“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
281
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi  “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

 Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Xorun xalqqa ozodlik bitiklarini berdirdi, mol- mulk ulashdi. U vaqtda bir joriya mol-mulkka qaramadi. Xorunning etagini tutdi. Xalq uni koʻrib hayratlandi, soʻradi: Ey, zaifa barcha ozodlik bitigini qoʻlga kiritdi, mol-mulk oldi. Sen qayrilib qaramassan. Aytdi: Barcha molk-mulk ozodlikni undan oldi, men uni etagini tutdim. Barcha murodim undan hosil boʻladi. Xuddi shuningdek, Zulayxo aytdi: Ey, Yusuf men seni sevdim. Koʻngil berdim, yalbordim menga boqmading. Arzimni eshitmading. Ollohga koʻngil qoʻydim. Unga murojaat qildim. Murodim hosil boʻldi. Va mavqeimni avvalgidan ziyoda qildi. Oxiri sendek suyukligimga erishtirdi. Uning ijozatiga, uning marhamatiga sajdadaman.

Misr xalqi  Zulayhoga hadyalar keltirdilar. Zulayho ularni Yusufning qarindoshlariga berdi. Yusuf  bilan Zulayho oʻn sakkiz  yil umrguzaronlik qilishdi. Yetti farzandli – besh oʻgʻil, ikki qizli boʻlishdi.

Aytmishlar, Yusuf bilan Zulayhoni nikohlagach, ular yolgʻiz qoldilar. Zulayho aytdi: Ey, Yusuf, men seni qattiq sevganimga sabab koʻrking, jamoling bor edi. Goʻzallikni sevmoq ayb emas. Ikkinchidan erim menga yaqinlashmas edi. Oʻn sakkiz yoshda uyiga keldim. Biroq, er bilan qovushmoq lazzatini bilmadim.  Qachon  erim menga yaqinlashsa, qattiq baqirib qochar edi. Soʻrasam aytar edi: Qachon senga yaqinlashsam, orqangda ikki arslon menga hamla qiladi. Ulardan qochaman.

Yusuf aytdi: “Ey Zulayho u ikki arslon emas, farishtalar edi. Mavlo taolo buyrugʻi bilan seni kofirdan men uchun asragan”. Qachon Yusuf Zulayhoga qoʻshildi esa, Zulayho onadan tugʻmishdek bokira edi.

Sheʼr

Iki nangdin seni suvdim, ey, koʻngillar ziynati,

Ermadi oʻynashliqdin ushbu nafsim ragʻbati.

Sanda koʻrk erdi malohat manma yosh oʻgʻlon kichik,

Koʻrsa koʻrkluklarni suvmak anbiyolar siyrati.

Ikilanch erim Aziz gʻannin erdi belguluk,

Tirik erkancha tugalga zohir erdi gʻunnati.

Nogahon erim Aziz oʻgʻrayu kelsa ul manga,

Qochururdi ani mandin ikki arslon haybati.

Man onadin tugʻmushimtek ham erurman ushbu kun,

Emdiga tegru tanimga tegmadi er lazzati.

Aytayin shukrin iziga toat ichra qatlanib,

Qayda bilinur tekmalarga ushbu neʼmat qiymati.

Koʻrkda usmat, ishqda vuslat, mulk, nubuvvat bu qamugʻ

Qullar uzra gar telim bor mavlomining minnati.

Aytmishlar, Mavlo taolo yalavochlarga qaysi ayolni taqdir qilsa, ul ayolni kofirlardan asragan. Zulayhoni Yusuf uchun saqlagan.

Savol: Yalavochimiz Muhammad Mustafo Xadichani yuzi ochiq olmadimi?

Javob: Mavlo taolo yalavochlarga tishilarning burungi erlarini biror xil illatga mubtalo qiladi, Azizi Misr kabi xotinlariga qovusha olmaydilar.

Yigirma yildan soʻng Yaʼqub yalavoch vafot etdi. Rayyon malik ham olamdan oʻtib, oʻgʻli otasi oʻrniga oʻtirdi. Ammo, barcha mulkni Yusuf bilar va boshqarar edi.  Otasidan soʻng 24 yil yashadi. Undan keyin uch oy yetti kun ogʻridi. Umri oxirlaganda munojaat etdi: Iziyo, menga podshohlik ato qilding, yana tush ilmini, yana shariat ilmini oʻrgatding.

Savol: Yusuf aytgan mulk qayda edi? Bunga yetti xil javob bor: Aytmishlar, avvalgi javob, Yusufga hasad qildilar, unga nazar nafas berildi. Ikkinchi, goʻzallik mulkining  sultoni edi. Uchinchi javob. Koʻngil mulki edi. Koʻrganlar Yusufni sevdilar. Koʻrmaganlar eshitib sevdilar. Toʻrtinchi javob: juvonmardlik mulkining sohibi edi. Aytishlaricha, ochlik yillarida Yusufdan juvonmardroq yoʻq edi. Beshinchi javob: yalavochlik mulki edi. Oʻn sakkiz yoshida paygʻambarlik hosil boʻldi.  Oltinchi javob: Mavlo taolo taqdir etmishiga rizo edi. Otasiga koni erdi. Yettinchi javob: barchasidan ochiqroq Misr mulki edi…

Shu yerda qoʻlyozmadagi Yusuf va Zulayxo dostoni uzilib, keyingi sahifadan boshqa rivoyat boshlanadi. U rivoyatning boshlanish qismi ham qoʻlyozmada mavjud emas. Keyingi rivoyat Muso paygʻambar haqida boʻlib, uning ham tavalludlari aks etmagan.

Davomi bor.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.