“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
257
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi  “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

 Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Aytmishlar, Yaʼqub yalavoch Misrda vafot qildi. Uni Kanʼonga eltib, yerga qoʻydilar. Yusuf ham Misrda vafot etidi. Uni Misrga dafn qildilar. Muso yalavoch davrigacha u yerda edi. Muso uning suyagini Kanʼonga eltib, otasi yoniga qoʻydi.

Hadis: Muhammad Mustafo sallolohu alayhi va sallam yorliqar. Paygʻambarlarning jasadi yerga haromdir, yaʼni badani, suyagi chirimaydi. Ammo, ul kun Zulayho Yusufni uyga kiritib, oʻziga tortganida, Yusuf unga iltifot qilmadi.

Zulayho aytdi:

— Ey, Yusuf koʻzlaring buncha goʻzal charaqlaydi?

Yusuf aytdi:

— Bu koʻzlar lahadda soʻlgʻusidir, tuproq boʻlgusidir.

— Sochlaring taram-taram.

— Goʻrda bir-bir toʻkilar, —dedi Yusuf.

— Tishlaring sadafdek oppoq.

— Lahadda bari toʻkilar.

Yusuf Zulayhoning mendan koʻngli sovisin deb, ushbu javobni  aytardi. Mavlo taolo Yusuf Siddiqning soʻzlari rost boʻlsin deb etlarini chiritdi, soʻngaklarini ushatdi.

Yusuf paygʻambarning Zulayhoga  qovushgani haqida hikoya

Zulayho Rayyon malik bilan Aziz yonida Yusufga tuhmatni men qildim, degandan keyin. Aziz       Zulayhoni uydan tashqariga chiqarmadi. Bir necha vaqtdan keyin Aziz Misr  vafot etdi. Zulayho tul qoldi. Oʻn sakkiz yil umid bilan Yusufni kutdi. Misr ulugʻlari Zulayhoga sovchi qoʻydilar. U unamadi. Kundan kunga Yusuf muhabbatida dardi ortdi. Yusuf firoqida zor-zor yigʻlar edi. Barcha mulkini Yusuf ishqida fido qildi. Kim Yusuf otini etsa, undan xabar keltirsa ming oltin berardi. Moli tugadi. Yaʼqub yalavoch Yusuf firoqida qanday aziyat chekkan boʻlsa u ham shunday aziyat chekardi. Oʻn sakkiz yil ana shunday  kechdi.

Kunlardan bir kun Yusuf ovga otlandi. Zulayho uni eshitib, joriyasiga aytdi. Meni qoʻlimdan ushlab oʻtir dedi. Yusuf oʻtayotganda Zulayho tayoqni urib baland ovozda dedi: Hamda sano u Ollohga boʻlsunkim, u qulni sabr barokatidan podshoh qilibdir va podshohni shahvat falokatidan  qul qilibdir. Yusuf qoʻshin tovushidan Zulayhoning ohini eshitmadi. Mavlo taolo yelga farmon berdi. Zulayho ohi Yusufning qulogʻiga yetdi. U otning jilovini tortib, toʻxtatdi. “Ey, Zulayxo”. Uning ovozini eshitib Zulayho behush boʻldi.  Yusuf uni shu ahvolda koʻrib yigʻladi. Oʻziga keldi esa soʻradi:

— Koʻrkam jamoling qani?

— Seni firoqingda yoʻqotdim.

— Ul moling, davlating qani?

— Seni xabaringni keltirganlarga fido qildim.

— Koʻzing nechun koʻrmas boʻldi?

— Seni firoqingda yigʻlayverib koʻrmas boʻldim.

— Endi ne tilarsan?

— Yuzingni bir koʻrmak tilarman.

— Uni uyimga olib boring. Men kelgandan keyin olib kelasiz.

Zulayhoni Yusuf saroyiga eltdilar. Yusuf kelganida huzuriga olib kirdilar. Unda Yaʼqub yalavoch tirik edi? Zulayhoning qissasini eshitgan edi. Zulayhoni chaqirib hol-ahvol soʻradi:

— Ey Zulayho, Yusuf muhabbati hali ham dilingdami?

— Muhabbat oʻti avvalgidan ham kuchliroqdir.

Yusuf qoʻlida qamchi bor edi. Zulayho aytdi: Ey Yusuf, u qamchini menga tutgil.

Yusuf Zulayhoning ogʻziga tutdi. U oh urdi, ogʻzidan oʻt chiqib kuydirdi.

Aytishlaricha, u qamchi oltindan edi. Ogʻzidan oʻt chiqqanida u erib oqdi. Yusuf aytdi: Seni kumushdan buting bor edi, uni ne qilding?

— Bir kun u butga borib aytdim. Sakson yil boʻldi. Senga topinaman. Qaridim, kampir boʻldim. Bugun uchta hojatimni ravo qilgʻil dedim. Birinchidan navqironligimni qaytar. Ikkinchidan avvalgi koʻrkimni qaytar, uchinchidan koʻzimni nurafshon qilgʻil. Qancha murojaat qilsam-da sado boʻlmadi. Achchiqlandim, olib yerga urdim. Pora-pora boʻldi, oʻtga yoqdim. Endi senga keldim. Toʻrt hajatim bor, tangri taolodan tilab bergil. Qabul qilsang aytayin. Yusuf rozi boʻldi: Ne turur hojating, deya soʻradi.

— Birinchidan, avvalgi yoshligimni qaytarsin, ikkinchidan, koʻrkimni qaytarsin, uchinchidan, koʻzimni nurafshon qilsin. Shu  uch hojatimni bajo keltirsa toʻrtinchisini ham aytarman. Yusuf Yaʼqub yalavochdan duo tiladi. Yaʼqub yalavoch duosidan qaytadan navqiron  va goʻzal boʻldi, koʻzi ochildi. Zulayho darrov imon keltirdi. Musulmon boʻldi. Yusuf soʻradi: Yana bir istaging nima edi? Zulayho javob qildi: istagim shuki meni nikohlab olgin.

Yusuf achchigʻlandi. Uni tashqariga haydadi. Jabroil keldi. Yaʼqubga salom berdi va aytdi: “Ey Yaʼqub, Mavlo taolo yorligʻi Yusufga aytgil, qabul qilgan vaʼdasini bajarsin, nikohlab olsin”.

Yusuf qabul qildi. Toʻy belgilandi. Nikoh qilgali Jabroil keldi. Havo Momoni Odam otamizga nikoh qilishda Mavlo taolo pok zot – Jabroilni yoʻllagan edi. Jabroil xutba oʻqidi. Misr xalqi quvondi. Yaʼqub yalavoch Ollohga shukr qildi.

Aytishlaricha, Mavlo taolo Zulayho koʻnglidagi muhabbatni Yusuf koʻngliga ham soldi. Zulayho Mavlo taologa tunu kun ibodat qila boshladi. Yusuf muhabbatini unutdi. Aytishlaricha, qachon Yusuf kelsa qochar edi. Yusuf aytdi: “Ey Zulayho, hamisha men sendan qochardim. Sen ketimdan yugirarding. Endi ne boʻldikim, sen qocharsan, men ketingdan yugirarman”. Zulayho aytdi: Tangrini latif koʻrdim, unga sigʻindim, unga isindim. Endi oʻzim ham latif koʻrindim. Yana unga sigʻinaman.

Aytishlaricha, bir kun Yusuf Zulayhoga  yoʻnaldi, ushlamoq boʻldi. Zulayho qochdi. Yusuf unga yetib olib etagidan tutdi. Yirtildi. Zulayho aytdi: Ey Yusuf bu koʻylak oʻrniga koʻylak boʻldi.

Hikoyatda kelishicha, Bogʻdod xalifasi Xorun-ar-Rashid bir yil Bogʻdod xalqiga  osh berib, barchani sotib oldi, qullik bitigin berdi. Bir kun otlanib, kenglikka chiqdi. Jar soldirdi. “Ey Bagʻdod xalqi, kenglikka chiqing. Yana xazinada qancha oltin, kumush boʻlsa, barchasini xachirlarga yuklatib chiqardi. Qulluq hujjat-bitiklarini keltirdi. Jar soldirdikim,”Ey, Bogʻdod xalqi har biringizni Mavlo taolo roziligi uchun ozod qildim. Shuningdek, saroyimdagilarni ham ozod qildim.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.