“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
281
marta koʻrilgan.

Yamin aytdi: Erklisan, oʻzing bilasan. Yusuf ularni uch kun siyladi. Yana har biriga bir teva berdi, yana yoʻliga yetarli oziq-ovqat bilan siyladi. Ibn Yaminga bugʻdoylarni soldirdi.

Yusufning suv ichadigan idishi  bor edi. Uni yashirib, Yaminning yuklari orasiga berkitdi.  U idish kumushdan boʻlib, Qurʼoni Karimda siqoya deb  tilga olinadi. Siqoya-arab tilida suv idishi demakdir. Yana bir yerda savogʻ dedi. Savogʻ arabcha sogʻu boʻladi. U sogʻu toʻrt oyoqli  boʻlib, har biri  qadimiy gavharlar bilan bezangan edi. Ichida va tashqi tomonida uch yuz oltmish mehrob boʻlib, uning har birida sohib shariatining surati bor edi. Uning toʻrt tomonida toʻrt qimmatbaho gavhar oʻrnatilgan edi. U juda qimmat va goʻzal sogʻu edi. Barchalari Yusufni duo qilib, iziga qaytdilar. Yoʻlda Aynush-Shams nomli shahar bor edi. Unda dam olgani tushdilar. Ovqatlanib ketayotganlarida Yusuf toʻrt ming askari bilan yetib keldi. Jarchi xabar yetkazdi: “Bu sizni oziq-ovqat olgani keldinglar desak, oʻgʻri ekansiz”.

Naql: Aytishlaricha, oʻgʻrilik toʻrt xil boʻladi: mol oʻgʻrisining  qoʻlin kesarlar; soʻz oʻgʻrisini oʻtga kuydirarlar; namoz oʻgʻrisining yuzini shuvut qilarlar; sogʻu oʻgʻrisini olib qolurlar. Samimiyat bilan siylarlar. Aytmishlar, oʻgʻri degan nomin olishdan ogʻiri yoʻq. Uning jazosidan ogʻiri yoʻq. Uning jazosidan ogʻir qin ham yoʻq. Sogʻ qoʻlni kesadilar. Zero qoʻl bilan  taom yeyiladi, tahorat qilinadi, masx qilinadi, sogʻ qoʻl ezgulikdir. Shunday aziz qoʻl yarim chaqalik oltin uchun kesilarmi?

Yoqub yalavoch oʻgʻillari bu xabarni eshitib, kuchlari, quvvatlari qolmadi. Jarchi yana aytdi:”Malikning sogʻusini bergan kishiga bir teva bugʻdoy beriladi”.

Savol: Oʻzga mol aytmasdan, bugʻdoy tilga olingani sababi ne edi?

Javob: Ocharchilikda bugʻdoydan ulugʻ, qimmatbaho narsa yoʻq. Shuning uchun bugʻdoy deyiladi.

Aynush Shamsning erkagu ayoli tomoshaga chiqishib, qadahni qaytarib berishsa yaxshi edi, bir teva bugʻdoy ham olishardi, deb gapirar edilar. U paytda Yusuf 4000 oʻgʻloni bilan yetib keldi. Oʻlchov idishni topdilarmi, dedi Yusuf karvonning ulugʻlariga.

Ular dedilar:”Ollohga qasamki, bizlar oʻgʻri emasmiz. Axir biz bu yerga buzgʻunchilik uchun kelmaganimizni bilasizlar-ku. Avvalgi kelganimizda yuklarni ichidan chiqqan narsalarni qaytarib olib keldik. Kanʼondan chiqqan, tevalarning  ogʻizlarini bogʻladik, kishi mulkida ungan oʻtlarni yemasin  dedi Oshingni yeb yana oʻgʻrilik  qilamizmi?”

– Agar yolgʻon aytsangizlar oʻgʻrining jazosi nima boʻlur? Soʻradi jarchilar.

Ular dedilar:

– Kimning yuki orasidan topilsa, oʻsha jazolanur – qul qilinur. Biz  oʻzgalarga oʻgʻrilk qilib, zulm qilganlarni ana shunday jazolaymiz. Ular axtarishni katta birodarlaridan boshladilar va  Yaminning yuki ichidan topib oldilar. Misr podshohining dinida oʻgʻrilik uchun qul qilib olib qolish yoʻq edi. Shuning uchun oʻzlaridan soʻratgandi.

– Agar Yamin oʻgʻrilik qilgan boʻlsa, ilgari birodari ham oʻgʻrilik qilgan edi, – dedilar. Yamin oʻgʻrilamadim, deya zorlandi.

Savol: Ibn Yamin sogʻu oʻgʻirlamadi.  Yusufga ukasini Olloh taolo ana shunday qilib yaqinlashtirib berdi. Bari Olloh taolo izmidadir.

Savol: Yusuf oʻgʻrilik qilmagan edi, shuning uchun birodarlari uni oʻgʻrilk qilgan edi, dedilar?

Javob: Yusufning xolasi Yoqub yalavochning nikohida edi. Shuning uchun Isʼhoq yalavoch  qurini Yusufga  bildirmayin toʻni ichiga solib qoʻydi. Qur yoʻqotdik, deb Yoqub yalavochga keldilar. Izlab Yusufdan topdilar. Ularning shariaticha bu mening oʻgʻlim, deya  Yusufni qullikdan olib qoldi. Shu sababdan Yusufni oʻgʻrilik qildi derlar.

Birodarlari dedilar: Yaminning keksa otasi bor. Uni olib qolsang qattiq kuyunar.  Oʻrniga birimizni olib qol. Zotan bizlar seni chiroyli  amallardan qilguvchi zotlardan ekanligingni koʻrmoqdamiz.

– Idishimizni yukidan topib olgan kimsadan oʻzgani  olib qolsak,  zolimlardan boʻlarmiz. Olloh saqlasin.

Savol: Nega otalarining yalavochligini shafe keltirmadilar? Keksaligini gapirdilar?

Chunki, yalavochlikni musulmonlar eʼzozlaydilar. Ular Misr ahlining dinini bilishmasdi? Keksani hurmatlash esa  barcha dinu  xalqda mavjud.

Davomi bor.

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.