Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Asarning navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz
Muso alayhissalomning Shomga borgani qissasi
Bani Isroilning umidi Misrga kirish, qolgan kibtiylarni qul qilish va ularni qilmishini ularning oʻziga qaytarish edi. Mavlo taolo ularning intilishini qoʻllab-quvvatlamadi. Farmon boʻldi: otalaringizning yeri Shom viloyati boʻladi, u yerga boring. Hammasi yoʻlga tushdilar. Misrda u paytda Homon hukmron boʻlib, firʼavn urugʻi yoʻq edi. Firʼavnlardan keyin Hamon yetti yil yashadi. Undan soʻng Hamon oʻgʻillari Misrda qirq yil podsholik qildilar. Qirq yildan soʻng choʻlu-dashtdan kelganlar yana Misrni oldilar. Ollohdan vahiy keldi: Shomga kirganda sajda qiling, uzr soʻrang, tavba qiling, “xitta” deg. Xitta butga, sogʻin sigʻirga sigʻingan kunlarimiz uchun tovba qilamiz degin maʼnoni anglatadi. Barchasi sajda qilgani keldilar: Ey, Xudo sanamlar ixtiyori bilan qilgan gunohlarimizni kechir. Ularning zolimlari xitta soʻzini xintata soʻziga oʻzgartirib yubordilar.
Shuay vafotidan keyin Musoga Tur togʻiga chiqishga vahiy boʻldi. Tur togʻiga chiqdi. Olloh Muso bilan gaplashdi. Musoga shariat yoʻli berildi. Tavrot otli kitob vaʼda qilindi. Oʻttiz ming yalavoch Tavrotning shariatida edilar. Bani Isroilga izzat va vahiy keldi: Ey, Muso, sizlarni yalavoch urugʻidan qildim, sizning avlodingizning bir qanchasi paygʻambar, bir qanchasi podshoh boʻlgaylar. Bir qanchasi ilmli, zohir boʻladilar. Sizga ezgulik qildim. Bizni yaratgan yorliqolsin desangiz Yaman viloyatiga otlaning. Otalaringizni Amoliqa otli dushmanlari bor. Ular bilan jang qiling. Sizlarga kuch-quvvat baxshida etayin».
Muso sevinib Tur togʻidan tushib keldi. Bani Isroilga xushxabarni yetkazdi, sevindilar, yarogʻlanib yoʻlga otlandilar. Amoliqa podsho u xabarni eshitib, juda qoʻrqdi. Firʼavn halok boʻlganini eshitgandi. Ular juda savlatli uzun boʻyli, kelishgan kishilar edilar. Ularni odiylar deyishardi. Ular azob — uqubat bilan qoʻrqitishardi. Muso aytdi: men sizlardan qoʻrqmasman. Oʻz koʻnglimcha kelayotganim yoʻq. Men tangri yalavochiman. Meni Ollohimni oʻzi asraydi. Imon keltiring, boʻlmasa jang qilamiz, — dedi Muso.
Odiylar sifati
Aytishlaricha, odiylar juda savlatli qavm boʻlib, ularning boʻylari uch yuz arshin (bir arshin-65.2 sm dan 112 sm gacha ), yelkalari koʻkraklarining eni 17 arshin edi. Muso ularga 12 kishini josuslikka yubordi. Rubil urugʻidan Shomil, Ibn Zakaz, Shamʼun urugʻidan Sobit ibn Jazʼin, Yaxudo urugʻidan Jaddi ibn Suri, Ashitar Qafo urugʻidan Salul ibn Malik, Baxso urugʻidan Jay ibn Qoʻqish, … urugʻidan Xaorlabil ibn Hamal, Loviy urugʻidan Juloyin ibn Malikiyo, Yusuf urugʻidan Yushaʼ ibn Nun yana Xurriy ibn Oshush, ibn Yamin urugʻidan Faltama ibn Dafrin. Ular kunduzi bekinib, kechasi yoʻl yurib manzilga keldilar. Manzilga yetganda bir uzumzorga kirdilar. Uzumzor egasi hosil olgani kelsa, ularni koʻrdi.
— Qaydan keldingiz,— deb soʻradi.
Ular qoʻrqqanidan rostini aytdilar. Uzumzor egasi olti nafarini bir yengiga, yana olti nafarini ikkinchi yengiga kiritdi. Undan keyin hosilni yigʻib, podshoh saroyiga olib bordi. Hosil bilan birga u odamlarni malik oldiga qoʻydi. Bundoq kishilar bizga yovlashmoq niyatida kelishibdi, deya izox berdi u. Podshoh ajablanib dedi: «Bunday ushoq, mayda kishilar qanday qilib elni boshqaradilar?»
Aytdilar: «Ular fikrlab el boshqaradilar? Ishonmasangiz ularning biriga ayting, otimga yem bersin». Malik shunday qildi. Ularning otlari ham haybatli edi. Otlarining oxurlari yanada ulkan edi. Unga osha bilmadilar. Qoziqlarni oxur tomonga qoqdilar. Odiylar yashirinib, tomosha qilar edilar. Qoqilgan qoziqqa oshib, yana qoziq qoqar edilar. Ana shunday qilib, otga yem berdilar. Ular qoziqdan qoziqqa oshib yem berguncha ot yemishini tugatardi. Otga yem berish vaqtida yemga yozildi. Siydik hididan ot yem yemas boʻldi. Uni koʻrib turgan odiylar malikka yetkazdilar. Podsho ularni oʻldiradigan boʻldi. Xotini maslahat berdi: «Bularning qoʻlidan nima kelardi, qoʻygil, yoʻliga ketsinlar, sizni kuchingizni oʻz yurtiga borib, aytsinlar. Ular qoʻrqib kelmagaylar».
Aytmishlar, ularning biri olti nafarini bir kaftiga, yana olti nafarini ikkinchi kaftiga qoʻyib bozorni kezdirdi. Shunday mayda kishilar dushmanlashgani keladimi deb barcha xaloyiq kuldi. Oziq-ovqat uchun malik ularga bir bosh uzum berdi. Koʻtara olmadilar. Uzun yogʻochni uzumga suqdilar. Va ip bilan bogʻladilar va olti nafari bir tomonidan va yana olti nafari ikkinchi tomonidan yelkalariga oldilar. Uylariga kelgunicha u yemish boʻldi. Ular yoʻlda maslahatlashdilar. «Odiylarni toʻgʻri tasvirlasak, qoʻrqadilar, jangga bormaydilar, — dedi Yushaʼ ibn Nun. Xotinlar ushbu soʻzlarni eshitdilar. Xotinlar bu voqeani erlariga aytdilar. Barcha erkaklar yuragini oldirdilar. Musoga aytdilar. Biz u elga bormaymiz, ular juda kuchli ekanlar. Bani Isroil dedi: «Ey, Muso madomiki, u zolimlar oʻsha shaharda ekanlar, biz unga aslo kirmasmiz, agar ular oʻsha shahardan chiqsalar unda biz kirajakmiz. Bor sen va parvardigoring ular bilan jang qilinglar, biz esa bu yerda oʻtiramiz». Muso Mavlo taologa yolvordi: «Meni bularga gapim oʻtmaydi, soʻzim oʻtadigan birgina akam bor. U bilan birga borib jang qilarman. U zolimlardan bizni qutqargil». Olloh tomonidan farmon boʻldiki, bu shahar ularga qirq yilgacha harom qilindi. Ungacha ular yer yuzida sargardon boʻlib yurarlar.
Davomi bor.