Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Asarning navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz
Yana yoninda (Muso yonida) qolganlar haqida
Oʻttiz tun oʻtgach, bani Isroil ahli yana Muso huzuriga keldilar. Qattiq oh-voh ila gapirdilar. «Bizni bir yonga eltgin yoki bizga ijozat ber, ketaylik. Sen qayerga borsang boraveramiz». Muso tong bilan qoʻzgʻaldi. Kechgacha yoʻl yurdilar. Manzilga yetdik deb oʻyladilar. Qarashsa tong bilan yoʻlga tushgan yerga kelibdilar. Yonidagi oziq-ovqatlari tugadi. Yilqi qoralarini yedilar. Hech narsa qolmasdan ojiz qoldilar.
Yana Musoga yolvordilar. «Barchasi masʼiyatingiz shumligidandir, dedi Muso va yana duo qildi: Ollohim, barcha sening qullaringdir, ular nodonlik qildilr. Bularni halok qilsang, Yaʼqub yalavoch urugʻidan senga sajda qiluvchi qolmaydi. Ey, Olloh oʻz fazling bilan bizga rizq ber», deya duo qildi.
Manna vas salvo deya karomat qildi Olloh Taolo. Manna yantoq shakari, salvo bedanaga oʻxshash qush. Ularni rizq qilib berdi. Bani Isroil ularni yeb chanqadilar. Vahiy keldi: » Tayogʻingni toshga ur», tayogʻini toshga urganida oʻn ikki buloq qaynab chiqdi. Har bir qabila oʻzining suv ichadigan joyiga ega boʻldi. Bir yil ushbu makonda yashadilar. Sovuq tunda chodir va kiyimlari jonga orom berardi. Kunduzi kun issigʻi kuydirardi, chiday olmasdilar. Yana Musoga yolvordilar. Muso Ollohga murojaat qildi, duo oʻqidi. Olloh bulutlarni ularning ustiga soyabon qildi. Toʻyguncha qush eti, shakar yedilar. Ulardan biri xudoning rizq berishiga ishonmay ertangi kun uchun goʻshtdan bir boʻlak olib qoʻydi. Tunda u goʻsht sasidi. Aytishlaricha, Odam Atodan Muso paygʻambargacha kechasi qolgan ovqat sasimasdi. Agar bani Isroil boʻlmaganida edi taom pishirilmasdi. Bani Isroil aytdi: «Ey Muso, bir xil taomga hech qanoat qila olmayapmiz. Parvardigoringga duo qil, bizga yerda unib oʻsadigan sabzavotlardan bodring, sarimsoq, mosh, piyozga oʻxshash oʻsimliklardan undirib bersin» — deyishganida, u yaxshi narsani past narsaga almashtirishni istaysizmi, qaysi shaharga tushsangizlar soʻragan narsangiz turibdiku dedi. Noshukrliklari sababli ularga xorlik va miskinlik yozib qoʻyildi. Ollohning gʻazabiga duchor boʻldilar. Butga sigʻinib, Olloh oyatlarini inkor qilganlar. Aytmishlar shu qirq yil ichida tirnoqlari oʻsmadi, sochlari taroqqa ehtiyoj sezmadi, toʻnlari eskirmadi, kir boʻlsa oʻtga tutardilar, kirlari kuyar, toʻnlari kuymasdi. Qirq yil dashtda yashadilar. Ammo u soʻz «Balʼam boʼur» duosi birla qoldi. Ular shukrona bildirmasliklaridan dashtda qoldilar.
Foyda: u dashtda Muso duosi bilan goʻzal toʻnlar kiydilar, yaxshi neʼmatlar yedilar. Biz Muhammad duosi ila jannat mevasini yeb Mavlo diydoriga muyassar boʻlsak degan umiddamiz.
Davomi bor.