Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida 1992 yili Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yurtimizning buguni va kelajagi koʻzgusi boʻlib, unda xalqimizning irodasi, adolatli jamiyat barpo etishdagi intilishlari, ezgu-istaklari mujassamlashgan.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga konstitutsiya kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida shunday deydi: “Xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olingan huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida mustahkam huquqiy poydevor boʻlib kelayotgan Asosiy qonunimizning milliy taraqqiyotimizdagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida, gʻoyat ogʻir va murakkab bir sharoitda qabul qilingan Konstitutsiyamiz bergan huquq va imkoniyatlar tufayli el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan oʻtgan davrda hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida ulkan yutuq va natijalarni qoʻlga kiritdik… Dunyo miqyosida “Yangi Oʻzbekiston” degan ibora paydo boʻlib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora ortib bormoqda”.
Mamlakatimiz yetakchisining ushbu fikrlari haqiqat! Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan asosiy Qobusnomadir. Bugun jamiyatimizda qanday yutuq va marralarga erishayotgan boʻlsak, bularning poydevorida Konstitutsiyamiz – buyuk hayot qomusimiz turibdi. Konstitutsiyamiz suveren davlatimizning qonunchilik-huquqiy negizini shakllantirishning asosiy poydevori va mustaqil milliy davlatchiligimizning tamal toshi boʻldi. U inson manfaatlari uchun xizmat qilayotgan oliy hujjat vazifasini bajarmoqda. Asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirgani tufayli uni davlatimiz ramzi desak ham boʻlaveradi.
Shuningdek, Konstitutsiyamizda belgilangan davlatimiz ramzlari ham mavjud. Uning 5-moddasida shunday deyiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan oʻzbek davlat ramzlari – bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”. Bayrogʻi, gerbi, madhiyasi kabi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining koʻzgusi, timsolidir.
Nega shunday deymiz?! Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratdi. Shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori boʻlib xizmat qildi. Bosh qonunimiz davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagini taʼminlashda asosiy bosh huquqiy hujjat sifatida xalqning dilini, yoʻlini yoritdi!
Bosh qonunimizning oʻziga xos xususiyatlaridan biri xalqimizning boy tarixiy tajribasini oʻzida mujassamlashtirganligidir. Ushbu yilda Oʻzbekiston Konstitutsiyasi umumxalq referendumi asosida qayta qabul qilindi. Chunki, muayyan vaqt oʻtishi bilan har qanday qonun hujjatlarini zamon bilan hamnafas tarzda jamiyatning turmush tarziga moslashtirish zaruriy ehtiyojga aylanadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida ham ushbu jarayonlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi umumxalq muxokamasiga tavsiya etildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya uchun kiritilgan oʻzgarish va yangiliklar yuzasidan xalqimizning fikr-mulohazalari oʻrganildi. Fuqarolarimizning taklif — tavsiyalari inobatga olindi. Shuning bilan birga, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi ham mutaxassislar eʼtiboridan chetda qolmadi.
Mamlakatimizning Bosh qomusini yangi tahrirda jamiyat hayotiga tatbiq etish fuqarolarimizning farovon turmush tarziga xizmat qilmoqda.
Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bagʻishlab turli xil tadbirlar oʻtkazilmoqda. Maktabgacha taʼlim muassasalarida, maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida milliy gʻururni yuksaltirish maqsadida turli tadbirlar uyushtirilmoqda. Bosh qomusimizga bagʻishlangan insholar, rasmlar, fotolar tanlovi tashkil etilmoqda. Masalan, Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat boʻlimi va AOKAning Xorazm viloyat boʻlimi hamkorligida Urganch shahar 24-son ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari oʻrtasida “Konstitutsiya yosh musavvirlar nazdida” mavzuida koʻrik- tanlov oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi va Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi moliyaviy koʻmagi bilan bir guruh faxriy jurnalistlarning Samarqand shahriga sayohati tashkil etildi.
Ana shunday maʼnaviy -maʼrifiy tadbirlar zarurat ekanligini GUJUM.UZ sayti sahifalariga qaraganimda ham his qilaman. Saytimiz 2017 yili tashkil etilgan boʻlsa, u paytlarda kirill va lotin alifbosidagi sahifalarimizga kiruvchilarni alohida-alohida hisobini olardik. Lotin alifbosidagi sahifalarimizga krilldagi sahifalarimizga nisbatan koʻp oʻquvchi kirar edi. Ayniqsa, «Oʻzbekiston – allomalar yurti», Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston bayrogʻi, Oʻzbekiston madhiyasi, Navroʻz bayrami kabi mavzulardagi maqolalarga koʻplab mushtariylarning kirishini kuzatar edim. Soʻzsiz ular yoshlar, chunki ular lotin alifbosida oʻqishadi, turli tanlovlarda, tadbirlarda qatnashishadi, internetdan manba sifatida foydalanishadi.
Ulugʻvor bayramimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi barchamizga qutlugʻ boʻlsin! Yurtimiz yanada gullab-gurkirab yashnayversin! Vatan kelajagi boʻlgan farzandlarimiz ildizi baquvvat daraxtdek oʻsib ulgʻaysin va Vatanimizning yukini oʻz yelkasiga yuklay oladigan munosib farzandlar boʻlib ulgʻayishsin.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist