00:00
Sakkiz soat qoldi, tugaydi bari
yoki boshlanar…
Xotirning koʻzlari qadalar ortga.
Koʻrinar
zaminni koʻtarib uchmakka shaydek
tuproqqa belanib qanotin qoqqan
erparchin polapon.
Akam yasagan qafas,
onam tutgan non ushogʻi-la
unga berganim mehr,
Ustozimdan tinglagan nazm ila
baxsh etganim ozodlik:
“Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulgʻa tikondek oshiyon boʻlmas emish”.[1]
Uzoq oʻtirmishdim qafas yonida
uvoq berib qushchamga.
Siladim, oʻpdim va
koʻzda yosh ila
uchirdim ilk bor umidimni:
“Xayr, yaxshi bor!”
Baland-baland parvoz etar qush,
chir aylanib raqsga tushar.
Aylana-aylana banogoh
pastga shoʻngʻiy boshlar,
davom ettirguday xayr-xoʻshini.
Bir muddat havoda muallaq turar,
ikkilangan kabi.
Soʻngra qaytib kirar qafasga…
Xotir ichra tirilar endi
boshimga qulagan osmonni sudrab,
erga kirgudayin kelgan ilk kunim.
Bir hadik, xavotir, yoqimsiz hislar,
titroq izlar, chorasiz izlar…
Yovvoyi ishtiyoq toʻla nigohlar.
Osilgan qovoqlar.
Boʻgʻiq havo.
Tashna koʻkraklarni toʻldirmakka
etmas havoning nafasi —
besharm qahqaha silkitar havoni
elpiganday yelpugʻich.
Esnay-esnay uygʻonar shamol,
kerisha-kerisha uxlab qolar.
Havo taqchilligi avj olar battar.
Havo talash har turli vaj qiyofasida.
Qargʻish-da bir sanʼat.
Bu sanʼatning nozik sirlarin
bilgichligin koʻz-koʻz etar mahbusalar:
“Hey, tilingga kuydirgi chiqsin!”
“Koʻzlaringni oʻyib koʻzaga solay!”
“Qoning kelsin ogʻziginangdan!”
“Bolang oʻlib, bolamlab qol, xay!”
Olqishlar!
Tishi oʻtkir soʻzga olqishlar!
Yozsa, qalam qizarguday
hayosizu badboʻy soʻzga olqishlar!
Qizir sahna, qizarar sahna.
Tortib olmak kerak
raqiba koʻksidan toza havoni…
Koʻp oʻtmay tugaydi tomosha.
Kesilmagan axir
devorlarning quloqlari.
Oʻrib olinmagan sotqin qamishlar.
Faqat
“Iskandarning shoxi bor”, degan
eskirgan kuyini unutgan ular.
“Xadichaning tili uzun”, der,
“Sohibaning qoʻli uzun”, der.
“Qani, oldimga tush, yoʻling uzun”, der.
Izolyator.
Biroz qirtishlanar tillarning,
qoʻllarning oʻsib ketgan yerlari.
Raqibalarning oʻsar dillari.
Tasalli bergim keladi
haqoratlangan hayotga.
Odamlardan toʻyib ketaman!
Toʻyib ketaman
Odamsizlikdan.
Tush qoʻmsayman shirin.
Koʻzlarimga sanchilsa edi sahrolar,
Koʻzlarimdan toshsa edi daryolar.
Mayli edi,
Oxiri yoʻq sahrolarnimi,
Sohili yoʻq daryolarnimi keza-keza,
kimsasiz kenglikda
jon bersam.
Erksizlik emas, erk oʻldirsa meni!
Bir cheksiz erk oʻldirsa!
Asov toʻlqin dengiz bagʻridan yulib,
qumga uloqtirgan baliq misoli
kappa-kappa ochib ogʻzimni
koʻnikmak istayman yangi hayotga.
Qoʻl solib koʻrishar koʻnglimga.
Gʻavvosday koʻnglimning tubiga choʻkib,
durini,
sirini,
kirini izlab topmoqchi boʻlar.
Otilmoqqa shaylanar soʻzlar,
yuraklarni teshib kirgisi,
eng nozik tomirlar ustida
dorbozday hakkalab yurgisi kelar.
Bahonada boʻshab olgilari kelar
bechora koʻngilning.
Tobora boʻshashib borsa-da tilim,
boʻshashib toʻlsa-da dilim,
qoʻyib yubormayman soʻzlarimni –
qullarimni men.
Aylanib olmasin derman hojamga…
Yana qoʻrqamanki,
ochilsa qalbim,
bostirib kirmasmi unga ayozlar!
Jon qaygʻusi emas,
yurak qaygʻusi.
Jon achchigʻi emas,
yurak achchigʻi…
Dilimni kemirar har lahza
faqat kalamushlar yo ochlik emas,
yo vahshiy nigohlar qonxoʻrligiyu
yurakdosh odamga muhtojlik emas,
Yeb bitirar uni ayovsiz
uygʻoq vijdon, iymon, fahm-farosat.
Benihoya afsus-nadomat!
Doʻst izlab, hakkalab yurar nigohim.
Choʻqishadi qaysi bir nigohlar ila,
qaysilari ila silashar.
Xayrixoh bor,
doʻst topilmas,
yurakka yaqin soʻz topilmas.
Ahyon-ahyon
shafqat yoxud ijirgʻanishmi
va yo ojizlikka mislsiz nafrat,
oʻzin yodga olib, yana tonishmi,
yo taskin libosli bir hasrat
boʻy koʻrsatar tillarda:
“Ey, ezilavermay boshingni koʻtar!
Bu kunlaram oʻtaru ketar!”
Oʻtib ketayotgan kunmi yo odam?
Kunlar oʻtib, qaysi manzilga yetar?
Oʻtmishga aylanar ular bir kuni,
bu oʻtmishning yuki umrbod
yurakda oʻtar.
Homiladan odamga aylanar mahal
nechogʻlik chinqirsa dunyoga chaqaloq,
odamdan mahbusga aylanmagimda
chinqirgandim yuragimga qarab
shu qadar.
Bu judolik toʻla chinqiriq edi.
Nimalar bor judolik ichra?
Faqat halovatim, tinch umrim emas.
Obroʻyim, sevgim, ishonchim,
qalbimdagi bor ehtiyojim,
orzu-maqsadlarni va odatlarni
yanchib, boʻgʻib, toptab, ezgʻilab
va bu oʻz zulmimdan umrbod yigʻlab,
koʻnmak baxtsizligi rasvo muhitga.
Oʻlmak baxtsizligi tiriklay, tikka.
Soqchi miltigʻiga tushar koʻzlarim,
yuragim tortar orqaga,
tovonimga tushib tortar yuragim:
Otib qoʻymasmikan ruhimni qoʻrquv?
Dunyoni qutqarmak uchun bu ruhdan,
ozodlarni undan ozod etgali.
Boshimni silarga bir qoʻl izlayman,
toshga aylanmasin toki tuproq tan –
alamlar koʻmilgan qabr toshiga.
Qoʻllarini uzatar kitob.
Kirib borgan sari soʻzlar ichiga,
chiqib ketaman
mazmundan tashqari.
“Meni tushun!” deyman kitoblarga,
“Meni kechir!” deyman izillab.
Qilingan qilmishlar,
kechirilgan kechmishlar,
yigʻlanmagan koʻzyoshlar uchun
kitoblar oldida beraman javob.
Chuqurroq shoʻngʻiyman gʻamimga.
Baxtsizligim teran his etgan sari,
dardu alamimga boʻlgum mahliyo.
Azobda ham borday bir qadar huzur.
Ishq azobi tushadi yodga.
Ishq azobi!
O, ishq azobi!
Yurak aylanadi faryodga!
[1] A. Navoiy satri
Davomi bor.