Oʻyinchoq tanlashda adashmang: qizalogʻingizni imkoniyatlarini cheklamang!

0
492
marta koʻrilgan.

Buyuk Britaniyadagi Muhandislik va texnologiya instituti olimlarining tadqiqotlariga qaraganda, bolalarda ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohasidagi dunyoqarashini shakllantirishga koʻmaklashuvchi oʻyinchoqlar asosan oʻgʻil bolalarga moslab ishlab chiqarilar ekan.

Maʼlumotlarga qaraganda, Buyuk Britaniyada bugungi kunda muhandislik sohasida ishlovchilarning toʻqqiz foizinigina ayollar tashkil qilar ekan. Olimlarning  boshlangʻich sinf oʻquvchi qizlar oʻrtasida oʻtkazgan soʻrovnomalariga koʻra 39 foiz oʻquvchi qizlar axborot-texnologiyalariga, 38 foizi aniq fanlarga, 36 foizi matematika sohasiga qiziqishlari borligini bildirishgan.

Dunyodagi barcha jamiyatda kishilar ongida qizlarga pushti, qizil, olov rang kabi yorqin boʻyoqli oʻyinchoqlar ishlab chiqarish lozim degan umumiy tushuncha oʻrnashib qolgan. Ota-onalar ham qizlariga asosan qoʻgʻirchoq, idish-tovoq, shifokorlikka doir oʻyinchoqlar xarid qilishadi. Albatta mazkur oʻyinchoqlar ham yomon emas, Biroq, olimlarning taʼkidlashicha, kattalardagi bunday tushuncha qiz bolalarning dunyoqarashini faqatgina bir yonlama shakllantiradi.
Xususan, bizda, sharqda ham qizlarni yoshligidan epli kelin, mehribon ona, namunali uy bekasi qilib tarbiyalashga va shunga mos oʻyinchoqlar sovgʻa qilishga katta eʼtibor qilib kelingan. Aslida bu xislatlar fazilatdir. Lekin faqatgina shunday oʻyinchoqchilar bilan cheklanish qizlar tafakkurini bir tomonlama shakllantirishiga koʻmaklashadi. Jajji qizlarni boʻlajak olimalar sifatida koʻra bilish, ularni ilm-fan, texnologiya, matematika, fizika kabi aniq sohalarga boʻlgan qiziqishlarini ham qoʻllab-quvvatlash, shunga mos oʻyinchoqlar ishlab chiqarish va xarid qilish maqsadga muvofiqdir.

Muhandislik va texnologiya instituti tomonidan Buyuk Britaniya doʻkonlarida sotilayotgan birgina “Stem” fabrikasi tomonidan ishlab chiqarilgan oʻyinchoqlar oʻrganilganda, qizlar uchun ishlab chiqarilgan 10 ta oʻyinchoqdan 9 tasi pushti ekanligi maʼlum boʻlgan. Oʻgʻil bolalar oʻyinchoqlarida esa bu nisbat 10 tadan bittaga toʻgʻri keladi. Umuman, doʻkonlarda turgan 31 foiz oʻyinchoqlar oʻgʻil bolalar, 11 foizi qizlar uchun moʻljallanganligi aniqlangan.

«Jamiyatda kattalar ongida mavjud boʻlgan qadimdan anʼana boʻlib kelayotgan, yaʼni oʻyinchoqlarni jinsga ajratish kelajakda qizlarning kasb tanlashiga taʼsir koʻrsatadi» deya ogohlantiradi Muhandislik va texnologiya instituti olimlari.

Shunday ekan, qizaloqlarimiz ertaga olima boʻlib yetishishi uchun bugundan poydevor qoʻyib borish zarur. Ularni ilm-fan, texnologiya, matematika, astronomiya kabi aniq sohalarga boʻlgan qiziqishlarini sunʼiy ravishda soʻndirmasdan, balki oʻyinchoqlar orqali ilhom berish lozim.

Oydin Saʼdullayeva

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.