Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga bagʻishlanadi: Daryodil shoirni yod etib

0
350
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy anjuman oʻtkazildi. Tadbirda atoqli shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan film namoyish etildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid adabiyot rivojiga koʻrsatilayotgan eʼtibor ustoz ijodkorlar adabiy merosining barhayotligini taʼminlashda ham namoyon boʻlayotganini taʼkidladi.

– Omon Matjon soʻz yoʻlida beminnat zahmat chekkan, oʻz elini avj ohanglarda kuylagan ijodkor edi, – dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Uning nainki ijodi, balki sheʼriy toʻplamlari, dostonlarining nomlanishi ham kitobxonni maʼnaviy kamolot sari undaydi. Omon Matjon daryodil shoir ediki, sheʼriyatga ham daryodek kirib keldi.

– Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida adabiyotimizga bir guruh shoirlar ajoyib guldastadek kirib keldi, – dedi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Omon Matjonning adabiyot dunyosiga kirib kelganini muxlislar his etishdi. Omonjon soʻz topishda, topqirlikda namuna boʻlishga arzigulik ijodkor edi. Kitobxon uning sheʼrlarini oʻqigani sari oʻqigisi kelaveradi. Omon Matjon sheʼriyati xalq afsonalari, ertaklaridan otilib chiqqan sheʼriyatdir.

Adabiy anjumanda shoirning ijod yoʻli, sheʼr va dostonlarining ahamiyati, uning sheʼri bilan kuylanib, xalqimizning koʻngil mulkiga aylanib ketgan qoʻshiqlari xususida batafsil soʻz yuritildi.

Omon Matjon 1943 yil 14 fevralda Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi Bogʻolon qishlogʻida tugʻilgan. 1969 yilda Samarqand davlat universitetini tamomladi. Xalqimizning ardoqli shoiri qariyb oltmish yillik ijodiy faoliyati davomida «Ochiq derazalar», «Karvon qoʻngʻirogʻi», «Quyosh soati», «Yonayotgan daraxt», «Yarador chaqmoq», «Haqqush qichqirigʻi» kabi sheʼriy toʻplamlar, «Najmiddin Kubro», «Gaplashadigan vaqtlar», «Choʻldagilar», «Ming bir yogʻdu» kabi dostonlar, bir qator nasriy asarlar, maʼrifiy badialar yaratdi.

Jahon adabiyotining Fridrix Shiller, Sharl Bodler, Yevgeniy Yevtushenko, Rasul Hamzatov, Shandor Petyofi, Yustinas Marsinkyavichyus, Berdi Kerboboyev, Ibroyim Yusupov singari mumtoz va zamonaviy adabiyot namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan oʻziga xos maktab yaratdi. Uning turli janrlardagi asarlari dunyoning bir qator tillariga tarjima qilingan.

Istiqlol yillarida shoirning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon boʻldi. Vatanimiz ozodligi, xalqimizning erkin va obod hayotini tarannum etadigan koʻplab sheʼriy va nasriy asarlari, shonli tariximiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga oid kitob va risolalari adabiyot muxlislari, keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

Omon Matjon yuksak badiiy sheʼr va dostonlari, dramatik asarlarida Vatanimizga, xalqimizga, ibratli qadriyatlarimizga mehr va sadoqatini yuksak mahorat bilan tarannum etdi. Uning sermazmun asarlari xalqchilligi, hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib oʻrin egalladi.

Shoir koʻplab yosh ijrdkorlarga ustozlik qildi. Uning «Umr oʻtar…», «Tabassum qil», «Mening kimligimni el bilsa boʻldi», «Avvalgilarga oʻxshamas» kabi sheʼrlari xalqimizning mashhur sanʼatkorlari tomonidan kuylanib, milliy qoʻshiqchiligimiz durdonasiga aylangan.

Adabiy anjumanda shoirning ijod yoʻli xususida batafsil soʻz yuritildi. Omon Matjon sheʼri bilan aytiluvchi qoʻshiqlar kuylandi. Muxlislarga shoirning kitoblari tuhfa etildi.

Nazokat Usmonova, OʻzA muxbiri

Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludining 80 yilligi munosabatiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy anjuman poytaxtda, shoir tavallud topgan Xorazmda  va bilim olgan Samarqandda  boʻlib oʻtmoqda. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoirning “Tanlangan asarlar” kitobi nashr etildi. 

GUJUM. UZ cayti jamoasi ham oʻzbek xalqining sevimli shoirini yod etib, sheʼridan namunalar  taqdim etadi.  Shoirning oxirati obod boʻlishini Allohdan soʻrab qoladi. 

BIR XIVA — IKKI QALʼA
Xivada qalʼa bor qalʼa ichinda:
Biri Ichon qalʼa, birisi Dishon.
Mashhurdir birining nomi ochunda,
Biri nurab yotar benazar, beshon.
Ne sir bu? Bir yonda moviy tafakkur
Qulf urib turibdi osud, beozor.
Bir yon — tengsiz jangda yengilgan mugʻrur
Botirning loshidek qarovsiz va xor.
Ichon qalʼa bugun — Xorazm faxri,
Bahor naqsh gumbazlar, minor, sardoba…
Shundadir ul buyuk Mahmudning qabri,
Shundadir shon, gʻurur… Dishon — xaroba.
Xalqimning ustivor ruhi — zoʻr daho
Mungulik topgandir Ichon qalʼada.
Uni buzmasin deb tur-turfa balo
Qalʼa tiklanilgan Dishon — dalada.
Azaliy beomon bir hukmdir bu:
Odam — Dishon qalʼa, orzusi — Ichon!
Oz yashab koʻp mushkul qoʻrsa hamki u,
Ruhin qoldirmogi mumkindir omon.
Men bugun Xivada viqorli turgan
Asriy yodgorlardan tuyarkan maʼni,
Dedim: umr hikmatin bobongdan oʻrgan,
Asramoqni oʻrgan Ichon qalʼani!

OQSHOM. GAVJUM PARIJ
Yarim tun.
Parijda beuyqu kezib,
Gavjum bir hayotni koʻrdim nogahon,
Goʻyo ming-ming rangli chiroqlar chizib,
Koʻkdan yerga tushgan edi Qahkashon.
Tomosha, bazmga shoshilgan olam
Parijni poytaxt etmish chamasi.
Kun boʻyi nurlangan mavjlarin bu dam
Koʻchalarga solmish Sena daryosi.
Besharm filmlar, shahvat gullari
Qadamda koʻzlarga zoʻrlik qiladi,
Katta bir shaharning daha-yoʻllari
Goʻyo hayo uchun torlik qiladi.
Hech toʻy, hech anjuman boʻlmas behuda,
Nega parijliklar bedor bu chogʻlar?!
Bilsam, asl Parij hozir uyquda,
Bu yurganlar esa — begʻam sayyohlar…
Na deb izohlashni bilmadim buni,
Lol kezdim men Parij kechalarida:
Qiziq-da, oʻz xalqi urib uyquni,
Boshqalar sayr etsa koʻchalarida…

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.