Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Javob: Odam Ata Ollohga bergan vaʼdasini unutib, bugʻdoyni yedi, gunohini kechishini soʻrab yigʻladi. Yoqub taqdir uchun emas, oʻgʻli uchun yigʻladi, koʻzi koʻr boʻldi. Aytishlaricha, Dovud yalavoch pastkashlik, xoinlik uchun qirq yil yigʻladi. Atrofida koʻz yoshidan qirq qari suv yigʻildi. Undan dov-daraxtlar, koʻkatlar undi. Dovudning boʻyidan baland boʻldi.
Hikoyat. Bir kun bir qush uchib kelib, Dovudning koʻz yoshidan ichdi. Juda totli ekan, deya ketdi. Dovud uni eshitib yana qattiqroq yigʻladi. Mavlodan xitob keldikim, ey Dovud, nega yigʻlayapsan?
Aytdi: “Ilohim, meni holimga qushlar ham kularlar”. Yana xitob keldi: “Ey Dovud, u qushlar yolgʻon aytmadi, dunyoda osiylarning koʻz yoshidan totliroq hech narsa yaratmadim”.
Dovud uni eshitib yana qattiqroq yigʻladi. Hikoyatda aytilishicha, Shayx Zunnun Misriy bir tunda uyining tomiga chiqib, toat-ibodat qilardi. U ancha yigʻladi, koʻz yoshi novadondan oqib tushdi. Tarnovdan suv oqqanda bir kishi oʻtib borayotgan edi, toʻniga tomchi tushdi. Aytdi: “ Tarnov suvi pokizami?”
– Ey, yagona Ollohga sigʻinuvchi moʻmin, toʻningni yuvgʻil, bu osiy koʻz yoshi. Maqsadga oʻtsam u holda Jabroil odam suvratida Yoqubga keldi:
– Ey, Yoqub koʻzingni kim koʻr qildi, sochingni kim oqartirdi, kim bukri qildi?
– Yusuf uchun yigʻladim, koʻzim koʻr boʻldi, Yamin qaygʻusi belimni bukdi, Yaxudo sogʻinchi yuzimni soʻldirdi, – dedi Yoqub.
– Yoqub seni Yusuf yaratdimi?
– Yoʻq, – dedi Yoqub.
– Unda Tangridan nega shikoyat qilursan?
Yoqub bildiki, soʻzlagan Jabroil edi. U oʻsha daqiqada koʻrinmas boʻldi.
– Ey, xudoyim, ushbu qamchingni oldinroq ursang umrimni Yusuf firoqida yigʻlab oʻtkazmasdim.
Yoqubga oʻgʻli-qizi aytar edi: “Xudo xaqqi sen Yusufni doim eslaysan, oʻzingni juda qiynaysan yoki halok boʻluvchilardanmisan?”
– Haqiqat shuki, men oʻz betoqatligimni va xafaligimni xudogagina arz qilyapman.
RIVOYAT: Abdulloh ibn Abbos roziyallohu aytishicha, Yoqub Ollohga yolvorib, farahlik tiladi. U duo qilayotganida Azroil odam suvratida keldi. Yoqub undan kimligini soʻraganida Azroil kimligini aytdi.
– Yo, Azroil, xudo haqqi aytgil, oʻgʻlim Yusufni jonini oldingmi?
– Yoʻq. U tirik, bir kun sevinasan. Olloh taolo aytdiki, toat-ibodatlaring bekor ketmas. Hatto, oʻlgan boʻlganida, tiriltirar edim. Oʻgʻillaringni bir kun uchratarsan.
Yoqub buni eshitib, oʻgʻillariga aytdi: “Men bilamanki, Yusufni boʻri yemadi, Ibn Yamin oʻgʻrilik qilmadi”.
Oʻgʻillari aytdilar: “Tirikligini, bir kun uchrashishingni bilarkansan, nega tinimsiz yigʻlayverasan?”
– Tirikligini, bir kun uchrashishimni bilardim, qachon uchrashishimni bilmay sogʻinib yigʻlayman. Odam bolasi rizq kelishini biladi, lekin qachon kelishini bilmaydi.
U yana oʻgʻillarini chaqirdi: “Ey, oʻgʻillarim, oziq-ovqat tamom boʻlmasdan Yusufni va uning ukasini qidiringlar va Ollohning rahmatidan noumid boʻlmanglar, haqiqatda Ollohning rahmatidan faqatgina kofirlar noumid boʻladilar”.
Yoqub yalavochning oʻgʻillari yoʻlga chiqdilar. Misrga kelishganida soqchilar Yusufga xabar yetkazishdi. Yusuf oʻn ming yigitini ularni qarshilashga joʻnatdi. Yana yuz ming yigit oʻz yonida edi.
Davomi bor.