Mamlakatimizda aziz va moʻtabar ayol zotini ulugʻlash, ularning davlat va jamiyat hayotida tutgan oʻrni va nufuzini oshirish, xotin-qizlarimizning oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, sogʻlom va maʼnan barkamol etib tarbiyalash, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlarini munosib qadrlash maqsadida qishloq xoʻjaligi, sanoat, tadbirkorlik, fan-texnika, innovatsiya, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarda alohida tashabbus koʻrsatib, samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollarimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Xalqaro xotin qizlar bayrami tantanasidagi nutqida mamlakatimiz Prezidenti shunday deb taʼkidladi: Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirish, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasidagi munosib xizmatlari uchun xotin-qizlarimizdan bir guruhi davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida oʻzining noyob isteʼdodi bilan Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etgan atoqli olimlarimiz, shoir va adiblarimizning sadoqatli umr yoʻldoshlari ham borligini alohida taʼkidlamoqchiman. Ularning koʻpchiligi bugungi davramizda ishtirok etmoqdalar.
Haqiqatan ham, oʻzining ilmiy va adabiy maktabini yaratgan ulkan olim va ijodkorning rafiqasi boʻlish oson emas. Buni bilgan biladi, bilmaganlar bilib qoʻysa, faqat foyda boʻladi.
Mana shunday mehribon, oqila, zukko opa-singillarimiz oʻz umr yoʻldoshlari – mashhur ilm-fan va adabiyot namoyandalarini doimo qoʻllab-quvvatlab, ularga ilhom bagʻishlab kelganlari, maʼnaviy tayanch boʻlib, fidoyilik namunasini koʻrsatganlari har qanday yuksak tahsinga loyiqdir» .
Ular safida Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning rafiqasi, Toshkent shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondi rahbari Salyamova Nazira «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenini olishga muyassar boʻldi.
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa, yoqmasa,
Ularga qoʻshilib
Yigʻlasharmidik.
Biz baxtli boʻlamiz
Xudo xoxlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yoʻllarimga sep,
Kut meni, har oqshom,
Koʻkka oy chiqqan.
Faqat, yigʻlamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing — onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring sohillaridan.
Oʻzing ayt, senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun –
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil, yayra jonim,
Oʻrtanma gʻamda.
Gʻiybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorugʻ olamda.
Men esa oshigʻing
Sening — eng gʻarib.
Tundan soʻz qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista, tiz choʻkaman
Hozir oldingda,
Sevdim, sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli boʻlamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!