QAYNONAM SABOQLARI: HAR SOʻZI HIKMAT EDI…

0
698
marta koʻrilgan.

Inson barcha narsani unitsa ham yangi hayotga, oila ostonasiga, kelinchaklik olamiga tashlagan dastlabki qadamlarini hech unitmaydi. Ana shu odimlarimni eslaganimda hamisha shukrona aytaman.

Katta xonadonga bosh kelin boʻlib tushdim. Qaynonam toʻqqiz nafar farzand koʻrib voyaga yetkazgan, mulohazali, ogʻir-bosiq ayol edi. Tong saharda koʻcha, hovlini supurib boʻlgunimcha qaynisingillarim nonushta tayyorlashardi. Bir kuni qoʻlimni yuvib endi qatorga qoʻshilib oʻtirsam, onajonim (qaynonam deyishga tilim bormaydi) imo qilib, meni chetga chaqirdi.

–   Qizim, bu hovli-eshik mengacha, siz kelguncha ham supirib-sidirilgan. Ukalaringiz, singillaringizning koʻzi sizda. Hech qayerda yosh kelin-kuyovni hayotga tayyorlaydigan maktab yoʻq. Ular uchun birinchi ibrat boʻlasiz. Yangi kelinchaksiz, qora gulli koʻylak kiyganingiz yaxshimas. Yosh kelinchakka yarashmaydi.  Sepingizdagi eng chiroyli kiyimlaringizni tepib-tepib kiying. Dasturxon boshida chiroyli liboslaringizni kiyib oʻtirsangiz, hammamizning bahri-dilimiz ochiladi. Uy yumushini hech kim tugatolmaydi. Kelinchaklik davringiz esa gʻanimat. Pardoz-andoz qilishga erinmang. Farzandlik boʻlgach, koʻp narsaga ulgurmay qolasiz. “Qush inida koʻrganini qiladi”, –degan naql bejizmas. Men oʻqimagan, bir omi ayolman. Bolalarimni hayotga tayyorlashda siz menga koʻmakchi boʻlishingiz kerak. Har soʻzingiz, kiyinish-yurish turishingiz – bir maktab ekani esingizdan chiqmasin, – dedi. Shundan keyin oilada oʻzimni erkinroq tuta boshladim. Mehmonday qimtinib emas, eng faol mezbonga aylanishga harakat qildim.

Uyimizga juda koʻp mehmon kelardi. Vodiyliklar udumiga koʻra, dasturxon yozishdan oldin qoʻlga suv quyiladi. Chilopchin bilan obdasta qaynonamning uyida yelim xalta bilan oʻrab qoʻyilar edi. Bir gal olib chiqib kelgan mehmonlarning qoʻliga suv tutdim. Ularni kuzatgach, oftobga qoʻyib quritilgan oʻsha anjomlarni oʻz joyiga qoʻyishim talab etildi. Bu holat menga uncha xush kelmayotganini yuz-koʻzimdan sezgan onam menga uqtira boshladi:

 – Bolam, qaynonam buncha injiq ekan, deb dilingiz xijil boʻlmasin. Birorta sandiq yoki javonimda qulf yoʻq. Bolalarimdan boshqa hech narsaning hisobini bilmayman. Ammo, toʻrtta narsaga hushyor boʻlishingizni talab qilaman. Dasturxon solishdan oldin mehmonning koʻzi tushadigan birinchi narsa – shu chilopchin boʻladi. Baʼzi xonadonlarga mehmonga borsangiz, kirlanib qorayib ketgan idishga qoʻl yuvasiz. Koʻnglingiz gʻashlanib, taʼbingiz xira tortadi. Bir bosh qoʻyni pishirib dasturxonga tortgan boʻlsa ham, oʻsha uyda taom yemayman. Choynakning joʻmragi kirlangan boʻlsa, choy ichgan piyoladan qaymoq yo tuxum isi kelib tursa taʼbim tortmaydi. Mehmonga kiyiladigan oyoq kiyim chiroyli, pokiza boʻlishini xush koʻraman. Bir marosimga borishdan oldin qizlarim kavush-mahsimni chinniday qilib artib tozalab qoʻyadi. Chunki, mezbon har ostona xatlaganda mehmonning oyoq kiyimiga koʻzi tushadi. Qoʻli bilan ushlab chetga oladi. Koʻcha supurayotgan paytingiz olisdan odamning qorasi koʻrinsa oʻzingizni chetga oling. Toʻyga otlangan odamlarning yuz-koʻzini changga burkab, koʻngliga ozor bermang. Oʻgʻlimning hurmatini qilsangiz ukalari ham qadr qilishni sizdan oʻrganadi.

 Aytganlarini qildim. Mehmonning oyoq kiyimi yoʻlda gʻuborlangan boʻlsa, yuvib, artib qoʻyishni oʻrgandim, bolalarimga ham shuni oʻrgatdim.

– Meni aytganim boshqa, sizdan koʻrgani “paraktika” boʻladi-da, bolam, – deganlari rost ekan. Qaynisingillarim ham tushgan joylarida tinib-tinchib ketishdi. Endi xotira sandigʻimni titkilab koʻrsam, onamizning har bir gapi, har ishining oʻzi bir maʼnaviyat darsi ekan.

– Men momoqaynonaning qoʻliga kelin boʻlib tushganman. Enam yurolmay bir joyda oʻtirardilar. Xizmatini qilganim uchun koʻp duo olganman. “Tuproq olsang – oltin boʻlsin bolam. Boshqorongʻilik paytingda koʻngling nima tusasa, enamga erimga, bolamga deb ilinib oʻtirma. Bu nozik palla sanoqli kunlarda oʻtib ketadi. Yuragingning ostidagini ehtiyot qilsang, hech narsadan siqilmasang, shu bir donagina sagʻirimning atorofi toʻla pahlavon boʻladi”, – deya yelkamni silab qoʻyardilar. Bu qaytar dunyo mendan sizga, sizdan keliningizga qaytaveradi, deb oʻz tarixidan ham gapirib qoʻyardilar.

Roʻzgʻorimiz toʻkis, yeb-ichish, kiyishdan hech kamimiz boʻlmasa-da, hammamiz teng mehnat qilardik. Ipak qurti boqardik, goʻdaklarimizni onamizga qoldirib, gʻoʻza chopiqqa chiqib ketardik. Mahalla qizlarining sarposini tikib oʻtirsam beminnatim taom pishirib yegani chaqirardi. Singillarim ham mendan chevarchilik sirlarini oʻrgandi. “Oila – katta saltanat, erning vaziri– ayol, ijrochi sizlar-da, bolam”,– deb, bizlarni erkalatib qoʻyardilar. Kitob oʻqishga vaqt toping, bolam. Shoir qizni kelin qildim, deb quvonganman. Charchasangiz, roʻzgʻor yuki ogʻirlik qilganda ota-onangizga borib dard aytmang, menga ayting. Siz endi bizning bolamizsiz, derdilar!

Qaynotamning ishdan qaytishiga alohida tayyorgarlik koʻrardik. Hovlilar supurilib, suvlar sepilardi. Oʻzi uchun ajratilgan koʻrpacha yozilardi. Onam qayerga toʻy-maʼrakaga borsalar ham, dadam ishdan kelganlarida uyda boʻlardilar. Hovlimiz jannatning oʻzi edi. Ularning biror marta dadamga gap qaytarganini, yoki buyurgan ishlarini malol olganini eshitmaganman. Bir kuni qaynotamdan nohaqdan koyish eshitgan onamga rahmim kelib: “Men bunday ish qilganim yoʻq, desangiz boʻlmaydimi, onajon, indamay ketaverasizmi?”,-desam: “Roʻzgʻor tarozisida biri baland kelsa, biri past kelishi kerak. Agar er-xotin teng kelaman deb, aravani ikki tarafga tortsa, oila but boʻlarmidi. Biri qahr qilganda, biri mehr bilan qarasa oʻrtadagi ilohiy rishta mustahkam boʻladi. Dadangiz ham birozdan soʻng oʻzi xato qilganini anglab, mulzam boʻladi”,- dedilar.

Qishin-yozin qoshidan oʻsma uzilmaydigan onamiz hammamizga oʻsma qoʻydirardi: “Bu dunyoga hammamiz mehmonmiz. Mehmonga borayotgan odam pokiza, chiroyli boʻlib boradi. Uyda xuddi mehmonday orasta boʻlinglar. Toki erlaringiz mening xotinim olamda eng sarishta, goʻzal ayol, deb quvonib yursin,” — derdi. Bir dasta sadarayhon solingan guldon doim xontaxta ustida turardi. Toʻngʻich farzandim dunyoga kelgan kuni, tong saharda hamshira bir quchoq gul bilan xonamga kirib keldi: Guldastalar bilan qaynonangiz keldi. Bizga atalgan gullar ham bor ekan, deb kulib qoʻlimga shishachada siqilgan oʻsma ham tutqazdi. Sevinib koʻzlarimga yosh keldi. Shu birgina mehr bilan barcha tortgan azoblarim yodimdan chiqib, dilim yorishdi. Bola bilan oʻralashib, uy yumushiga ortmay qolsam, onajonim: “Bitta bolaga shuncha abgor boʻlsangiz, keyin nima boʻladi”, – deb koyib berardi. Bir kuni qoʻshiq xirgoyi qilib beshik tebratib oʻtirganimni koʻrib, qizim, alla ayting, qoʻshiq boshqa, alla boshqa. Ona suti bolaga oziq boʻlsa, alla uning koʻnglini tarbiya qiladi, degandilar.

Endi  oʻzim kelin tushirib qaynona boʻlganimda, oʻsha kunlar bir-bir koʻz oldimdan oʻtadi. Qaynonam keng feʼlli ayol boʻlgani uchun men yaxshi kelin boʻldim. Oilam mustahkam boʻldi. Uch nafar farzand koʻrdik. Toʻngʻichimiz el xizmatiga yelka tutdi. Qizlarim oydek kelin boʻldi, tushgan xonadonida duo olib xizmatini qilishyapti. Gohida men qanday qaynona ekanman? — deb oʻylab qolaman. Kelinimga saboq boʻlguvchi qanday xislatim bor? Sal narsaga jizgʻanak boʻlib, birovning bolasini rangini sargʻaytirib qoʻymasmikanman, deb oʻylanaman. Biroq, lahza oʻtmay, qalbimga muhrlangan onajonim saboqlari bor-ku, nima gʻamim bor, deya shukrona qilaman.

Nabiramizning ismini Ominaxon deb, atadik. Qosh-koʻzi, qarashlari, tabiatidagi mayinlik ham xuddi onamizga oʻxshaydi. “Onajon” deb erkalaymiz. Hayot davom etadi. Yaxshidan bogʻ qoladi, degan ibora zamirida katta maʼno bor ekan. Ulkan daraxtlar ildizidan ungan nihollarimiz boʻyiga qarab quvonib yashashlik baxti hammamizga nasib etsin.

Munavvara USMONOVA, shoira

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.