Sobiq Sovet ittifoqi davrida ruscha soʻzlar shu darajada ogʻzaki tilimizga singib ketgan edi-ki, uning asl oʻzbekchaci esdan ham chiqib ketgandi.
70-80 yillarda Oʻzbekiston televideniyasida muharrir boʻlib ishlardim. Toshkent viloyatidagi “Damachi” baliqchilik xoʻjaligidan yarim soatlik koʻrsatuv tayyorlab kelishdi. Men unga muharrirlik qildim.
Matnda uvuldiroq soʻzi bir joyda baliq tuxumlari, yana bir joyda baliq urugʻlari yana bir joyda ikra deb ishlatilgan edi. Ularning baʼzilarini uvuldiriq soʻziga almashtirib chiqdim. Bundan hamkasbdoshim xafa boʻldi. Bosh muharrir esa uni yonini oldi. «Nega endi xorazmcha lahcha oʻzbek adabiy tiliga kirib kelishi kerak», deya eʼtiroz bildirdi.
– Fikringiz toʻgʻri. Bu soʻz Xorazmda haliyam ishlatiladi. Buvilarimiz baliq tozalayotganimizda “baliqni oʻtini yorib yuborma, uvuldiriqi achchiq boʻlib qoladi”, deya oʻrgatib turardi. Aslida bu oʻzbek tili yaʼni qadimiy turkiy soʻz, – deya izoh berdim.
Oʻshanda katta bahslardan keyin ikra soʻzi uvuldiriq soʻziga almashtirildi.
Ushbu maqolani yozish jarayonida “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni ochib qaradim. Unga shunday izoh berilgan ekan: “UVULDIRIQ baliqning va boshqa baʼzi suvda yashovchi jonivorlarning tuxumchalari, urugʻi, ikra”. Oʻzbek tilining izohli lugʻati (2006-2008 yil).
Ushbu fikrlarimni aytishimga sabab Oʻzbekiston televideniyesida suxondonlar, koʻrsatuv boshlovchilari hamon ruscha soʻzlarni ishlatib yuborishadi. Yana inglizcha soʻz va ishoralardan ham foydalanishadi.
Xalqimizga madaniyat-maʼrifat tarqatayotgan kishilar har bir soʻz- u jumlasiga eʼtiborli boʻlishi lozimligini eslatmoqchiman.
Ayniqsa, yosh jurnalistlarning ish stolida “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” boʻlishi va uni tez-tez ochib oʻqib turishlarini tavsiya qilardim. Zero xalqimiz «Ona tilim- jonu dilim» iborasini bejiz ishlatmaydi. Zero, oʻzbek tili mavjud ekan, millatimiz mavjud!
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist