“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
1503
marta koʻrilgan.

Zulayho u paytda parda ichida oʻtirar edi, parda ichidan soqiyga ishorat qildi. Va soʻradi: Meni Yusuf hech yomonladimi? Soqiy aytdi: Seni hech tilga olmadi. Zulayho dedi: “Ey, malik, shu paytgacha suyishim majoziy edi, endi haqiqat zohir boʻldi. Haqiqatda u rostgoʻylardandir. Men uni oʻzimga moyil qilmoq uchun harakat qilganman, u  mayl bildirmadi. Ey, malik, u zindonda boʻlmaganda men oʻzimni oʻldirgan boʻlardim. Bugun avvalgidan ham oshiqroqman.” Zulayho ushbu uch toʻgʻri fikrni aytib undan karomat topdi.  Yot edi yaqin boʻldi, xor edi aziz boʻldi, qari edi navqiron boʻldi.

Hikoyat:

Zulayho Yusufni zindonga tashlanganidan keyin, zindonga borib, zindonchiga aytar edi. Yusufni urgil, men faryodini eshitay. Faqat zindonchi Zulayho  soʻzini suymay Yusufga yetkazdi. Zindonchi Zulayhodan qoʻrqib yerni qattiq urdi. Yusufga aytdi: sen bir un qil.

Zindonchining shashti qaytmasin deb, faryod qildi. Zulayho Yusufni sevar ekan tayoqlatmoqdan maqsad ne edi? Oʻzini koʻrmasamda, ovozini eshitib, koʻnglim tinchlansin, suyuklikning ohi ham  suyukli dermishlar.

Qiyomat kuni moʻmin qullarga jahannamni koʻrgazgaylar, moʻmin qullar Olloh taoloning doʻstidir. Ular ham jahannam azobidagilarni koʻrib oh tortib yigʻlaydilar. Gunohkor bandalarimning gunohlarini eslab, mendan qoʻrqib ingrashi rostgoʻy bandalarning baqirib qilgan duosidan menga mahbubroqdir.

Soqiy yana zindonga keldi. Zulayhoning soʻzini Yusufga aytdi. Yusuf sevindi. Aytdi: Maqsadim Aziz Misr bilsin-ki, u yoʻqligida unga xiyonat qilmadim. Shuni ham bilib qoʻysin-ki, Olloh xoinlarning makrlariga yoʻl bermaydi.

Abdulloh ibn Abbos aytadilarki, Yusuf bu soʻzni aytib boʻldi esa, Jabroil qanoti bilan Yusufni bir urdi, aytdi: “Zulayhoni urgali shaylanmadingmi, tabiati yengilligidan mayl bildirmadingmi?”

 Yusuf dedi: “Men oʻz nafsimni tiyarman. Chunki, nafs yovuz ishga boshlagay, chunki, nafs yetmishta shaytondan ham yomonroqdir”.

Odamiyning nafsi qilgan ishni  yetmish shayton qilmas

                Tavvaka nafsuka la taʼmanu gava-ilaha

               Fa an – nafsu axbasu min sabʼ-ina shaytonan

Aytishlaricha, soqiy chiqib ketgandan keyin Yusuf yetti yil zindonda qoldi. Uch ish birla mashgʻul boʻldi: duo oʻqidi, Haj ziyoratidan  umid qildi, yana sabr qildi.

Alloh taolo koʻngliga soldi. Rayyon malik Yusufga odam joʻnatdi.   “Uni huzurimga keltiring. Oʻzimning xos kishilarimdan qilib olay”.

 Yusufga toza toʻnlar kiydirdilar, yuvindi. Zindon ahli yigʻlashdi. “Ey, Yusuf uzoq yillar  zindonni yoritding. Sensiz endi  biz nima qilamiz? Yusuf elchiga aytdi: Men zindon ahliga oʻrgandim, ularning bagʻri ezilgan, yoshlari toʻkilgan holda tashlab ketolmayman. Malikka aytgil ularni menga bagʻishlasin, ozod qilsin, yoʻqsa meni ular bilan qoldirsin”. Elchi malikka yetkazdi. Barini ozod qilib, toʻnlar kiygizdi.

 Bashorat: Yusuf  sharofati bilan Rayyon malik  zindondagilarni ozod qildi. Dunyoning maligi Muhammad Mustafo (s.a.v) shafoati bilan moʻminlarni doʻzaxdan ozod qilsa hech ajabmas. Yusuf barcha  zindon ahli bilan birga chiqdi. Koʻrdi-ki yetti taxtiravon turibdi. Bari zar — ipaklar bilan oʻralgan. U zaminda podshoh kimni kechirsa, podshoh taxti ravonga mindiradi. Yusufni oltin taxtga oʻtqazdilar. U qogʻoz va qalam soʻradi. Xat yozdi va zindon eshigiga yopishtirdi. Yozgani bu edi: “Bu zindon tiriklarning goʻri, doʻstlarning turar  joyi va  dushmanlarning xursandchilik taʼnasi”.

Misr xalqi bir-biriga derdi: “Oʻn ikki yil burun oyogʻiga kishan urib zindonga eltdilar, bugun oltin taxtga mindirib, izzat- ikrom bilan saroyga qaytarurlar. Ey, xudoyim bu xoʻrlik va yengillik berishing sababi na edi?”

Yusuf aytdi: “Ey, Xudo, Sen kimni xohlasang aziz qilasan va kimni xoxlasang  xor qilasan. Men Uning hukmiga roziman”.

Yusufga malik yonidan joy berdi. Malik Yusufga yetmish tilda soʻz soʻzladi,  u yetmish tilda javob berdi. Suhbat tugagach, Yusuf ibroniy tilda duo oʻqidi. Uni malik tushunmadi?

– Bu qaysi til, – deb soʻradi.

 Yusuf aytdi: “Bu mening otalarim Ibrohim, Isʼhoq va Yoqub alayhissalom tillaridir. Malik yonidan ketayotganda ibriy tilda yana ezgulik tiladi. Malik uni tushinmadi. Va soʻradi.

Yusuf dedi: “Bu til otamning qarindoshi Ismoil tilidir?”

Malik tingladi va dedi: “Vazirlikni senga berayin”.

Yusuf aytdi: “Vazirlik Azizi Misrning lavozimi, men undan qarzdorman. U hayot ekan vazirlikni olmasman”.

Malik aytdi: “Barcha podsholik ixtiyoringda xohlagan vazifangni tanla”.

Yusuf aytdi: “Menga oʻzga oʻrin kerakmas. Meni mamlakatdagi  xazinalar ustidan nozir etib qoʻy, haqiqatda  men bu ishni yaxshi muhofaza qilaman, yaxshi bilaman”. U ishni Yusufga topshirdi va aytdi: “Ey, Yusuf, mening mulkimda ne ish qilsang qilgʻil, faqat  ikki ish qilmagʻil. Biri uyimda xotinlarim, choʻrilarim bilan soʻzlashmagil”. Yusuf aytdi: “Bu ish bizning shariatimizda ravo emas, maning ul ishga rizom yoʻq”. “Ikkinchisi ulkim, sen bilan osh yemak or turur”, – dedi malik. Bu soʻzga Yusufning ham izzat-nafsi ogʻridi: “Menga ham sen bilan osh yemak or turur”, – javob qildi Yusuf. Malik soʻradi: Na uchun: Yusuf javob qildi: “Men Yoqub yalovoch oʻgʻliman, Isʼhoq yalavoch nabirasiman, Ibrohim yalavoch urugʻiman, sening bilan netak osh yeyurman?”

Malik Yusufga goʻzal saroylar hozirladi. Yusuf dehqonchilik boshladi, juda koʻp ekin ektirdi. Hosil yetilganda, zaruratini qoldirib, boshqasini ulkan-ulkan omborlar qurdirib, hosilni yigʻdi. Aytishlaricha, u zamonda sulton xalqning yarim hosilini olardi. Yusufga barcha ixtiyor berilgach,  xalqqa yon bosdi. Mamlakatda toʻkin-sochinlik boʻldi.

Davomi bor.

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.