“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Muso alayhissalom

0
432
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi  “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

 Asarning  navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

…Ularga aytdi: yoʻl bering, Abul Validga kirib aytar soʻzim bor.Ular kulishdilar. Abul Valid kim boʻladi? Bilmaymiz. Bu saroy bizning tangrimizniki deb Musoni tilamchi deb bildilar. Yoʻl bermadilar. Muso aytdi: siz yoʻl bermang, baribir men kiraman.

Musoni urmoqqa hozirlandilar. U tayogʻini koʻtardi. Shahar darvozasini urdi. U ochildi. Qirq darvozabonning hushi boshidan uchdi. Aytmishlar Firʼavn darvozasi oldida katta maydon bor edi. Har bir maydonning boshida zangilar, habashiylar, daylamiylar soqchi edi. Maydon boshida arslonlar, barslar, fil, it, toʻngʻizlar yotardi. Ularni boshqaradigan kishi boʻlmasa ichkariga kirolmas edilar. Muso maydon boshiga kelganida boʻrilar qoʻrqdilar, qochib firʼavn eshigiga bordilar. Firʼavn ularni koʻrib qattiq qoʻrqdi, darvozani zanjirlatdi. Muso darvozaga kelib, tayoq bilan xalqani urdi. Undan chiqqan sadoga firʼavnning soqoli oqardi. Darvozadan kirib Muso tayoqni yerga tashladi. U bahaybat ajdarhoga aylandi. Boshini koʻtarsa ogʻzidan oʻt chiqardi. U firʼavnga hamla qilganida qoʻrqib taxtdan yiqildi. Oyoqi yuqori boʻldi. Qullari Musoni urgani talpindilar. Muso qoʻlini qoʻynidan chiqardi. U kundek yaraqlar edi. Barchaning koʻzlari xira boʻldi. Firʼavn toʻnini sudrab qochdi. U  oqsoq edi. Bu kungacha hech kim bilmas edi. U suv yuziga taxtini oʻrnatgan edi. Aytishlaricha, u qoʻrqqanidan yozilib, toʻnlarini bulgʻadi.  U bilan birga qullar ham qochdilar. Muso Horun bilan firʼavn eshigiga bordilar. Firʼavnga kirsa soʻradi:

— Kimsan?

— Ikkimiz tangrining yalavochlarimiz.

— Nimaga keldinglar?

— Bani Isroilni biz bilan yuborgin.

Mufassirlarning yozishicha,  asli ajdodlari Shomdan boʻlgan  bani Isroil qavmining Misrga kelishib, uy-joyli va bola- chaqali boʻlib qolib ketadilar. Davlat tepasiga firʼavn kelgach, ularni qul qilib ishlatadi. Bunda Muso ularni ona vataniga Shomga olib ketmoqchi boʻladi. Ularning Misrga oʻrnashib qolishiga sabab, Yusuf alayhissalom davrida Yaʼqub paygʻambar avlodlari Misrga kelishib, shu yerda oʻrnashib qolib ketishgan edi.

Firʼavn Musodan qoʻrqdi, va soʻradi:

— Seni bilmaymiz?

— Uzoq yillar sen bilan birga edim, qanday tanimayapsan?

Firʼavn tanidi. Darhol ogʻib:

—Biz seni bolalik chogʻingda oʻz oramizda yaʼni saroyimizda tarbiyat qilmaganmidik? Sen umringning bir qancha yillarida bizning oramizda turgan eding-ku (Qurʼoni Karimning Shuaro surasi, 19-oyat).

Bu oyatni shunday tushunmoq zarur. Ey, firʼavn, sen meni bolaligimdan tarbiyalab oʻstirganingni menga minnat qilmoqdasan. Aslida nima sababdan men sening saroyingga kelib qoldim. Sen bani Isroil qavmini qul qilib, ularning barcha oʻgʻil bolalarini oʻldirayotganing uchun onam meni oʻlimdan qutulib qolarmikan deya umid qilib, sandiqqa solib daryoga oqizganida seni xotining meni daryodan tutib olgan edi-ku. Agar sen bani Isroil qavmiga bunday zulmu sitamlar qilmaganingda men ham oʻz ota-onambagʻrida  tarbiyalangan boʻlar edimku. Ana oʻsha qilmishingni neʼmat deb atashga uyalmaysanmi? Bu oyat oʻzga yurtlarni bosib oʻziga qaram qilib olgan, soʻngra “biz sizlarni tarbiyalab odam qilganmiz” deb daʼvo qiladigan barcha mustamlakachilarga berilgan javobdir. (R.Z.;N.S.)

Firʼavn aytdi:—Keyin nonkoʻrlardan boʻlib, qilgan qilmishingni qilgan eding. Yaʼni bir kibtiyni oʻldirib, qochib ketgan eding-ku.

—Oʻshanda men bu ishni bilmagan holda qilgan edim, soʻng sizlardan qoʻrqib qochib ketdim.  Keyin menga parvardigorim hikmat — ilm hadya etdi. Meni mursal paygʻambarlardan qildi. Sen ham imon keltir, kofirlikni qoʻy.

— Bilasan,  tangri menman. Yeru koʻkni men yaratdim. Barcha xaloyiq mening qulim.

— Seni bitta chivinni yaratishga quvvating yoʻq, yana tangriman deysan. Endi tovba qil, Olloh yorliqadi, kechiradi, yana toʻrt yil umr berar, mulkingni orttirar, yana jannatga kiritadi.

Firʼavn bu soʻzni eshitib, koʻngliga xush keldi.

— Ey Muso, qoʻldoshlarim bilan kengashayin, barchamiz birgalikda imon keltirgaymiz.

— Bani Isroil xalqi bu soʻzga quvonishdi. Firʼavn barcha beklarini chaqirdi, kengashdi, imon keltirishga mayl qildi, faqat ularning biri  Homon qoʻshilmadi:

— Sen xato qilyapsan. Koʻp yillar tangriman deding, bugun qullik qilyapsanmi, mol-dunyo, qoʻshinlaring bor, nedan qoʻrqarsan, u qochoqni tutib, eldan quvishga kuching yetmaydimi? Sarbozlaringga ayt. Darhol uni  halok qilsinlar. Kim unga qayishsa, u bilan jangga kiramiz.

— Undagi ikki narsadan qoʻrqarman. Biri qoʻlidagi tayoq , yerga tashlasa bahaybat ajdarhoga aylanadi. Yana biri quyoshdek yarqirovchi qoʻli. Uning yorugʻligi koʻzlarni xira qilur, nazari tushgan kishi qimirlay olmas. Ularni nima qilamiz?

— Bular sehru-jodugarlikdir. U bizdan ketgach, jodugarlikni oʻrgangan. Bizda ham jodu ilmi bilan mashhurlar bor. Ularni chorlaymiz, ular bellashadilar. Muso ulugʻ bilimli jodugardir.

Firʼavn mamlakatdagi jami jodugarlarni yigʻdi. Yigirma besh ming sehrgar yigʻildi. Ularning har biri gʻoliblikni daʼvogari edi.

— Muso jodulik bilan elingizni tortib olib, undan sizni haydamoq istar. Siz ne dersiz? —soʻradi firʼavn. Sehrgarlar 70 ming moʻjiza bilan shugʻullanar edilar. Ularning eng mashhurlari — Sobur, Hobur, Hathat, Bahsafi edi. Firʼvn ular bilan kengashdi.

— Katta ilmli sehrgar keldi. Tayoqini yerga tashlasa ajdahoga aylanadi. Bu sehrgarlikning siri osondir. Biz uni yengsak, haq berarmisan, soʻradi ular.

— Ne tilasangiz, berayin, albatta sizlar, menga yaqin odam boʻlib qolasizlar.

Muso keldi. Firʼavnni yana imonli boʻlishga daʼvat etdi. Firʼavn aytdi: Biz ham mamlakat sehrgarlarini yigʻdik. Bellashgin, koʻraylik.

— Biz jodugarlar emasmiz, Tangrining yalavochlarimiz, tangrniing farmoni ila kelganmiz. Imon keltirgin, bani Isroilni musulmonlarga bergin,- dedi Muso.

Homon gapga qoʻshildi, firʼavn oʻrniga javob berdi: Muso Homonni soʻzlatmadi.

— Sening huzuringga kelganimiz yoʻq. Javob firʼavndan.

Homon firʼavnga oʻrgata boshladi: — Soʻra kimga elchi boʻlib kelibdi?

Firʼavn soʻradi, Muso javob qildi:—Men senga Tangridan farmon keltirdim.

— Men oʻz mamlakatimning tangrisiman.

— Sen tangri emassan. Oddiy odamiysan. Seni va meni Tangrimiz bitta — yolgʻiz Ollohdir, u hamma narsaning yaratuvchisi, u toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi.

Ular Navroʻz kuni yigʻilishga kelishdilar. Keng maydon tanladilar. Minora bunyod etdilar, taxt oʻrnatdilar. Firʼavn va Homon u yerda oʻtirdilar. Firʼavnning boshi uzra qubba ham qurdirdilar. Uning kattaligi qirq qari (1 qari—qoʻl uchidan tirsakkacha boʻlgan oʻlchov birligi) edi.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.