Ushbu tantanada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: ”Bu qutlugʻ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va moʻtabar Ona siymosiga taʼzim qilamiz”. Bu soʻzlar bejiz jaranglamadi. Zero, mamlakat kelajagi boʻlmish farzandlarning beshigini tebratuvchi onalardir.
Prezidentimizning yangiliklarga toʻla nutqini tinglar ekanman, onalik va bolalikka oid vazifalar ham qadimiy, ham navqiron, deyman beixtiyor!
Ona bola gulu lola, degan matal bor xalqimizda. Mamlakatimiz kelajagi boʻlgan bolani tarbiyalayotgan onani farzandi bilan birga goʻzallik timsoli gulga qiyoslanishi bejiz emas. Zero, gulga qiyoslanayotgan ona-bolani ardoqlash, goʻzallikni asrash, tinchlikni asrash demakdir. Tarix saboqlari shuni koʻrsatadiki, zavjai bolasini asragan erkakning ruhi tozarib, qalbi kengayib, oʻzi yuksalib boraveradi. Oʻgʻlon yuksalsa, qalʼa but va mustahkam boʻlaveradi, deydi donishmandlar ham.
Masalan, «Goʻroʻgʻli» dostoni xalq ogʻzaki ijodining eng qadimiy namunalaridan biri! U ozarbayjon, turkman xalq ogʻzaki ijodida ham kuylanadi. Asarning koʻplab variantlari mavjud. Biroq, bitta epizodi barchasida takrorlanadi. Qirq chiltonlar Goʻroʻgʻlidan ot kerakmi yoki zot, deb soʻrashganida, u ot tilaydi. Chiltonlar unga afsonaviy Gʻirkoʻkni armugʻon etishadi. Biroq, tanlashda adashganini taʼkidlashadi. Darhaqiqat, zurriyod qoldirish, goʻzal xulqli farzandlar tarbiyalash odamzotning zamin oldidagi farzi-yu qarzi, qadriyatlar ichidagi eng goʻzal aʼmoli, eng goʻzal anʼana, deb qaraladi. El-yurt havas qiladigan farzand tarbiyalash tuygʻusi barcha xalqu, barcha millatga birdek tanish va birdek aziz. Alpomishdek alp oʻgʻlon, Barchinoydek oy yuzli, goʻzal xulqli qizlar tavsifi har bir dostonu ertagimizda kuylanishi bejiz emas.Chunki mamlakatning kelajagi shular!
Men xotin qizlar bayramiga bagʻishlangan bayram tadbirini kuzatib oʻtirib, hatto, bayram munosabati bilan ikkita tashabbus, ikkita yangilikdan xursand boʻldim. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga berish boʻyicha yangi tartib joriy etildi. Shu bilan birga bu yil 28 nafar isteʼdodli qizimiz mazkur nufuzli davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Bu avvalgilariga nisbatan ikki marta koʻpdir. Ikkinchi yangilik, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.Albatta bu ayollarimizning ruhiyatini yanada yuksaltirdi.
Mamlakat rahbarining nutqini tinglab, mamlakatimizdagi ulugʻvor oʻzgarishlarni, islohotlarni birgina xotin-qizlar siyosati masalasida ham koʻrish mumkinligini his qildim.
Yaqinda “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unga koʻra koʻplab ulugʻvor ishlar amalga oshirilmoqda.
Farmonga binoan shu yil 1 apreldan boshlab fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etilmoqda. Endilikda 8 ming 800 ta bilimdon, jonkuyar mutaxassis ayollar oilaviy munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, barvaqt nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi boʻyicha doimiy ish olib boradi.
“Kelajak – bogʻchadan boshlanadi” degan shior ostida bu yil 3 mingdan ziyod bolalar bogʻchasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 ta bogʻcha yangidan quriladi, 1 ming 360 ta bogʻcha mavjud binolarda va 470 ta bogʻcha esa uy bogʻchasi sifatida tashkil etiladi.
Bogʻchalarni qurish bilan birga ularni yuksak saviyada ishlashi ham nazarga tutilgan. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar imkoniyatlari keng ishga solinishi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda tashabbuslar koʻpaymoqda, yangiliklardan dil yayramoqda, oʻzgarishlardan koʻzlar quvonmoqda.
Hatto, oʻzim faoliyat olib boradigan jurnalistika sohasiga eʼtibor bersam jurnalistikada dalillarni ifodalashga ham oʻzgacha yondoshilmoqda. Bu innovatsion gʻoyalar kuchayyayotganini koʻrsatmoqda. Masalan, bayram kunlari uzbekiston 24 tele dasturini tomosha qilib oʻtirib bir dalil, goʻzal qadriyat eʼtiborimni tortdi. Toshkent viloyati ichki ishlar yoʻl harakati boshqarmasi xodimlari Xotin qizlar bayrami bilan haydovchi ayollarni gul berib tabriklashdi. Zahmatkash haydovchi ayollar uchun bu kutilmagan voqea boʻldi. Ular bu eʼtibordan benihoya xursand boʻlishdi. Men ular bayram bilan tabriklashayotgan boʻlsa kerak deb oʻylagandim. Ushbu jarayonda goʻzal bir dalil qayd etildi. Toshkent viloyatida ayol haydovchilar tomonidan oʻtgan 2017 yilda yoʻl harakati qoidasi buzilmagan va ular javobgarlikka tortilmagan ekan. Qarang-ki, ayollar koʻchalardagi yoʻl harakati qoidalariga amal qilishda ham namuna boʻlib, yurt osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshib kelishayotganligi eʼtiborga molik. Ushbu misol kattami kichikmi baribir yangilik,koʻpgina ayollarni xushnud etdi.
Ha, hamma sohada katta oʻzgarishlar, islohotlar kechayapti. Biz bitta yoʻnalishni bitta sohani misolga oldik. Shu soha misolining oʻzida 2018 yil – yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb nomlanishi beʼjiz emasligini anglatib turibdi. Ushbu yilda mamlakatimizda nomiga munosib ulugʻvor oʻzgarishlar dillarni quvontirmoqda.
Gujum.uz sayti tahririyati ham opa-singillarni yurt tinchligi, xalq farovonligi va oilalar osoyishtaligi yoʻlidagi saʼy-harakatlarida omadlar tilab, 8 mart xalqaro xotin-qizlar kuni bilan muborakbod etadi.
Raʼno Zaripova,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist