Mamlakatimizda mustaqillik yillarida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida qator chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilib, samarali amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, 1997-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida ushbu illat mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya eʼtirof etildi. Shu maqsadda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi” qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi.
Aytish joizki, hozirgi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim boʻlgan eng birlamchi masalalardan biri korrupsiya muammosidir. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro miqyosga koʻtarilib, jahon siyosatining muhim masalalaridan biriga aylandi. Binobarin, ushbu illat nafaqat islohotlar yoʻliga jiddiy toʻsiq boʻlishi, balki oʻtish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tugʻdirishi barchaga maʼlum.
Respublikamizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida qabul qilingan EKOSOSning Korrupsiyaga qarshi kurash rezolyusiyasi, Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi, xalqaro tijorat tashkilotlarida korrupsiya va poraxoʻrlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya, Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarning ratifikatsiya qilingani mazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini oʻtamoqda.
Inson borki, nafs bor, inson borki, xatoga yoʻl qoʻyadi. Nafs, manfaat tufayli insonlar nohaqdan nohaq hukmdor-u sudyalarning adolatsiz hukmlari jabrini chekadi.
Korrupsiya jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolar natijasida turli koʻrinish va shakllarda namoyon boʻladi. Davlat mansabidan foydalanib, noqonuniy mukofot-hadyalar(aniqrogʻi pora) olishga ruju qoʻyish koʻpincha islohotlar davrida yuz beradi. 1787- yilda qabul qilingan AQSH Konstitutsiyasida pora olish eng ogʻir jinoyat deb topilib, bunday hollarda hatto AQSH prezidentiga impichment eʼlon qilinishi mumkinligi qayd etildi.
XX asrning ikkinchi yarmiga kelib bir mamlakatdagi korrupsiya boshqa mamlakatlar rivojiga ham salbiy taʼsir etishi ravshanlashdi. Korporatsiyalar tomonidan xorijdagi oliy mansabdorlarni sotib olish ommaviy tus oldi. Oʻta darajada korrupsiyalashgan davlatlar uchinchi dunyo bilan cheklanmay qoldi,
90-yillarda sobiq sotsialistik respublikalarda yuz bergan liberallashuv jarayonlari tufayli mansabdorlarning oʻz vakolatini suiisteʼmol qilishi yanada kuchaydi. Ushbu illatning oldini olish uchun BMT 9 dekabrni “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” deb belgiladi.
Statistikaning guvohlik berishicha, poraxoʻrlik ayni paytga kelib nihoyatda tahdidli koʻlamga keldi. U ayniqsa, iqtisodiy jinoyatlar orasida yetakchi oʻrin tutadi. Bu illat oqibatida ishlab chiqarish uchun ajratilayotgan investitsiyalar miqdori kamayib, iqtisodiy oʻsish toʻxtaydi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda korrupsiyaning taʼsiri sababli berilayotgan xalqaro yordamlardan maqsadsiz foydalanish, ijtimoiy tengsizlikning oʻsishi kuzatiladi. U aksar hollarda uyushgan jinoyatchilikning kuchayishiga, turli jinoiy toʻdalarning mafiyaga aylanishiga va oxir-oqibatda jamiyatda ijtimoiy axloqning pasayishiga olib keladi.
Uning eng xavfli koʻrinishlari asosan jinoiy xatti-harakatlar hisoblanadi. Bunga eng avvalo, kamomad(oʻgʻirlik)ga yoʻl qoʻyish va poraxoʻrlik kiradi. Vakolatli mansabdor shaxsga ishonib topshirilgan resurslar va boyliklarni oʻz shaxsiy manfaati uchun sarflashi kamomad deyiladi. U oddiy oʻgʻirlikdan farq qilib, shaxs boshliqdan yoki mijozdan pul yoki mol-mulkni tasarruf etish uchun qonuniy ruxsat olgan boʻladi.
Aynan mana shu holat keyingi yillarda xalqaro korrupsiya muammosiga eʼtiborni qaratilishiga sabab boʻldi.
2016- yil 13-dekabrda “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullandi. Ushbu qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim dasturilamal boʻldi.
Ushbu qonun 6 bob 34 moddadan iborat boʻlib, uning 3-moddasida shunday taʼrif beriladi: “Korrupsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishdir.
Muxtasar xulosa shuki, qay bir jamiyatda, qay bir davlatda korrupsiya tomir yoyib, gurkirab yashnar ekan, oʻsha davlatning taraqqiyotida yuksalish abadul-abad roʻy bermaydi. Yuksaklik tomon tobora boʻy choʻzayotgan mustaqil Oʻzbekistonimizni har dam, har daqiqa bunday illatlardan asrash biz yoshlarning oldidagi masʼuliyatli vazifalardan biridir. Korrupsiya, nafaqat, rivojlanishni, balki, maʼnaviyatni ham boʻgʻuvchi illatdir.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Maʼnaviyat-eng taʼsirchan va qudratli qurolimizdir”.
Ruslan EGAMOV, Urganch aeroporti chegara bojxona posti katta inspektori