Nosiruddin Burhonuddin Rabgʻuziyning mashhur asari Mustaqillik sharofati bilan tariximizga qayta kirib keldi. Sobiq sovetlar davrida hayoti va ijodi oʻrganilishi taqiqlangan allomaning ushbu mashhur asaridan namunalar 9 sinf darsligidan joy oldi. “Qisasi Rabgʻuziy” asari oʻzbek nasriy adabiyotining birinchi yirik namunasidir.
Mustaqillikdan keyin maktab darsliklarga kiritilgan, el orasida qadimdan mashhur boʻlgan bu asar “Paygʻambarlar qissasi” yoki “Avliyolar qissasi” deb ham yuritiladi. Zero, asarda Odam Atodan boshlanib, Muhammad alayhissalomgacha oʻtgan barcha paygʻambarlar haqida zikr etiladi. Kitobda afsonaviy paygʻambarlar bilan birga paygʻambarlashtirilgan shaxslarga (Dovud, Sulaymon, Iskandar Zulqarnayn) ham katta oʻrin berilgan.
Asar muqaddimasida aytilishicha, qoʻlyozma Xorazmda Rabotoʻgʻuz degan joyning qozisi Burhonuddin oʻgʻli Nosiruddin tomonidan musulmon dinini qabul qilgan, eʼtiborli moʻgʻul beklaridan hisoblangan Nosiruddin Toʻqbugʻaning iltimosiga koʻra, hijriy 709 (milodiy 1309-1310) yilda yozilgan Nosiruddin Rabgʻuziy asarni deyarli bir yillik tinimsiz mehnatdan soʻng hijriy 710 yilning hut (melodiy 1310 yil 21 fevral-21mart) oyida nihoyasiga yetkazadi. Bu haqida qoʻlyozmaning soʻzboshisida (Rabgʻoʻziyning oʻzi tomonidan) keng qamrovli sharh berilgan.
Mustaqilligimiz sharofati va bir guruh olimlarimizning saʼy-harakatlari bilan kitob javonlarimizdan oʻrin olgan Nosiruddin Burxonuddin Rabgʻuziyning (oxirati obod boʻlsin) qissasi Rabgʻuziy asari XIV asrning boshida yaratilgan boʻlsada hamon oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Sharqona falsafamizga, milliy qadriyatlarimizga hamoxang asar oʻz goʻzalligi bilan dillarni ravshanlashtiradi. Shuning uchun bu qoʻlyozmadan har bir kitobxon, jumladan maktab oʻquvchilari ham bahramand boʻlishini istadik. Uni yanada soddalashtirishga, hozirgi oʻzbek tilimizga moslashtirishga harakat qildik.
Qadimiy turkiy tilda yozilgan ikki jildli ushbu durdona asarning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva amalga oshirgan.
Bebaho asarning navbatdagi qismida Avj ibn Unuq qissasi bilan tanishtiramiz.
Avj ibn Unuq qissasi. Unuq Odam Atoning qizi boʻlib, Avj uning oʻgʻli edi. Toʻfonda u halok boʻlmadi. Chunki, suv uning tizzasidan kelardi. Togʻlar ustida oʻtirib, qoʻlini suvga tiqib baliqlarni ushlar va ularni oftobga tutib pishirib yerdi. Juda hamiyatli, toʻgʻri soʻz va sadoqatli edi. U umri davomida yoshi katta bir xotin oldi, yana yosh, goʻzal bir qizga ham uylandi. U yosh qiz bilan yashash uchun odam bormas bir chekkada baland togʻ ustida shinamgina uy qurdi.
Avj ish bilan ketganida qiz zerikib togʻning etagiga keldi. Bir yigitga koʻzi tushdi. Shaytonning vasvasasiga uchradi. Eriga bergan vaʼdasini unitdi. Ular bir-biriga oshiq boʻlishdi. Eri ish bilan ketganida suhbatlashib yurishdi. Ammo, qovushmoqqa hiyla topmadilar. Yigit bir kampirga dardini aytdi. Shayton vasvasasiga ilingan makkor kampir unga oʻrgatdi: «Oʻzing sigʻadigan bir sandiq yasatgin va unga kir». U shunday qildi. Sandiqning yonida kampir Avjni poylab oʻtirdi. U oʻtib ketayotganida dedi: ”Oʻgʻlim, sandiqda birovning omonati bor. Biroq, uni faqat senga ishonaman. Uyingda tursin”. Avj omonatni uyining yonida qoʻydi.
Avj yana ish bilan ketganida, xotini sandiqning qulfini ochdi. Yigitni chiqardi. Bir necha kun birga boʻlishdi. Avj kelganida, tupurilgan joyni koʻrdi. Koʻngliga shubha tushdi. Xotinini tufurtirib koʻrdi. Oʻxshamadi. Toʻgʻrisini aytishni talab qildi. Qiz haqiqatni gapirdi. Avj ularning ikkalasini sandiqqa joylab, jazoladi. Soʻngra kampirni izlab ketdi. Uni yerga otib yubordi. Tepasiga yozildi. Kampir najosat ostida qolib oʻldi.
Rivoyatlarda aytilishicha, Avj biror eldan oʻpkalasa, shaharchaning bir tomoniga bir oyogʻini ikkinchi tomoniga bir oyogʻini qoʻyib yozilar va shaharchani axlatiga botirib halok qilardi.
Yana bir rivoyatda aytilishicha Avj Muso paygʻambar davrigacha yashagan ekan. Musoning qoʻshini toʻrt yogʻoch yerni tutib turardi. Ularni oʻldirish Avjga hech narsa emasdi. U bitta togʻni qoʻporib qoʻshin ustidan tashlab yubormoqchi boʻlganida, Mavlo taolo hudhud qushga ilhom berdi. Avjning boshida turgan togʻni tildi. Togʻ uning boʻyniga xalqa boʻldi.
Undan keyin Musoga yorliq boʻldi, urgil deyildi. Muso bilan jang qila olmadi. Musoning boʻyi oʻn ikki qari edi. Yana qoʻlida hassasi bor edi. U yana oʻn ikki qari sakradi. Tayoqi Avjning tizzasiga tegdi. Avj yerga yiqildi. Muso qavmi uni yanchib tashladi. Bir oyogʻini oldilar. Uzunligi toʻrt yogʻochlik edi. Aytishlaricha, uni dengizga koʻprik qildilar.