Qissasi Ibrohim Alayhissalom va Zul Arsh Malik

0
214
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan.  Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda  Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.

Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jilddan iborat  ushbu bebaho  asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.

Hadis: Rasullohning aytishicha, yoʻl toʻsib, odamlardan narsa undirib olishdan yomonroq ish yoʻqdir. (R.Z;N.S.)

Ibroxim Namrud viloyatini tark etgach, Lut, Sora va yana ikki musulmon bilan birga Olloh izni bilan koʻngliga tekkuncha yoʻl yurdi.

Zul Arsh Malik saltanatiga yetib kelishdi. Saltanat yetakchisining yomon amallari koʻp edi. U soqchilar qoʻyib, yoʻldan oʻtgan har bir kishining oʻndan bir molini olar edi. Ular Ibrohimdan ham ulush soʻradilar. Ibrohim bizda mol yoʻq desa, ishonmadilar. sandiqni ochtirdilar. Unda Sora bor edi. Sorani koʻrib, malikka xabar yetkazdilar. U juda goʻzal ayollarga ishqiboz edi. Ibrohimni keltirishdi, malik uning savlatidan hayiqdi, yonidan joy berdi. Sandiqdagi Soraning kimligini soʻradi. Ibrohim moʻmin moʻminning qarindoshi boʻladi, deb oʻylab qarindoshim deya javob berdi.

Men Misr saltanati egasiman. Davlatim moʻl, yarmini beraman. Sorani bergil, – deb soʻradi.

Ibrohim boshini egdi, gapirmadi. Malik yana soʻradi.

«U boligʻa oʻzidan izn olish kerak,»– dedi nihoyat Ibrohim va Soraga xabarni yetkazdi.

«Nega toʻgʻrisini aytmading», – deya soʻradi Sora va yigʻladi.

Shu payt malikning ikki yuz mulozimi yigit bilan qizni olib ketgani kelishdi. Sora chodirini yopib kirdi. Malik yana Ibrohimga yonidagi taxtdan joy berdi.

– Sulton urugʻidanman. Ikki yuz qora bosh molimni sen uchun akangga armugʻon qilurman. Sen menga teggil, – dedi malik.

Sora yigʻladi. Indamadi. Yana soʻradi, indamadi. Soʻngra “sendan uyalyapti”, – deb Ibrohimni tashqariga chiqarib yubordi. Sora qoʻli bilan yuzini berkitib yigʻlar, javob bermas edi. Malikning gʻazabi keldi. Soraning yoniga keldi. Ibrohimga Jabroil bu holatni gʻoyibdan koʻrsatdi. Ibrohim Ollohdan madad tilab yolvordi. Malikning kelinchakka choʻzgan ikki qoʻli boʻynigacha qotib qoldi. «Ey, Sora, duo qil, meni qoʻlim oʻz holiga kelsin, seni ham oʻz holingga qoʻyayin» dedi. Sora duo qildi. Qoʻllari oʻz holiga qaytdi. Biroq, podshoh soʻzida turmadi. Yana ikki marta shu holat takrorlanganida:

– Bu ne sir-sinoatki, kasring menga tegdi? – soʻradi malik.

Bu oʻzingning badnafasliging, kofirliging va zoʻrlik ishlatganingdan, – javob berdi Sora.

– Men zoʻrlik ishlatmadim-ku? – soʻradi Malik.

– Menga emas, Ibrohim yalavochga ishlatding, – dedi Sora.

– Men Ibrohimni koʻrganim yoʻq, – hayron boʻldi Malik.

– Ibrohim mening erim boʻladi. Seni zulmkorliging, kofirliging uchun buni yashirdi. Senga teggan balo yalavochga zulming tufaylidir, – deya javob berdi yana Sora.

Ibrohimni keltirishdi.

Menga Tangringni sifatini bildir, – soʻradi malik.

– U tiriltiradi, oʻldiradi va doim tirikdir. Yaxshilik uning qudrati va u har bir narsaga qodirdir. Men guvohlik beramanki, Ollohdan boshqa maʼbud yoʻq va u yagonadir, shuningdek, guvohlik beramanki, men Ibrohim Xudoning elchisidirman.

– Yetmish yil zuxro yulduziga sigʻindim, Tangri deb bildim. Yeru osmonni sani Tangring yaratgan ekan, uning qudrati bilan qoʻlim ishlamay qotib qoldi, – dedi malik.

Jabroil Ibrohimga xabar yetkazdi va oʻrgatdi: “Barcha molu davlatini senga bersin, qoʻli joyiga qaytadi”.

Malik barcha mol-mulki va xazinalarining kalitini Ibrohimga berdi. Malikning qoʻli asliga qaytdi. U imon keltirib, musulmon boʻldi. «Ey, Malik, molu mulkingni yana oʻzingga bagʻishlayman», – dedi Ibrohim. Ular sakkiz kun imonlilikka daʼvat yetib, u yerda yashadilar. Soʻngra Jabroildan yoʻlga tushish lozimligi toʻgʻrisida farmon keldi. Malik Ibrohimga toʻrt yuz xizmatkor bilan katta mol-mulk berdi. Soraga ham Solih paygʻambarning qarindoshi, Magʻrib malikining qizi Hojar  yetakchiligidagi  toʻrt yuz joriyani inom yetdi. Ular farishta Jabroil izni bilan barcha mol-mulkni olib,  Axzon viloyatiga keldilar.

U yerda qora uy tikdilar. Ibrohim bir quduq qazdirdi. U yerdan totli suv chiqdi. Bir kuni Sora Ibrohimga dedi:

– Men qaridim. Senga xizmat qilarga kuchim yoʻq. Men uchun koʻp mashaqqatlar koʻrding. Shuning uchun Hojarni senga bagʻishladim. Bu yaxshi yashagan kunlarimiz uchun javobim boʻlsin.  Arab tilida «Ho ujraka» (mashaqqatlaring uchun javobim) degani boʻlib, shuning uchun Hojar ataladi. Hojarni Ibrohimga berdi. Hojar Solih yalovoch urugʻidan edi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.