Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. Unda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jilddan iborat ushbu bebaho durdona asarning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva amalga oshirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismida Odam Ato va Momo Havoning dilbandlari Qobul va Hobil haqida hikoya qilinadi.
Qobul va Hobil qissasi. HADIS: Qarindoshlarga silai rahm qilish, xush-xulqlik va yaxshi qoʻshnichilik-yurtni obod va inson umrini ziyoda etadi.
Qurʼoni Karimda shunday deyiladi: Sen ularga Odamning ikki oʻgʻli voqeasini haqiqat qilib oʻqib eshittirgin, vaqtiki, ular har ikkovlari qurbonlik qildilar, ularning faqat bittalarining qurbonligi qabul qilindi.
Odam Ato bilan Momo Havo ikkalasi qoʻsha-qoʻsha farzand koʻrdilarkim ularning avlodi qirq ming elga yetdi. Qachon Qobil tugʻilsa u bilan birga Iqlima otli gʻoyat goʻzal qiz tugʻildi. Ikki yildan keyin Hobil tugʻildi. U bilan tugʻilgan qiz Abudo esa gʻoyat koʻrksiz edi.
Odam Ato oʻz anʼanasiga koʻra Qobil bilan tugʻilgan qizini Hobilga, Hobil bilan tugʻilgan qizni Qobilga bermoqchi boʻldi. Biroq, Qobil unamadi. U oʻzi bilan tugʻilgan qizni soʻradi. Odam Ato shariat koʻtarmaydi, desa, u menga qarindosh boʻlsa, bu ham qarindosh deb talashdi. Odam Ato ularga qurbonlik qilishni buyurdi. Kimning qurbonligi qabul boʻlsa, koʻrkam qiz Iqlimani olishini aytdi. Hobil semiz qoʻy keltirib oyogʻini bogʻladi. Qurbonlik qilinadigan yerga joylashtirdi. Samodan olov kelib, qoʻyni kuydirdi. Qobilning qoʻyini kuydirmadi.
Iblis Qobilga dedi: Hobilning qurbonligi Odam Ato shuni xohlagani uchun qabul boʻldi. Chunki, uni yer yuziga oʻzidan keyin xalifa qilmoqchi.
Qobilning alami keldi, shayton vasvasasiga ilindi: Hobilni oʻldiraman, xalifalik ham, qiz ham oʻshanda oʻzimga qoladi, deya oʻyladi. Biroq, uni qanday oʻldirishni bilmas edi. Bir kuni dashtu biyobonda Iblisni koʻrdi. U bir qushni tutib, katta tosh tagiga joyladi. Ustidan katta xarsang bilan urib yanchdi. Qobil uni kuzatib, Hobilni ana shunday oʻldirishni rejalashtirdi. Hobil qumlikda dam olib yotganida tosh bilan urib oʻldirdi. Qon toʻkmak, odam oʻldirmak odamzotga Qobildan meros qoldi.
Paygʻambarimiz Muhammad al-Mustafo alayhis-salom shunday deydilar: “Kimki, bir yaxshi odatni chiqarsa, unga oʻsha odatning savobi boʻlur. Kimki, yomon odat chiqarsa,unga oʻsha odatning gunohi qolur va shuningdek, to qiyomat kuniga qadar oʻsha yomon odatga amal qilganlarning ham gunohi oʻsha odamga boʻlur”.
Qobil Hobilni oʻldirganida u yigirma yoshda edi. Qobil Hobilni bir qopga tiqib orqalab yurardi. Nima qilishni bilmasdi. Tangri ikki qargʻani yubordi. Ular urishdilar. Biri-ikkinchisini oʻldirdi, soʻngra tumshugʻi bilan yerni kovlab uni koʻmdi. Qobil uni kuzatib, oʻzining xayoliga shu ish kelmaganiga achindi. Biroq, qarindoshini oʻldirib qoʻyganiga afsuslanmadi, qargʻachalik aqlim yoʻq ekan, deb oʻkindi.
Tangri uch holdan Muhammad Mustafo alayhissalomga xabar berdi: Biz Bani Isroilga shuni hukm qilib yozib berdiki, kimiki biror odamni oʻldirmagan yoki biror fasot ish qilmagan bir tirik jonni oʻldirsa, u goʻyo tamom odamlarni oʻldirgan boʻlur va kimki bir jonni oʻlimdan saqlab qolsa, u goʻyo hamma odamlarni oʻlimdan saqlab qolgan boʻlar.
Ulamolar aytmishlar: Qobilning oʻkinchi Hobilni oʻldirganligida emas edi, aksincha qargʻachalik aqli yoʻqligiga edi. Oʻldirganiga oʻkinsa kofir boʻlmasdi. Odam Ato Hajga borish oldindan Hobilni koʻkka topshirdi. Men kelgunimcha saqlagil deb, u qabul qilmadi. Yeru togʻlarga iltijo qildi. Ular qabul qilishmadi. Qobil omonatga xiyonat qildi. Hobil oʻldirilganida tunu kun yer tabrandi. Hobilning qoni yerga suv singganday singdi. Odam Ato Hajdan qaytganida, barcha qavmi qarshilagani chiqdilar. Ular orasida Hobilni koʻrmadi. Soʻradi. Qobil aytdi: “Hobilning qoʻylari meni yaylovimga kirib qolyapti. Shuning uchun kelolmas”.
Odam Ato aytdi: “Sen bundoq dersan, biroq, Hobilning qoni yer tagida ingrayapti. Qobil aytdi: “Qani?” Odam Ato dedi: “Hobilning qoni toʻkilgan yerga Tangrining laʼnati boʻlsin”. Shu daqiqada Hobilning qoni yer yuziga qaytib chiqdi. Shu-shu qon yerga singmas boʻldi. U yerda oq tikanak birla yulgʻun undi. Choʻlu biyobandagi qurt-qushlar qochib, toqqa yashirindilar. Qarindosh orasida mehr-oqibat qolmadi deb, Odam Ato bilan Momo Havo yum-yum yigʻladilar. Odam Ato zor-zor yigʻlab marsiya aytdi. Yer yuzinda ilk marta sheʼr aytgan Odam Ato edi.
Tagʻayyarat ul biladu va man alayxa
Va vajhul arzi mugʻayyirun Masixu
Faajabahu iblis laʼnatulloxi alayha
Tagʻayyara kullu zi-lavnin va taʼmin
Va qad bashashtil vajhil malihu
Bi qatli Qobilin Hobilin axaxu
Fa yo asafa alal vajhis-sabihi
Va badalatil-arzu aslan va hamtan
Va fil-firdavsi anharun sabihun
Fa hal ana min hayotiy mustarihun
Va yo asafa ala Hobilin innani
Qatilan qad tazamannahu az-zarihu
Tanha alal-biladi va sakiniha
Va fil-firdavsi zaqa bika al fasihu
Val qalbuka min azad-dunyo murihun
Va ajabaku Havvou raziyallohu anha
Tunnaji fa innaka shaytanun lainun
Yafizu al vajhu malʼunun qabihun
Tavallu dahri kunta lana aduvvan
Lainan la yamutu fa tasmarihu
Rivoyatda aytilishicha: Qobil Hobilni oʻldirgach, iblis unga “Mavlo Taolo nega seni qurbonligingni qabul qilmadi, bilasanmi? Dedi. Chunki, sen oʻtga sigʻinmaysan. Butga sajda qilmaysan. Sharob ichmaysan”. Shundan keyin Qobil butga topindi, sharob ichdi, maishatlar uyushtirdi. Odam Ato bu haqda xabar topgach, Qobilni bu ishlardan qaytarmoq boʻlib, qirq ming yigitni joʻnatdi. Ular kelib Qobilni aytgandek koʻrdilar. Dunyodagi fosiq ishlar qiyomatga qadar Qobildan qoldi. Oxirat boʻlganida ular oʻz ahvolini koʻrib, Yaratganga yolvorib yigʻlagaylar. “Ey parvardigorimiz, jinu inslarni, bizlarni toʻgʻri yoʻldan adashtirganlarni koʻrsatgilki, biz ularni qadamlarimiz ostida olaylik, toki ular eng past xorlanganlardan boʻlsinlar”.
U holda xitob kelgay: Ey Iblis, doʻzaxiylar sani istarlar”. Iblis aytgay: Men ham ularni istarman. Mavlo Taolo doʻzax ichinda bir minbar qoʻydirgay. Iblis u minbarga chiqib: Albatta, men bundan ilgari meni sherik qilganlaringizdan bezorman. Oʻzingizning aqlu farosatingiz qayda edi?” Doʻzaxiylar javob berolmaslar.
Yana aytmishlarkim: Qobil Hobilni oʻldirgach, Iqlimaning qoʻlidan tutib, Yaman viloyatiga bordi, oʻtga sigʻina boshladi. Odam oʻgʻillaridan kim unda oʻtar boʻlsa, laʼnatlab bir tosh otar edi. Bir oʻgʻli koʻzsiz boʻldi. Uning yoniga keldilar. “Otang oʻz qarindoshlarini oʻldirdi” dedi. Koʻzsiz otasini tosh olib oʻldirdi. “Nega otangni oʻldirding?” deb soʻragan oʻgʻlonni ham oʻldirdi. Taʼma, fisqu fasod, yozuvlik tufayli Qobilning avlod — ajdodi ham halok boʻlib, doʻzaxiy boʻldi.
Yana bir xabarda andoq kelur: Odam Ato Yaratgandan Yerni mening izmimga bergil deb tiladi. Yerga farmon boʻldi. Odam neni aytsa shuni qilgʻil deb. Odam Ato aytdi: Yer yutsin Qobilni. U toʻpigʻigacha koʻmildi. Qobil qoʻrqdi. Aytdi: Ey, ota, rahm qilgʻil: Sen qarindoshingga rahm qilmading, iltijongni qanday qabul qilurman?. Yana Yerga farmon berdi. Yer uni tizzasigacha yutdi. U yana yalvordi: Ey, ota, sen jannatda gunoh qilding tangri seni kechirdi. Tila, meni ham kechirsin. Odam Ato javob berdi: Men bugʻdoy yedim. Sen qon toʻkding, qanday kechirsin? Yana yerga aytdi: “Yutgil!” Yer Qobilni beligacha yutdi. Qobil yana yolvordi. Ey, ota, Xudoning yuz ming ulugʻ rahmati bor. Uning toʻqson toʻqqizi Yer yuzidagi moʻminlarga, bir ulushi barcha odamlarga berilgan derding. Tilagil, menga oʻsha bir ulushdan bersin. Odam aytdi: Sen qarindoshlaringga rahm qilmading, ul rahmatdin senga ulush yoʻq. Yana yerga buyurdi. Yer Qobilni boʻgʻziga qadar yutdi. Qobil Odam Atodan umidini uzdi. Ollohdan soʻradi: Ilohim, otamdan eshitdim, seni Rahmon, Rahim ikki oting bor. Ul rahmonlik fazilating ila meni bu azobdan qutqargil. Qutqarmas boʻlsang, Rahmon otingni oʻzingdan ketkazgil. Ovoz eshtildi: Ey, Qobil men barchani azobdan qutqargayman. Rahmon otimni ketkazmagayman. Yerga xitob keldi: Qobilni joylashtir. Tangri farmoni bilan bir farishta keldi. Qobilning oyogʻidan tutib, mashriqdan magʻribgacha boʻlgan yetti yoʻlga chaldi, halok boʻldi.