Oʻzbek tilini chuqur oʻrganamiz

0
383
marta koʻrilgan.

Ayni kunda “Registon” deganda butun dunyoga mashhur uch meʼmoriy obidaning goʻzal uygʻinligi koʻz oldimizga keladi. Hatto, bu soʻz mana shu muhtasham uchlik sabab paydo boʻlgan, deb oʻylovchilar ham topiladi.

Aslida, “Registon” ancha avval vujudga kelgan. Oʻzbekcha – ruscha izohli lugʻatning taʼrifiga koʻra “Registon” forscha soʻz boʻlib, qumloq,  qumli joy, mayda tosh toʻshalgan joy degan maʼnoni anglatadi. Oʻrta sharq mamlakatlari shaharlaridagi markaziy maydon (odatda shahar arki yoki hokim saroyi yonida barpo etilgan).

Demak, Oʻrta asrlarda hamma katta shaharlardagi markazlar “Registon” deb atalgan. Jumladan, shu nomdagi maydonlar Buxoro, Shahrisabz va Toshkentda ham boʻlgan.

Ammo, Samarqanddagi maydon oʻsha paytlardayoq butun Oʻrta Osiyodagi eng mahobatli va tahsinga sazovori  muhtasham maydon edi. Ayniqsa, Amir Temur davrida Samarqandning markazga aylantirilishi Registon nomining butun dunyoga taralishi uchun poydevor boʻldi. Mirzo Ulugʻbek davrida esa maydon yanada muhim ahamiyat kasb etgan. Bu yerda koʻriklar oʻtkazilar, davlat farmonlari oʻqib eshittirilar, Qurbon va Ramazon hayiti sayillari oʻtkazilar edi.

Maydon binolarini qayta tiklashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan Samarqand hukmdori Amir Yalangtush Bahodir XVII asrda Sherdor va Tillakori madrasalarini qurib, Registon maydoni shuhratini yanada oshirdi va goʻzallashtirdi.  Shu tariqa, Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalarini oʻzida jamlagan bu ulkan muhtashamlik butun dunyoga Registon nomi bilan tanildi. Registon hanuzgacha shaharsozlik sanʼatining mukammal shoh asari boʻlib kelmoqda.

 Istiqlol neʼmati – «Sharq taronalari» xalqaro anjumani va boshqa koʻrik – tanlovlar uning  taʼrifini yanada yuksaltirdi.

gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.