Zafar uyga yoʻl olar ekan, maktabda koʻrgan hujjatli kino — jahon sport maydonlarida Oʻzbekiston bayrogʻini hilpiratib, gʻurur bilan gir aylanayotgan bolalar koʻz oldiga keldi. «Qani edi men ham sport maydonlarida javlon ursam, buning uchun nimadan boshlashim kerak ekan-a. Uyga borgach xolamdan soʻrayman», deya koʻnglidan oʻtkazdi. Qatʼiy qarorga kelganiga oʻzi ham xursand boʻlib tez-tez yurib ketdi. Uyga kelgach eshikni bir-ikki marta qoqib koʻrdi, qoʻngʻiroqni bosdi. Ammo hech kim ochmadi. Kayfiyati tushib, orzulari ham sarobga aylanib ostonaga oʻtirib oldi. Xolasi bugun ham ishda ushlanib qolgan chogʻi. Aks holda…
Uyning kalitini tashlab ketsa boʻlardi-ku,-koʻnglidan oʻtkazdi u. Papkasini yerga qoʻyib, sovuqqotgan qoʻllarini choʻntagiga tiqdi. Oradan ikki soatcha oʻtdiki, xolasi kelavermadi. Koʻchaning u yogʻidan, bu yogʻiga yurib, kutdi, toqati toq boʻldi. Bu paytda qoʻshni bolalar koʻchaga qorboʻron oʻynagani chiqishgandi. Bola ota-onasi bilan yashayotgan joʻralariga havas bilan qaradi.
Kutaverib zerikkan va sovuqqotgan bolakay shoh koʻchaning boshida yangi ochilgan «Internet kafe», «Kompyuter oʻyinlari» deb yozilgan eshik tomon yuzlandi. Bahonada isinib olaman, deya oʻyladi u. Choʻntagida kecha xolasi bergan- Rossiyadan ota-onasi joʻnatgan pullardan bir talayi bor edi…
Ha, hamma narsa oddiy eʼtiborsizlikdan boshlanadi. Bir qaraganda, nima qilibdi, bola biroz kutganida xolasi ham yetib kelardi-ku, deyish mumkin. Ammo ana shu boy berilayotgan «ikki soat» lar davomida uning ruhiyatida nimalar yuz berishini, hayolidan qanday fikrlar oʻtishini, tengdoshlari issiqqina uylariga kirib, ovqatlanishayotgan paytda eshigi oldida diydirab turgan holatini oʻzingiz tasavvur etib koʻring. Qolaversa, ota-onaning farzand oldidagi burchi va majburiyatlari qayerda qoldi, degan haqli savol tugʻilganida yanada xushyor boʻlishimizga toʻgʻri keladi. Xola, amma, buvi, amaki va togʻalar oʻz yoʻliga. Ota-onaning oʻrnini hech kim bosaolmaydi. “Yetti yanga yigʻilsa, bir onachalik boʻla olmas” degan xalq matali bejiz aytilmagan, axir.
Mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridayoq, yurtimizning kelajagi boʻlgan farzandlarimizga eʼtibor va gʻamxoʻrlik, ularning har tomonlama oʻnib-oʻsishi, kamol topishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, ularni yaqindan qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida ahamiyat berilgan edi.
Ha, bizning oʻziga xos sharqona milliy anʼalarimiz, qadriyatlarimiz mavjud..Uni xalq maqollari ham ifodalab turibdi. «Bir bolaga yetti qoʻshni ota-ona», «Qoʻshning tinch sen tinch», «Onasini koʻr, qizini ol», «Katta arava qayerdan yursa kichik arava ham shu yerdan yuradi» kabi hikmatlarimiz tagida olam-olam maʼno yotibdi. Farzandga eʼtibor ana shunday benazir qadriyatlarimizdan biri. Har bir farzand oʻz ota-onasi bagʻrida tarbiya koʻrishi, kamol topishi uchun hukumatimiz otalarcha qaygʻurib kelmoqda. Goho odamlarimiz orasida qoʻpol boʻlsada, «It ham tugʻadi, ammo u oʻz bolasini koʻchaga tashlab ketmaydi», «Nimani eksang shuni oʻrasan» degan eʼtirozli fikrlarni eshitib qolamiz. Bu gaplarda jon borga oʻxshaydi…
Farzandni dunyoga keltirib, bogʻcha yoshiga yetgach qarindoshlari qoʻliga tashlab ketayotgan ota-onalar har damda topiladi. Ular bir yil emas, naq besh-oʻn yil ana shu alfozda oʻz bolalari taqdirini oʻzgalar ixtiyoriga topshirishadi.
Qarovsiz qolib, koʻcha taʼsirida tarbiya topgan ayrim bolalar bugun internetda turli behayo filmlar tomoshabiniga, doʻstlari orasida «mitti» yovuz va bosqinchiga aylanib qolmoqda. Jangari filmlar va turli oʻyinlar esa bola ruhiyatini oʻz domiga tortmoqda. Nazoratsiz qolgan bolalarning jam boʻlib pana-panada sigareta chekishlari bugunga kelib odatiy xolga aylandi. Ota-onalar, kattalarning loqaydligi, beparvoligi oqibatida goʻzallik oʻz oʻrnini johillikka, ezgulik oʻz oʻrnini yovuzlikka, rahmdillik oʻz oʻrnini shavqatsizlikka boʻshatib bermayaptimi? Ularga bu «imkoniyatlarni» oʻzimiz oʻz qoʻlimiz bilan yaratib bermayapmizmi?!
Toʻgʻri, har kimning farzandi oʻziga aziz. Hech kim oʻz farzandini yomonga chiqargisi yoʻq. Ammo haqiqatdan koʻz yumib boʻlmaydi. Koʻz qorachigʻidek avaylab-asrab voyaga yetkazgan bolamizni birovlar xor qilishiga, yoki izza etishlariga sir-sira yoʻl qoʻymaymiz. Biroq, aslida nimalar boʻlyapti?
Xorazm viloyatida voyaga yetmagan bolalar oʻrtasida jinoyat va xuquqbuzarliklarni kelib chikish sabablari va ularga imkon berayotgan shart- sharoitlarni tahrir qilib koʻraylik.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan roʻyxatga olingan jinoyatlarning aksariyati uyida qarovsiz, ota-ona nazoratidan chetda qolgan bolalar tomonidan sodir qilinayotganligi aniqlangan. Farzandga bu qadar eʼtiborsizlik qilinmaganida ehtimol viloyatda voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatlar sodir etilishi oshmagan boʻlarmidi?!
Raqamlarga eʼtibor beraylik, oʻtgan yilda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan barcha turdagi jinoyatlar 13,1 foizga, jinoyat qidiruv yoʻnalishidagi jinoyatlar esa 19,2 foizga oʻsgan. Xususan, giyohvandlik jinoyati 100 foizga, nomusga tegish jinoyati 50 foizga, bosqinchilik jinoyati 100 foizga, oʻgʻirlik jinoyati 17,6 foizga, yengil tan jarohati yetkazish jinoyati 66,7 foizga oshganligini kuzatish mumkin. 38 ta jinoyat 42 nafar voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan boʻlib, ulardan 22,2 foizini maktab oʻquvchilari, 63,1 foizini kollej oʻquvchilari sodir qilgan.
Viloyatimiz aholisining 32, 7 foizini voyaga yetmagan bolalar tashkil etadi. Taqdirimiz ertaga aholining qariyib uchdan bir qismidan iborat boʻlgan insonlar qoʻlida ekanligini tasavvur etib koʻrsak, xavotirimiz oʻrinli ekanligini anglaymiz.
Shuningdek, diniy ekstremistik oqim aʼzolari, muqaddam sudlanganlar, oilaviy janjalkashlar, spirtli ichimliklarga ruju qoʻyganlar oilalarida voyaga yetayotgan bolalar 6807 nafarni tashkil etadi. Xoʻsh, ushbu toifadagi nosogʻlom oilalarda farzandlar har tomonlama komil insonlar boʻlib ulgʻayadilar, deb kim kafolat beraoladi?! Bu muammoning bir tomoni. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinayotgan jinoyatlarni tahlil qiladigan boʻlsak, biz-kattalar- yanada xushyorroq boʻlishimiz lozim degan xulosaga kelamiz.
Yana bir statistik maʼlumotlarga eʼtibor beraylik. Maʼlumotlarga qaraganda, bolalarning «Mehribonlik uylariga kelib qolishi sabablari quyidagicha taʼriflanadi. Ota-onasi vafot etganlar 13 foizni, ota-onasi ruhiy kasallar 3 foizni, ota-onasi borlar 22 foizni, kam taʼminlanganlar 6 foizni, ota-onasi tashlab ketganlar 37 foizni, qamoqdagilar 19 foizni tashkil etar ekan. Demak, ota-onasi tomonidan tashlab ketilayotgan hamda ota-onasi bor bolalar koʻpchilikni tashkil etar ekan. Xulosa chiqarishga hamisha ulguramiz, biroq haqiqatdan koʻz yumib boʻlmas ekan. Yanada xushyorlik, yanada ogohlik davr talabi ekanligini qayta-qayta taʼkidlayveramiz. Ammo ayrim masʼuliyatsiz ota-onalar va kattalarning aybi bilan bolalar oila tarbiyasidan chetda qolib, turli nopok yoʻllarga kirib ketayotganliklaridan yoki jinoyatchiga aylanib qolayotganliklaridan koʻz yumib boʻlmaydi.
Toʻgʻri, masʼul tashkilotlar, oʻquv muassasalari, mahalla faollari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilyapti. Rejalar tuzilib, profilaktik ishlar muntazam olib borilmoqda. Biroq sogʻlom oila muhitida ona-onaning rolini hech kim bajaraolmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar Dasturi” va viloyat hokimligining bu yuzadan tasdiqlangan “Xorazm viloyatida yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi” talablaridan kelib chiqqan holda voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish borasida ichki ishlar idoralari tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Viloyat ichki ishlar idoralarining saʼiy harakatlari bilan ushbu Dastur ijrosi boʻyicha mahallalarda, taʼlim muassasalarida va yoshlar faoliyat koʻrsatayotgan korxona va tashkilotlarda masʼullar bilan hamkorlikda giyohvandlik, ichkilikbozlik va tamaki chekishga qarshi qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari va sport sogʻlomlashtirish tadbirlari oʻtkazildi.
Har yili Urganch tumanidagi “Shodlik” bolalar oromgohida viloyat ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlarning mavsumiy dam olishlari tashkil etilib, ular bilan turli tarbiyaviy, madaniy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarning gʻayriijtimoiy hatti-harakat va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishlarini hamda ularning koʻngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtlarida boʻlishlarini oldini olishga qaratilgan tadbirlar yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlar hamkorligidagi monitoring guruhlari tomonidan 188 marotaba qoʻshma reydlar oʻtkazildi. Ushbu reydlar davomida tungi paytlarda ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarsiz koʻngil ochish maskanlarida yurgan 36 nafar, huquqbuzarlik sodir qilgan 470 nafar va gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilgan 74 nafar voyaga yetmaganlar aniqlanib, qonuniy choralar koʻrilgan.
Voyaga yetmaganlarni tungi paytlarda ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarsiz koʻngilochar maskanlarga kiritgan 23 nafar masʼul shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 1882-moddasi tartibida qonuniy choralar koʻrilgan.
Shuningdek, farzandlarini gʻayriijtimoiy hatti-harakat, yaʼni tilamchilik qilishga undagan Bogʻot tumanida yashovchi 2 nafar ota-ona Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 188-moddasi tartibida javobgarlikka tortilgan boʻlsa, farzandlarini maʼmuriy huquqbuzarlik sodir qilishga, yaʼni yonilgʻi moylash mahsulotlarini sotishga undagan Urganch shahrida yashovchi 2 nafar ota-ona Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 1881-moddasi tartibida maʼmuriy javobgarlikka tortilganlar.
Yangibozor va Qoʻshkupir tumanlarida pornografik mazmundagi materiallarni tarqatish bilan shugʻullangan 2 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 189-moddasi tartibida javobgarlikka tortilgan boʻlsa, Urganch shahrida pornografik narsalarni tayyorlash yoki tarqatish bilan shugʻullangan bir nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 130-moddasi tartibida jinoiy javobgarlikka tortilganlar.
Bundan tashqari, maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan voyaga yetmaganlar va farzandlariga taʼlim tarbiya berish majburiyatini lozim darajada bajarmagan ota-onalarga nisbatan mahalliy hokimliklar huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalarga 872 ta hujjatlar yuborilgan. Komissiyalar qarorlariga asosan 415 nafar voyaga yetmaganlar va 208 nafar ota-onalar yangidan ichki ishlar idoralariga profilaktik hisobga olinganlar. Shuningdek, 19 nafar voyaga yetmaganlar maxsus oʻquv tarbiya muassasalariga yuborilgan, 9 nafar ota-onalar ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar.
Bu kabi raqamlarni yana koʻplab keltirish mumkin. Farzandining tarbiyasi bilan toʻliq shugʻullanmagan, bolani oʻz holiga tashlab yohud birovning tarbiyasiga berib qoʻygan ota-onalar ertaga oʻz majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun afsuslanib qolmaydilarmi? Har bir ota-onaning farzand oldidagi va aksincha har bir farzandning ota-onasi oldidagi muqaddas burchi va majburiyatlari bor. Konstitutsiyamizda ana shu huquqiy munosabatlarga qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan yuksak baho berilgan. Konstitutsiyamizning XIV- bobi «Oila» boʻlimi 64-moddasida «Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar» deyilsa, shu bobning 66-moddasida «Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar oʻz ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar» deya belgilab berilgan.
Muqaddas hadisi shariflarida «Kishining oʻz farzandini chiroyli odob-ahloq bilan tarbiyalashi koʻp miqdorda qilgan nafl sadaqasidan yaxshiroqdir» deyilgan. Farzand Olloh tomonidan insonga hadya qilingan ulugʻ neʼmat hamda omonotdir. Omonotga xiyonat qilib boʻlmaganidek, farzandlar oldidagi burchimizni vijdonan ado etmaslik adolatsizlikdir. Chunki bola taqdiri- bizning taqdirimiz.Ular mamlakatimizning kelajagini bunyod etuvchilardir. Shuning uchun farzandlarimiz taqdiriga befarq boʻlmaylik, hurmatli ota-onalar.
Dilbar BEKCHANOVA,
jurnalist