Oʻzligini anglash yoʻlidagi hikoyat

0
278
marta koʻrilgan.

Bir kuni mashhur ustoz Rumiyning huzuriga bir yigit kelib, dedi:

– Oʻzimni hech narsaga yaramaydigan, bir chaqaga qimmat odamdek his qilyapman, yashagim ham kelmay qoldi. Meni hamma omadsiz, ovsar deydi. Iltimos, Ustoz, menga yordam bering!

Ustoz yigitga bir nigoh tashladi va shoshib javob qaytardi: – Kechir, hozir judayam bandman, senga yordam berolmayman. Juda muhim ishim bor, – u bir oz oʻylab, gapida davom etdi: – Lekin, menga koʻmaklashsang,  men ham senga yordam beraman.

– Jonim bilan, Ustoz, – dedi yigit, yana oʻzini kamsitilayotgandek his qildi.

– Yaxshi, – dedi Ustoz va barmogʻidagi qizil toshli uzugini yechdi-da, unga berib, tayinladi: – Otga mingin-da, bozorga bor. Qarzimni berishim uchun mana shu uzukni sotishim kerak. Uni qimmatga sotishga harakat qil va aslo tilla tangadan arzoniga sotma! 

Yigit uzukni oldi va bozor tarafga otni choptirib ketdi. Bozorda u uzukni savdogarlarga koʻrsata boshladi. Lekin ular tilla tanga haqida eshitishlari bilan uzukka qaramay qoʻyishdi. Kimdir uning ustidan kuldi, kimdir esa yuzini burib ketdi va faqat bir qariya savdogargina unga bu uzuk uchun tilla tanga oʻta qimmat narx ekanligini, uzuk uchun mis tanga, juda oshib ketsa kumush tanga berishlari mumkinligini aytdi. Qariyaning soʻzlarini eshitgan yigitning kayfiyati tushib ketdi. Butun bozorni aylanib, yuzlab savdogarlarga uzukni taklif qilib sotolmagan yigit ortiga qaytib,  Ustoz huzurida boshini egdi.

 – Ustoz, topshirigʻingizni bajarolmadim. Men uzukni kumush tangaga sotishim mumkin edi, lekin siz faqat tilla tangaga sotishim kerakligini aytdingiz. Uzukning narxi siz taʼkidlaganingizdek emas ekan–  dedi u mayusgina. 

 –  Hozir judayam muhim soʻzni aytding, oʻgʻlim! Uzukni sotishdan oldin uning asl bahosini aniqlab olish kerak edi! Zar qadrinia zargar biladi, deydi halqimiz. Zargarning oldiga bor va undan uzukning narxini soʻra. Lekin, u qanday narx aytmasin, uzukni sotmasdan olib kel.

Yigit zargarning huzuriga keldi. Zargar uzukni uzoq sinchiklab tekshirdi, soʻng tarozida tortib koʻrdi va yigitga yuzlandi: – Ustozga aytib qoʻy, hozir bu uzuk uchun ellik sakkiz tilla tanga berishim mumkin. Lekin, vaqt bersa, uni yetmish tilla tangaga sotib olaman.

–  Yetmish tillaga-ya?! – ajablandi yigit va zargarga minnatdorchilik bildirib, xursand boʻlib ortiga qaytdi.

Ustoz yigitning xursandlik bilan aytgan gaplaridan soʻng dedi: – Yonimga oʻtir, gapimga quloq sol, oʻgʻlim. Sen mana shu uzuk misolsan. Qimmatbaho va takrorlanmas! Sening asl bahoingni faqatgina haqiqiy inson bera oladi. Shunday ekan, bozorda duch kelgan kishidan oʻz narxingni soʻrab nima qilasan?

– Tushundim, Ustoz ,-dedi yigit.

Darhaqiqat, qissadan hissa shuki, zar qadrini zargar biladi, inson qadrini inson biladi!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.