OʻZBEKONA INSONPARVARLIK TUYGʻUSI

0
562
marta koʻrilgan.

2020 yilning 23 sentyabr sanasi Oʻzbekiston tarixiga alohida sahifalarda bitib qoʻyildi. Shu kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan birinchi marta OʻZBEK TILI – ulugʻ Navoiy tili jarangladi! Bunday tarixiy baxt davlatimiz Rahbari – PREZIDENT Shavkat Mirziyoyevga nasib etdi. Imonim komilki, ushbu sana yigʻilish qatnashchilarining, qolaversa, BMT solnomachilarining ham eʼtiboridan chetda qolmadi.

Har qanday soʻzning qaysi minbardan turib aytilayotganida ham hikmat koʻp. Muhtaram Prezidentimiz nutqini qayta-qayta tinglar ekanman, oʻzimizning qon-qonimizga singib ketgan jondek qadrdon oʻzbekona soʻzlarimiz baralla jarang­laganidan oʻzgacha gʻurur-iftixor tuydim. “Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat”, “muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik”, “huquq va erkinliklar”, “adolatli tizim”, “inson huquqlari”, “millatlar­aro totuvlik”, “dinlararo bagʻrikeng­lik” singari oʻnlab soʻzlar, iboralar, jumlalar zamonamizning jahon miqyosidagi eng dolzarb, eng nozik muammolariga taalluqli qarashlarni toʻlaqonli izhor etishga naqadar loyiq va qodir ekanligini koʻrsatdi.

Muammo esa koʻp – hayot insoniyat oldiga kutilgan va kutilmagan muammolarni koʻndalang qoʻymoqda. Ayrim davlatlar hududida yoxud mintaqa doirasida vujudga kelayotgan tabiiy va texnogen ofatlar globallasha borgani sayin ularni mahalliy sharoitlarda bartaraf etish imkoni qolmayapti. Binobarin, achchiq va sertashvish savol kun tartibidan tushmayapti: inson aql-idroki, tafakkuri, maʼnaviyati – salohiyati qattol va shafqatsiz savollarga javob topishga qodirmi? Nima qilmoq kerak? Bashariyatni istiqbolda qanday qismatlar kutmoqda?

Tarixning takrorlanishini ayt­maysizmi?! Dunyoning koʻplab mamlakatlariga vayronalik, qirgʻin keltirgan Ikkinchi jahon urushi BMTdek tuzilma vujudga kelishini taqozo etgan boʻlsa, oradan 75 yil oʻtgach, 2020 yilgi pandemiya balosi zamonaviy dunyo uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti qanchalik zarurligini koʻrsatmoqda. Axir, “dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi butunlay boshqacha tus olayotgan” bir mahalda birdan-bir toʻgʻri va oqilona yoʻl bor, bu – oʻzaro hamkorlik va oʻzaro ishonchga asoslangan muloqotdir.

Prezidentimiz alohida taʼkidlab oʻtgan qator masalalar – yoshlar hayotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ularni kelgusi hayotga munosib qilib tarbiyalash, jamiyatda ayollar faolligiga erishish, global iqlim oʻzgarishlari asoratini kamaytirish, barcha davlatlar parlamentlari faoliyatini yangi bosqichlarga koʻtarishga doir taklif va mulohazalar oʻzining hayotiyligi, ahamiyati va dolzarbligi bilan diqqatga sazovordir. Shu oʻrinda nutqda urgʻu berilgan yana ikki muammo xususida alohida toʻxtalish lozim.
Biri – Afgʻonistonda ijtimoiy barqarorlikka erishish, ikkinchisi – dunyo miqyosidagi qashshoqlik, kambagʻallikni bartaraf etish.

Afgʻonistonda oʻn yillar mobaynida davom etayotgan notinchlik tufayli ham “Qoʻshning tinch – sen tinch”, degan naql tillardan tushmay qolmoqda. Yaʼni jafokash afgʻon xalqining tinchligi – mintaqaning, jumladan, Oʻzbekistonning ham tinch­ligidir. Milliy-mahalliy xunrezlik qachongacha davom etishi mumkin?! Nahotki, barcha sogʻlom kuchlar birlashib ushbu muammo yechimini topmasa?!
Prezident Shavkat Mirziyoyev aniq taklif tashlamoqda oʻrtaga: “Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish lozim”.

Insoniyat aql-idrokining shiddat ila taraqqiy etib borayotgani hech kimga sir emas. Biroq hamon shunday ekan, yer kurrasining qaysidir hududlarida son-sanoqsiz insonlar ochlik, qashshoqlik, nochorlikdan aziyat chekayotgani – nobud boʻlayotganidan tashvishlanish eng aqli raso insonlar vazifasi, burchi emasmi?! Bir burda nonga, bir qultum ichimlik suviga zor, bemakon – bevatan koʻchmanchilikdan oʻzga ilinji qolmayotgan zamondoshlarimiz ogʻirini yengil qilish BMTdek eng nufuzli xalqaro tashkilotning burchi – missiyasiga aylanmogʻi darkor! Dunyoning qaysidir puchmogʻida och-nahor bandalarning mavjudligi oqil insonlarni behalovat etishi muqarrar.

Oʻzbekiston Rahbarining barcha gʻoyalari, takliflari oʻzining oʻzbekona insonparvarlik tuygʻulari bilan yoʻgʻrilgani, qatʼiyati va magʻrur ­jaranglashi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD,
yozuvchi

«Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasidan olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.