“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
261
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi  “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

 Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Yusufning javobidan keyin ular umidini uzdilar va bir chekkaga chiqib maslahatlashdilar. Yusuf qarindoshining xususiyatini bilardi.  Ular xafa boʻlishsa, tuklari tikka turib, toʻnlaridan teshib chiqardi. Unday paytda elni yoʻq qilmaguncha tinmas edilar. Yoqub yalavoch urugʻining oʻsha paytda yelkasini silasa gʻazabi bosilardi. Yusuf Yaxudoning oʻpkalaganini  koʻrgach, yosh yigitlardan biriga aytdi: “Bor yelkasini siypala”. U siypalasa gʻazabi bosiladi. Yaxudo qarindoshlariga aytdi: “Yaʼqub yalavoch urugʻidan Misrda kim bor?”.

– Ey, savdogarlar, kuch-quvvatning bari bizda ham bor. Undan boshqa narsa yoʻq deb oʻylamaysanmi, deb Yaminni olib ketdi.

Yaxudo aytdi: Ey, qarindoshlar, otamiz bizdan tilxat oldi. Ollohning oldida ahd qildik. Yaminni salomat olib qaytishga soʻz berdik. Men Kanʼonga bormayman, otam yuziga qanday qarayman. Uch ishdan biri boʻlmaguncha qaytmasman: yo otam yoʻl-yoʻriq bergay, yo Olloh hukm qilgay, yo qarindoshimni olib borgayman. Barcha hukmlardan Ollohning hukmi azizroq va  toʻgʻridir.

Qarindoshlar yuklarini  u shaharda omonot qoʻyib, Misrga keldilar. Urishib inimizni olaylik, kuch-quvvatimiz yetarli. Ular yigʻochlardan kesdilar, sobqon toshlardan yigʻdilar. Yusuf ularga soqchilar qoʻygan edi. Xabar yetkazishdi. Yusuf ham 40 ming sipohiylarni yigʻdi. Rayyon malikka xabar boʻldi. U ham jangga otlanmoqchi boʻldi. Yusuf unamadi. “Bu ishni men kifoyat qilgʻayman” dedi. Tong bilan har biri bir darvozadan kirdilar. Yaxudo qattiq un qildi. Misr xalqi hushidan ketdi. Yukli ayollarning bolalari tushdi. Shamʼun yana bir darvozadan kirdi. Xalq uni koʻrib qoʻrqib qochdi. Bir tosh koʻtarib, Yusufning saroyini urdi, saroy quladi. Yusuf ularga hech kim bas kela olmasligini  tushundi. Ibrohim yalavoch dastorini ularga qarshi qoʻydi. Ularning unlari chiqmadi. Yusuf yonib kirdi. Barchasini tutdilar. Yaxudo un qilganida Rayyon maliki qoʻrqib, yashirinib oldi. Yusuf ularni tutganligini eshitganida Rayyon malik sevinib ketdi. Misr eli yigʻildi. Yusuf ularga aytdi: “Olamda biz zoʻrmiz deb oʻylaysiz,  bunda ham oʻgʻlonlar bor”.

Kishi yuborib, ularning yuklarini keltirtirdi. Ularni uch kun uyda saqladi. Toʻrtinchi kun Rayyon malikka odam yuborib, ularning gunohidan oʻtishni soʻradi: “Sizlarning gunohingizdan oʻtdim. Boshingizni olib keting” dedi. Yaxudo aytdi:”Men bormayman. Otamga ayting oʻgʻling oʻgʻrilik qildi deb. Toʻqqiz ogʻa-ini Kanʼonga keldilar. Otasiga barini aytdilar. Otasi ikki oʻgʻlini yoʻqotganidan xafa boʻldi. “Avval birini oʻldi deding, bunisini oʻgʻrilik qildi, deysan. Mening oʻgʻlim oʻgʻrilik qilmaydi. Yolgʻon aytarsiz”.

– Ishonmasangiz  savdogarlardan soʻrang, —dedi oʻgʻillari.

– Menga sabrdan oʻzga chora yoʻq, – dedi otasi va yigʻlab xat yozdi: Misr xalqi malikiga bu xat Ibrohim Xalilulloh nabirasi, Isʼhoq Zabihulloh oʻgʻli, Yoqub Isroilullohdan firʼavn   ogʻushi Azizi Misrga tegsin. Bilingki, biz yalavochlar urugʻimiz, otalarimiz balolarga mubtalo boʻldi. Otam Isʼhoq  yalavoch mavlo yorligʻi bilan boʻgʻizlandi, otam Ibrohim yalavoch Namrud yoqqan olovga otildi. Men ikki oʻgʻil  qaygʻusidaman. Men bir zaif, mungli, koʻzsiz, soch-soqoli oqargan qaygʻuli keksa kishiman. Menga rahm qilgin. Koʻzimning yorugʻi oʻgʻlimni qaytar. Senga ezgu duo qilgayman. Koʻnglimni ogʻritsang, sehr oʻqi bilan oʻgʻlingni, elingni, mulkingni  yoʻq qilgʻayman.

Savol: Yusuf firʼavn qavmidan emas edi.  Nega unday deb yozdi.

Javob: Misr maliklarining bari Namrud urugʻidan edilar. Ularni firʼavn derdilar. Uni ham ularning urugʻidan deb bildi. Xatni Yusuf olgach, uch kun yigʻladi va javob bitdi: “Aziz Misrdan Isʼhoq yalavoch oʻgʻli, Yoqub yalavochga  tegsin. Ey, zaif qariya, otam boʻgʻizlandi, katta otam olovga tashlandi, oʻgʻlimni menga yuborgil, agar yubormasang, saharda duoiband  qilgʻayman debsan. Javobim shuki otalaring qanday sabr qilgan boʻlsa, sen ham shunday sabr qil. Olloh taolo ularga qanday yoʻllarini ochgan boʻlsa, sening ham yoʻlingni ochadi. Zinhor tong saharda turib, duoiband  qilishni oʻylamagin. Olloh taolo senga qovushtirgay”.

Yoqub yalavoch xatni  oʻqib aytdi:” Bu bitik kofirlar bitigi emas, bu paygʻambarlar bitigidir”.

U paytda Yoqub   yalavochdan boshqa paygʻambarlar yoʻq edi.  Bu oʻgʻlim Yusufning xati deb ishondi. Oʻgʻil-qizni qargʻash yaxshi emas, sabr qilayin,— dedi.

Yoqub tushida  Azroyilni koʻrdi va soʻradi: “Ey, malik ul-mavt, Yusufimning jonini oldingmi?”

– Yusufing tirik, Mavlo taolo senga qovushtirgay, – javob qildi Azroil. Yoqub xursand boʻlib uygʻondi.

– Ey, Ollohim, Yusufning holi qanday ekan?—deya iltijo qildi. Jabroil dedi: ”Olloh taolo oʻgʻling bilan uchrashtirgay. Yaʼqub yalavoch boshini sajdaga qoʻydi, shukrona aytdi”.

Oʻgʻillarini yigʻdi va dedi: ”Misr eliga boring, Yusufni izlang”.

– Biz boramiz, Yaminni olib qaytamiz. Ammo, Yusufni bilmasmiz, –  deb javob qildilar.

Naql qilishlaricha, Yoqub Yusuf uchun qirq yil yigʻladi, baʼzilar 80 yil yigʻlab, koʻzlari koʻr boʻldi, deydilar.

Savol: Odam Ata 300 yil yigʻladi, koʻzi oqarmadi. Yoqub yalavochning 40 yilda koʻzi koʻr boʻldi. Unda qanday hikmat bor?

Davomi bor.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.