Yusuf yetti yil zindon ichida qoldi. Savol: Undan, yaʼni Yusufning iltimosini soqiyning unitishidan maqsad nima edi? Javob: agar oʻsha paytda zindondan chiqsa soqiy ham, Misr malikasi ham men ozod qildim, deb minnat qilardilar. Olloh taolo buni istamas edi.
Jabroil keldi, duo oʻrgatdi: Ey, barcha ulugʻlarning ulugʻi, ey, ul zotki, uning na sherigi bordir, na oʻxshashi bor va ul zotki, u hamma narsaga qodir. Ey, quyosh va yorugʻ oyning yaratuvchisi, yosh goʻdakka rizq berguvchi, ulugʻ yoshli moʻysafidga rahm qiluvchi va oʻliklarni tiriltirguvchi bu ish unga juda ham osondir. Ey, har bir qiyin ishni yengillashtiruvchi meni ishimni yengillashtirib, bu mushkuldan chiqish yoʻlini koʻrsatgil.
Yusuf ushbu duoni oʻqigach, farishta xabar yetkazdi: Rayyon malik tush koʻradi, uni hech kim taʼbirlay olmaydi.
Qurʼoni karimda shunday deyiladi. Va sen Olloh taoloning fazli bilan zindondan chiqasan, birovlarning minnati bilan emas.
Misr mamlakatining shohi Rayyon tush koʻrdi. Uni taʼbirini aytib berish uchun ulamolarni chaqirdi: “Men tushimda yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga qurigan yetti boshoqni ham koʻrdim. Quruq boshoqlar yosh boshoqlarni chulgʻab quritmoqchi boʻlyapti. Shu payt shamol turib, u yetti quruq boshoq va oriq sigirni yoʻq qildi. Uni koʻrib qoʻrqib uygʻondim”.
Muabbirlardan tushini taʼbirlashni soʻradi. Ular taʼbirlay olmadilar. Uch kun muhlat soʻradilar. Uch kun oʻtgach, ular tushni taʼbirlay olmaganligini tan olishdi
Shu kecha Yusuf tush koʻrdi. Tushida kimdir koʻkdan inib, Misr mollarini qoʻyniga solardi. Yusuf esa unga dedi: “Barchasini ularga bering”.
Yusuf uygʻonib ketdi. Zindonbandlarga aytdi: “Sizlarga xushxabar yetdi, barchangiz zindondan qutulursiz, Misr xalqi sizning xizmatingizda boʻladi. Ular och, siz toʻq boʻlasiz”.
Zulayho ham ul kecha tush koʻrdi. Yusuf taxt uzra oʻtirar, Zulayho Yusufning oyogʻi tagida yastanib yotardi, Yusuf uni itarardi, Zulayho esa ingranardi.
Malik Rayyon ham tush koʻrdi. Taʼbirchilarni chorlab, fikrini soʻradi. Ular koʻnglidagidek qilib yechib berisha olmadi. U taʼbirchilardan xafa boʻldi. ”Nonimni, oshimni yeb, bu tushing aloq-chaloq tushlar ekan, deysiz” deb ulardan dargʻazab boʻlib, baʼzilarini oʻlimga mahkum etdi, baʼzilarini yurtdan chiqarib yubordi.
Oʻshanda soqiyning yodiga Yusuf tushdi: “Uning taʼbirini sizlarga men aytib berarman, faqat meni zindonga yuboringlar”. U Yusufga dedi: “Ey, rostgoʻy zot, bizga malik Rayyonning tushi taʼbirini bildirgil” deb boʻlgan voqeani gapirib berdi.
Yusufning javobi shunday boʻldi: “Sizlar paydar pay yetti yil don ekinglar. Keyin oʻrib olgan hosilingizni oʻz boshogʻida qoldiringlar, faqat ehtiyojingizni yanchib oling. Mamlakatda serhosil yetti yildan keyin yetti yil qahatchilik boʻladi. U yillar barcha zahiradagi don yeb tugatiladi. Faqat urugʻlik uchun asrab qoʻyilgan donlargina qoladi. Undan keyingi yil yogʻingarchilik koʻp boʻlib, mevalardan sharoblar tayyorlab olurlar”.
Soqiy shohning yoniga kelib, Yusufning taʼbirini aytdi. Shohga maʼqul keldi. Yusufni zindondan keltirishni buyurdi. Yusufning oldiga shohning elchisi kelganida u darhol rozi boʻlmadi. “Xoʻjangning oldiga qaytib borib, undan oʻz qoʻllarini kesgan ayollar nima boʻlganini soʻrab kel. Ularning yetakchisi Zulayho edi” – deb javob berdi.
Yusufning ushbu tadbirdan, maqsadi ul edikim, voqeani bilmaguncha chiqsam, zindonga nega tushganimni soʻraydi. Men ayollar harakatini, soʻzini etaversam koʻngli qolishi mumkin. Avval pokligimni bilsin, soʻngra chiqarman.
Rasul alayhissalom dedilar: “Agar Yusuf oʻrnida men boʻlsam, zindonni tark etardim. Ammo qarindoshim toʻgʻri ish qilgan Rayyon malik koʻngli tamom erisin deb chiqmagan”.
Soqiy kelib Rayyon malikka Yusufni soʻzlarini yetkazdi. U barcha ayollarni yigʻdirdi. Malik barcha gapdan xabardor ekan deb oʻylab, ular aytdilar: “Ey, Malik, Yusuf pokdamon zot edi, biz unga tuhmat qildik. Unga oʻzimiz gap otdik, u bizga boqmadi, mayl ham bildirmadi. Biz unda hech ayb koʻrmadik”.
Zulayho u paytda parda ichida oʻtirar edi, parda ichidan soqiyga ishorat qildi. Va soʻradi: Meni Yusuf hech yomonladimi? Soqiy aytdi: Seni hech tilga olmadi. Zulayho dedi: “Ey, malik, shu paytgacha suyishim majoziy edi, endi haqiqat zohir boʻldi. Haqiqatda u rostgoʻylardandir. Men uni oʻzimga moyil qilmoq uchun harakat qilganman, u mayl bildirmadi. Ey, malik, u zindonda boʻlmaganda men oʻzimni oʻldirgan boʻlardim. Bugun avvalgidan ham oshiqroqman.” Zulayho ushbu uch toʻgʻri fikrni aytib undan karomat topdi. Yot edi yaqin boʻldi, xor edi aziz boʻldi, qari edi navqiron boʻldi.
Hikoyat:
Zulayho Yusufni zindonga tashlanganidan keyin, zindonga borib, zindonchiga aytar edi. Yusufni urgil, men faryodini eshitay. Faqat zindonchi Zulayho soʻzini suymay Yusufga yetkazdi. Zindonchi Zulayhodan qoʻrqib yerni qattiq urdi. Yusufga aytdi: sen bir un qil.
Zindonchining shashti qaytmasin deb, faryod qildi. Zulayho Yusufni sevar ekan tayoqlatmoqdan maqsad ne edi? Oʻzini koʻrmasamda, ovozini eshitib, koʻnglim tinchlansin, suyuklikning ohi ham suyukli dermishlar.
Qiyomat kuni moʻmin qullarga jahannamni koʻrgazgaylar, moʻmin qullar Olloh taoloning doʻstidir. Ular ham jahannam azobidagilarni koʻrib oh tortib yigʻlaydilar. Gunohkor bandalarimning gunohlarini eslab, mendan qoʻrqib ingrashi rostgoʻy bandalarning baqirib qilgan duosidan menga mahbubroqdir.
Soqiy yana zindonga keldi. Zulayhoning soʻzini Yusufga aytdi. Yusuf sevindi. Aytdi: Maqsadim Aziz Misr bilsin-ki, u yoʻqligida unga xiyonat qilmadim. Shuni ham bilib qoʻysin-ki, Olloh xoinlarning makrlariga yoʻl bermaydi.
Abdulloh ibn Abbos aytadilarki, Yusuf bu soʻzni aytib boʻldi esa, Jabroil qanoti bilan Yusufni bir urdi, aytdi: “Zulayhoni urgali shaylanmadingmi, tabiati yengilligidan mayl bildirmadingmi?”
Yusuf dedi: “Men oʻz nafsimni tiyarman. Chunki, nafs yovuz ishga boshlagay, chunki, nafs yetmishta shaytondan ham yomonroqdir”.
Odamiyning nafsi qilgan ishni yetmish shayton qilmas
Tavvaka nafsuka la taʼmanu gava-ilaha
Fa an – nafsu axbasu min sabʼ-ina shaytonan
Aytishlaricha, soqiy chiqib ketgandan keyin Yusuf yetti yil zindonda qoldi. Uch ish birla mashgʻul boʻldi: duo oʻqidi, Haj ziyoratidan umid qildi, yana sabr qildi.
Alloh taolo koʻngliga soldi. Rayyon malik Yusufga odam joʻnatdi. “Uni huzurimga keltiring. Oʻzimning xos kishilarimdan qilib olay”.
Yusufga toza toʻnlar kiydirdilar, yuvindi. Zindon ahli yigʻlashdi. “Ey, Yusuf uzoq yillar zindonni yoritding. Sensiz endi biz nima qilamiz? Yusuf elchiga aytdi: Men zindon ahliga oʻrgandim, ularning bagʻri ezilgan, yoshlari toʻkilgan holda tashlab ketolmayman. Malikka aytgil ularni menga bagʻishlasin, ozod qilsin, yoʻqsa meni ular bilan qoldirsin”. Elchi malikka yetkazdi. Barini ozod qilib, toʻnlar kiygizdi.
Bashorat: Yusuf sharofati bilan Rayyon malik zindondagilarni ozod qildi. Dunyoning maligi Muhammad Mustafo (s.a.v) shafoati bilan moʻminlarni doʻzaxdan ozod qilsa hech ajabmas. Yusuf barcha zindon ahli bilan birga chiqdi. Koʻrdi-ki yetti taxtiravon turibdi. Bari zar — ipaklar bilan oʻralgan. U zaminda podshoh kimni kechirsa, podshoh taxti ravonga mindiradi. Yusufni oltin taxtga oʻtqazdilar. U qogʻoz va qalam soʻradi. Xat yozdi va zindon eshigiga yopishtirdi. Yozgani bu edi: “Bu zindon tiriklarning goʻri, doʻstlarning turar joyi va dushmanlarning xursandchilik taʼnasi”.
Misr xalqi bir-biriga derdi: “Oʻn ikki yil burun oyogʻiga kishan urib zindonga eltdilar, bugun oltin taxtga mindirib, izzat- ikrom bilan saroyga qaytarurlar. Ey, xudoyim bu xoʻrlik va yengillik berishing sababi na edi?”
Yusuf aytdi: “Ey, Xudo, Sen kimni xohlasang aziz qilasan va kimni xoxlasang xor qilasan. Men Uning hukmiga roziman”.
Yusufga malik yonidan joy berdi. Malik Yusufga yetmish tilda soʻz soʻzladi, u yetmish tilda javob berdi. Suhbat tugagach, Yusuf ibroniy tilda duo oʻqidi. Uni malik tushunmadi?
– Bu qaysi til, – deb soʻradi.
Yusuf aytdi: “Bu mening otalarim Ibrohim, Isʼhoq va Yoqub alayhissalom tillaridir. Malik yonidan ketayotganda ibriy tilda yana ezgulik tiladi. Malik uni tushinmadi. Va soʻradi.
Yusuf dedi: “Bu til otamning qarindoshi Ismoil tilidir?”
Malik tingladi va dedi: “Vazirlikni senga berayin”.
Yusuf aytdi: “Vazirlik Azizi Misrning lavozimi, men undan qarzdorman. U hayot ekan vazirlikni olmasman”.
Malik aytdi: “Barcha podsholik ixtiyoringda xohlagan vazifangni tanla”.
Yusuf aytdi: “Menga oʻzga oʻrin kerakmas. Meni mamlakatdagi xazinalar ustidan nozir etib qoʻy, haqiqatda men bu ishni yaxshi muhofaza qilaman, yaxshi bilaman”. U ishni Yusufga topshirdi va aytdi: “Ey, Yusuf, mening mulkimda ne ish qilsang qilgʻil, faqat ikki ish qilmagʻil. Biri uyimda xotinlarim, choʻrilarim bilan soʻzlashmagil”. Yusuf aytdi: “Bu ish bizning shariatimizda ravo emas, maning ul ishga rizom yoʻq”. “Ikkinchisi ulkim, sen bilan osh yemak or turur”, – dedi malik. Bu soʻzga Yusufning ham izzat-nafsi ogʻridi: “Menga ham sen bilan osh yemak or turur”, – javob qildi Yusuf. Malik soʻradi: Na uchun: Yusuf javob qildi: “Men Yoqub yalovoch oʻgʻliman, Isʼhoq yalavoch nabirasiman, Ibrohim yalavoch urugʻiman, sening bilan netak osh yeyurman?”
Malik Yusufga goʻzal saroylar hozirladi. Yusuf dehqonchilik boshladi, juda koʻp ekin ektirdi. Hosil yetilganda, zaruratini qoldirib, boshqasini ulkan-ulkan omborlar qurdirib, hosilni yigʻdi. Aytishlaricha, u zamonda sulton xalqning yarim hosilini olardi. Yusufga barcha ixtiyor berilgach, xalqqa yon bosdi. Mamlakatda toʻkin-sochinlik boʻldi.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʻqituvchisi