Oʻzbek tilini chuqur oʻrganamiz: Shevalarni adabiy tilda ishlatish mumkinmi?

0
554
marta koʻrilgan.

Qayta qurish deya nomlangan davrlar boshlanib, milliy qadriyatlarimizga eʼtibor kuchaytirilgan 80 yillar edi. Navroʻz ayyomiga bagʻishlangan koʻrsatuvni Xorazmdan  tayyorlab keldim. Matnda milliy taomlarni tilga olganimda goʻmma soʻzini ishlatdim. 

Bir payt qarasam bosh muharrir uni chebureki deb oʻzgartirib qoʻyibdi. Uni men yana goʻmma deb oʻzgartirdim va fikrimni tushintirishga harakat qildim. “Mahalliy soʻzlar nega adabiy tiliga kirib kelish kerak ekan” dedi u. “Gruzin cheburekisi kirib kelsa mayli-yu Xorazmni goʻmma soʻzi kirsa boʻlmaydimi? Goʻmma soʻziga adabiy tilda mos maʼnodagi soʻz, sinonim boʻlmaganidan keyin mahalliysi ishlatilgani maʼqul-ku” dedim. Goʻmma soʻzi taniqli yozuvchi Jumaniyoz Sharipovning “Xorazm” romanlarida ham ishlatilganligini asos sifatida keltirdim. Ikkalamiz bahslashib qoldik, yon bergim kelmadi.

Oʻzbekiston televideniyesining direktori Toʻlqin Alimovning( oxirati obod boʻlsin) huzuriga kirdim. U kishi rahbar boʻlish bilan birga ijodkor, hikoyanavis yozuvchi edi. Fikrimni qoʻllab quvvatladi.

Shundan keyin  ushbu soʻz tilimizga kirib keldi. U davrlarda uch tiyinlik perashkilar juda mashhur edi. Uni gumma deb atay  boshlashdi. U ham til qonuniyatlariga koʻra oʻzgarishlarga uchrab, goʻmba deb atala boshladi. Oʻz tilimizga xos  soʻz vujudga keldi. Aslida bu taom ikki xil boʻlib, faqat pishirish jarayoni oʻxshash yaʼni yogʻgʻa koʻmib pishiriladi. Nomi ham shundan kelib chiqqan. Goʻmib- goʻmma.

Yangi izohli lugʻatimizda aynan goʻmma  soʻzi mavjud: “Goʻmma-sheva. Ichiga goʻsht yoki baʼzi sabzavotlar solinib, yogʻda pishiriladigan samsaning bir turi. Olloquliboy koʻk choyni ichib, yana goʻmmani tushira ketdi. Jumaniyoz Sharipov, Xorazm”.

Darhaqiqat, goʻmmaning kartoshkali, qovoqli, koʻkatli turlari ham mavjud. Goʻshtli goʻmma esa barchasining sultoni.

Demak, oʻzbek adabiy tilida oʻrni kelganda shevalarni ham ishlatish mumkin. Bu yoʻl bilan oʻzbek tili boyib boradi. Ayniqsa, milliy taomlar tilga olinganida, aynan oʻzini ishlatish maqsadga muvofiqdir.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.