Umrim kitobidan bir varaq oʻtdi,
Bir sahfa shodligu bir sahfa zahmat.
Kimdir doʻstim deya qoʻlini tutdi,
Kimningdir dastida sangi malomat.
Hayot degani shu, qalbning tubida
Qolgʻusi shodlik ham, qaygʻu ham qator.
Va lekin umrimni avval-soʻngida
Vatansiz tasavvur etmogʻim dushvor.
Sokinu ulugʻvor bong urar soat,
Oʻylarim charogʻin yana yoqurman.
Yangi yil daricha qoqqan bu fursat
Oʻlkam kamoliga xushnud boqurman.
Bormi undan boʻlak menga hech shodlik,
Bormi undan oʻzga tole va aʼmol?
Orzum ne, ne baxtga boʻloldim molik?
Undan ayri baxtni etdimmi xayol?
Dunyo bepoyondir, turfadir Inson,
Yulduzlar misoli beadad qismat.
Lekin baxtga oshyon boʻlsin bu jahon,
Insonga osoyish yor boʻlsin faqat.
Soatning intiho bongi ham tindi,
Qoldi yana bir yil orqada koʻrkam.
Qani, qoʻllaringni uzatgil endi,
Sevikli diyorim, navqiron oʻlkam!
Barchani yangi yil yangi kun bilan tahririyatimiz nomidan qutlaymiz. Yurtimizni, elimizni, oʻzimizni Olloh oʻz nuridan ayirmasin.