Yaqinda Urganch shahridagi 1-sonli maktabga yigʻildik. Sinfdoshlar ellik yildan keyin qayta uchrashdik. Bir zum bolalik damlarimizga qaytdik. Safimizdan besh yigit-qiz boqiy olamga rixlat qilibdi. Oʻtganlarni ezgulik ila yod etdik. Qizgʻin suhbatlar kechdi. Sinfdoshlarimni kuzatib, ularning har biri haqida alohida hikoya qilsa arziydi degan fikrga keldim. Bolalik doʻstlarim haqida turkum yaratish niyatim ham yoʻq emas. Bugun esa Poshshajon doʻstim haqidagi hikoya bilan tanishasiz.
Bekposhsha soʻzi xorazmcha boʻlib, “qizlarning sultoni, podshosi” degan maʼnoni anglatadi. Men uni oʻz onasi suyganidek “Poshshajon” deb erkalar edim. Qizlarning podshosi mening begʻubor bolaligimda topgan oʻrtogʻim edi. Biz u bilan ham sinfdosh ham kursdoshmiz. Bunday baxt kamdan kam insonga nasib etadi. Maktabning yettinchi sinfida oʻqib yurgan kezlarimizda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yil yakunida imtihon topshirish joriy etildi. Biz yetti qiz birgalikda bilim sinovlariga tayyorlanardik. Mashgʻulotlarni navbati bilan uyimizda oʻtkazardik. Ota-onalarimiz ovqatimizni tayyorlab turishardi. Oʻsha davrlarda biz bir-birimizga ustozlik qildik va oilaviy yaqinlikni ham yurakka tuydik. Matematikadan qiyin masalalarni yechishni bizning uyda boʻladigan mashgʻulotlarga qoldirar edik. Rahmatlik opam Roʻza(Olloh rahmatiga olsin, joyi jannatda boʻlsin,) bizga hamisha bu borada yaqin yordamchi boʻlardi. Biz yettalamiz soatlab oʻtirib yechadigan masalalarni u bir zumda yechib tashlardi va uni yechish yoʻllarini oʻrgatar edi. Akam esa bizni doʻstligimizni ragʻbatlantirib suratlarga olar va kelgusi toʻplanishimizga tayyorlab qoʻyardi. Har birimizning oilamizda bizning doʻstligimizga ana shunday goʻzal munosabatlar bor edi. Masalan, bitta voqea meni hech esimdan chiqmaydi. Biz Toshkentga oʻqishga bir sinfdan yetti qiz, ikki nafar oʻgʻil bola keldik. Hammamiz oliy oʻquv yurtlariga joylashib ketdik. Hech kim beumid boʻlib qaytmadi. Bunday baxt ham kamdan kam doʻstlarga nasib etadi. Quvonchimiz beadoq edi.
Oʻqishga kelishdan oldin maktab bilan xayrlashuv tantanasida Shukurjon bilan(Olloh rahmatiga olsin, joyi jannatda boʻlsin) arazlashib qoldik. Bir-birimiz bilan yarashishni istaymiz, biroq bolalik gʻururimiz yoʻl bermaydi.
Universitetda oʻqishni boshlaganimizning ilk haftasi edi. Yotoqxonaga joylashganman. Eshik taqillab qoldi. Eshikni ochsam Havojon opa(Olloh rahmatiga olsin, joyi jannatda boʻlsin) yetakchiligida sinfdoshlarim kelgan ekan. Havojon opa Shukurjon doʻstimning onasi boʻlish bilan birga oʻsha paytda Urganch shahar xalq taʼlimi boshqarmasining mudiri edi. Bizni yarashtirib, yana bir dasturxon atrofiga jamlab ketdi.
”Raʼno, seni insholaringni oʻqib, ular imtihonni beshga topshirib chiqishdi” deb koʻnglimni ham koʻtarib qoʻydi. Imtihon arafasida Dilbar doʻstim qisqa va loʻnda yozilgan ToshMi institutiga mos insholarni olib ketgan edi. Havojon opa shunga ishora qildi. “Havojon opa, doʻstlarimning bari bilimi yuksak, aʼlo bahoga oʻqiydigan zukko va dono qizlar” deya javob qaytardim men. Aslida ham shunday edi. Havojon opaning kuyinchak ona, bezovta qalb egasi, mohir pedogog ekanligini ana oʻshanda his qildim. Oʻshanda bor-yoʻgʻi bir marta arazlashdik. U ham kattalarning pand-nasihatlari tufayli yelday kelib, selday oqib ketdi. Bekposhshaning onasi esa bizni “qizim oʻziga yaxshi doʻstlar topdi, sizlarga koʻz tegmasin” deya alqar, mashgʻulotdan keyin oʻz qoʻli bilan pishirgan goʻmmalar bilan siylardi. Olloh rahmatiga olsin, joyi jannatda boʻlsin u kishi ohista oqadigan daryo misoli ayol edi. U kishini mehribon muloyim buvimga oʻxshatar edim. Buvimni koʻrgani koʻna qaʼlaga(Eski shahar) borsam, albatta u kishini ham yoʻqlab quyardim.
Bekposhsha ham mendek onamni istab uyga kelardi. Yetti qizning doʻstligi ana shunday chuqur ildiz otgandi. Qizlarning bari oʻqishni tugatib, Xorazmga qaytib ketishdi. Men uchun goʻyo Toshkent huvillab qolganday boʻldi. Anchagacha bu yoʻqotishga koʻnika olmadim. Butun vujudim bilan oilaga, ishga singib ketdim, yangi doʻstlar orttirdim. Biroq bolalik doʻstlarimning oʻrnini, qalbimning ushbu boʻshliqini hech narsa toʻldira olmasdi. Ana shu yetti qizning biri Bekposhsha edi.
Gavjum Toshkentda yashasamda yurtni, doʻstlarni doimo qoʻmsab yashadim. Yozgan maqolalarimning deyarli teng yarmi Xorazm haqida boʻlardi. Urganchga ish bilan borganimda qizlar toʻplanishar edik. Gohida kelganimni doʻstlarimga aytsam, gohida bildirmasdim, negaki, oila, ish, bola tarbiyasi bilan vaqt orttirishim qiyin kechardi. Ular bilan hamisha uchrasha olmasamda har biri haqida yoqinlarimdan soʻrab turardim. Ular Bekposhshani va boshqa doʻstlarimni oʻz opalaridek yaxshi koʻrishardi, doʻstlarim ham ularni koʻrib qolishsa, yugirib kelishar ekan. Bu gaplarni eshitganimda juda xursand boʻlardim. Bekposhsha esa xonadonimizga kelib, onam bilan tez-tez suhbatlar uyushtirib, oilamiz haqida koʻrsatuvlar tayyorlardi. Bu yangiliklarni ukalarimdan eshitib qolardim. Onaginam raxmatlik ham uning koʻrsatuvlarini hamisha bezar, milliy qadriyatlar, qadimiy urf-odatlar haqida soʻzlab berar edi.
Oʻsha paytlarda Bekposhsha el-yurt koʻz oʻngida edi. Xorazm televideniyasida milliy qadriyatlar boʻyicha koʻrsatuv tayyorlab, oʻzi boshlovchilik qilardi. Ana shunday koʻrsatuvlardan biri ”Bir kelib keting qishlogʻimizga” deb nomlangan boʻlib, unda qadimiy xalqona urf-odatlar, xorazmcha taomlar, laparlar, qoʻshiqlar, toʻy marosimlari targʻib-tashviq qilinardi. Yosh qizlarga bagʻishlangan “Davraga kir dugonajon” turkum koʻrsatuvi uchun Xorazm jurnalistlari orasida oʻtkazilgan tanlovda birinchilikni oldi. “Qishloq odamlarining taqdirlari” turkum koʻrsatuvida vohada yashayotgan turfa millat vakillarining doʻstona munosabatlari, bir-birining milliy qadriyatlarini ulugʻlab, bir-biridan oʻrganib, biri biriga oʻrgatitib ahil yashayotgani tarannum etilardi. Ushbu koʻrsatuvining bir nechta sonlari Markaziy “Oʻzbekiston” telekanali orqali ham namoyish etilgandi. Zero, u paytlarda viloyat telekanallarining mazmun-mahiyatli goʻzal telekoʻrsatuvlari Respublika telekanallarida ham takrorlash anʼanasi bor edi. Ekranda uning odamlar bilan suhbati xuddi bolaligimizdagidek samimiy oʻziga jalb qiluvchi edi. Xorazmcha shevada xorazmcha tashbehlarni, maqollarni, matallarni mohirona ishlatib, savollar berardi. Atrofimdagilar “ushbu uslubi toʻgʻrimi” deb soʻrashardi. Badiiy asarlarda ham personajlar gapiriltirilsa, adabiy tildan chekiniladi. Bu ham adabiyotning oʻziga xos qonuniyatlaridan biri deb qaraladi. Chunki, suhbatdoshni dilini topish uchun uning tilida gapirish kerak-da derdim.
Bekposhsha oʻz koʻrsatuvlarida elga maʼqul keladigan maqol, matal va tashbehlarni topib ishlatganida, Xorazm shevasining rang-barangligini, istiora-yu, oʻxshatishga boyligini yanada yaqqolroq his qilardi kishi.
“Islohot odimlari” turkum koʻrsatuvi esa mamlakatimizda mustaqillik yillarida qayta tiklangan qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, obod boʻlayotgan ziyoratgohlar, turli sohadagi ulugʻvor oʻzgarish, islohotlar haqida hikoya qilardi.
Biz u bilan Oʻzbekiston respublikasi jurnalistlarining syezdlarida uchrashib qolardik. Doʻstimning Xorazm jurnalistlarining faxri ekanligidan quvonar edim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatligiga nomzodim qoʻyilganida men bilan birga xalq ichiga kirdi. “Maktabning yoshlar uyushmasida seni bekorga siyosiy-maʼrifiy ishlar sektorining yetakchisi qilib saylamagan ekanmiz”- deb hazllashardi. “Seni ham madaniy- maʼrifiy ishlar boʻyicha sektor yetakchisi qilib saylaganimiz bekor ketmadi” deya javob berardim. Rasmiy uchrashuv tugaganidan keyin elimiz odamlari uni oʻrab olishar, hayoti va oʻzi bilan qiziqishar, savollar berishar, ayniqsa keksalar juda xush koʻrishardi. Va koʻrsatuvga boʻlgan munosabatlarini bildirishardi. Yanada qiziqarli chiqish yoʻllarini istaklarini aytishardi. U Xorazmning madaniyat va maʼrifat oʻchogʻi televideniyesida 45 yilga yaqin ishlab el oʻrtasida yuksak obroʻ eʼtibor topdi. El mehriga sazovor boʻldi. Oʻzi ham kasbidan quvondi, oʻzgalarning ham qalbini nurlantirdi. Insonlarga ezguliklar ulashib yashadi. Koʻplab shogirdlar tarbiyaladi. Yoshlarning har birini oʻzini oʻzligini topishida koʻmaklashdi. Ayni kunda Xorazm televideniyesining yetakchi muharrirlari Intizor Matchanova, Boltabika Jumaniyozova kabilar mohir soʻz ustalari uni ustoz deya ulugʻlashadi. Bugungi kunda Bekposhsha Xoʻjayeva desa, vohamizda barcha yaxshi biladi.
Deputatligimda Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markaziga maʼruza qilgani taklif etishdi. Bordim. Tadbirdan keyin bir yigit oldimga keldi. Oʻzini tanishtirdi.”Men ukangiz Soliyjonning kursdoshi, Bekposhsha opaning jiyani Alisherman. Biz qarindosh ekanmiz” dedi. Soʻzlaridan xursand boʻldim. Bekposhshaning akasi bilan kelinoyisi vrach boʻlib ishlashar, ular navbatchi boʻlgan kezlarida uni bogʻchaga olib borar edik. Bir paytlar kichkintoyni ”Alyosha” deb erkalar edik. Endilikda u Alisher Ozodovich boʻlganidan xursand boʻldim. Bekposhshaning akasi klinika bosh vrachi Ozod Xoʻjayev esa meni koʻrib oʻz singlisini koʻrgandek xursand boʻldi(Olloh oʻz raxmatiga olgan boʻlsin).
Bekposhsha yoshligidan oilani, ota-onani, opa-akalarni, qarindoshlarni muqaddas rishtalar deb bilardi. Shuning uchun togʻasining oʻgʻliga turmushga chiqdi. Mehnat faoliyatidan uzilmagan holda toʻrt farzandni tarbiyalab kamolga yetkazdi. Qizi Roʻzajon Sobirova pedogog, nemis tilidan dars beradi. Xalq taʼlimi aʼlochisi. U respublikada oʻtkazilgan “Yil oʻqituvchisi–2016” tanlovida birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Ikkinchi qizi Sadoqat Sobirova ham pedogog, u ingliz tili muallimasi. Vaqti kelganida tarjimonlik qilib turadi, Xorazmda sayyohlikni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. U Xorazm tarixini, obidalarini mehmonlarga ingliz tilida hikoya qilib berishni xush koʻradi. Oʻzi ishlayotgan kollejga mehmon kelsa u tarjimonlik qiladi. Ikki oʻgʻli esa tadbirkorlik faoliyatiga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda.
Hukumatimiz Bekposhsha Xoʻjayevaningg el-yurt oldidagi mehnatlarini munosib baholab, “Shuxrat” medali bilan taqdirladi.
Bolaligimni, yoshligimni oʻylasam yetti qizning doʻstligi, bir-biriga kuyinchakligi, bir-biriga yelkadoshligi koʻz oldimga kelaveradi. Ular meni yoʻqlab yotoqxonaga kelishganida, bir nimani bahona qilib yotoqxonada turadigan kursdoshlarim ularni koʻrgani kirishardi. ”Dugonalaringiz goʻzal, qadimgi aristokrat qizlarga oʻxshashadi” deb gapirishardi. “Qadimgi aristokrat qizlar boyvachcha boʻlishardi, doʻstlarim qalban, maʼnan boy aristokrat qizlar” deya javob qilardim. Bolalik doʻstlarimni eslasam, hamisha qalbim yanada intiqib ketaveradi. Xuddi tugʻishganlarimni sogʻingandek, ularni ham sogʻinaman, yoʻllariga intiq boʻlaman.
Qiz farzandlarimni, nevaralarimni “Poshshajon” deb alqayman. Nevaralarim bu soʻzning maʼnosini soʻrashadi. Tushuntirib beraman. Yetti nafar poshshajon doʻstlarim boʻlgani, ularning har biri bugungi kunda oʻz sohasining yetakchi mutaxassisi, podshosi ekanliklarini, har biri el orasida, yurtda oʻz oʻrniga egaligini, u qizlarning biri Bekposhsha ekanligini hikoya qilib beraman. Ularga bolalik suvratlaridan iborat albomni koʻrsataman. Doʻstlarim bilan tanishtiraman. Qalbim nurga toʻladi, kayfiyatim koʻtariladi.
Maktabni tugatganimizga ellik yil boʻlibdi. Ellik yil aytishga oson. Unga kim yetdi, kim yetmadi. Barcha sinfdoshlarimga, doʻstlarimga va ular qatoridagi poshshajonlarga ham sogʻlik-salomatlik tilayman!
Raʼno Zaripova,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist