Rahmon Masharipovning muzey-kutubxonasida

0
262
marta koʻrilgan.

 Qoʻshkoʻpir tumanida, balki Xorazmda bu insonni yaxshi bilishadi.  Rahmon Masharipov uzoq yillar ustozlik martabasida munosib shogirdlar tarbiyaladi. Viloyat xalq taʼlimi sohasida dastavval oʻqituvchi, boʻlim mudiri, boshqarma boshligʻi vazifalarida, soʻngra oliy taʼlim tizimida oʻqituvchi sifatida astoydil mehnat qildi. Olim  tarix fanlari nomzodi, professor unvoniga ega.

 Bugun ham ustozning xonadonidan yoshlar, shogirdlarining qadami uzilmaydi. Ustoz uyida muzey va moʻjazgina kutubxona tashkil qildi.

Biz bir necha marta Rahmon aka xonadonida boʻlganmiz. Ustozning benazir boyliklarini tomosha qilgan kishining hayratlari oshmasdan iloji yoʻq, chunki  uzoq oʻtmishdan hikoya qiluvchi esdaliklar, turli yillar va davrlardagi fotosuratlar, mashhur kishilarning noyob qoʻlyozmalari, asarlari bebaho boylik sifatida ustoz tomonidan adroqlanib saqlanmoqda.

 Kuni kecha ustoz bilan yana diydorlashish maqsadida viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Rahimboy Qurbanov bilan birgalikda uning xonadoniga tashrif buyurdik. Tashrif bahona kitoblarni turkumlashtirib, sohalar boʻyicha javonlarga taxlashda koʻmaklashdik. Ushbu noyob kitoblarning elektron nusxalarini yaratish yuzasidan kelishib olindi.

Biz Qoʻshkoʻpir tumani hokimi Joʻrabek Rahimov bilan uchrashib, ustozning boy muzeyi va kutubxonasi haqida oʻz takliflarimizni bildirdik. Eng muhimi,  rahbariyat bizning taklifimizni qoʻllab- quvvatladi. Hokim tuman markazida  kapital taʼmirdan chiqayotgan madaniyat uyidan xona ajratib, ustozning muzey-kutubxonasini kengroq maskanga koʻchirish  haqidagi taklifimizni maʼqulladi. Oʻsha kungi tashrif  samarali kechganidan biz ham xursand boʻldik.

 Maʼrifatga boy, xayrli va savob ishlari bilan bugun ham charchamayotgan  otaxonning uzundan uzoq  duolarini olish hammaga nasib qilsin.  Tabarruk sakson yoshdan oshgan, yuzidan mehr nuri yogʻilib turgan ustoz dili ravshan boʻlib, biz bilan xayrlashdi.

Dilbar Bekchanova,

Xorazm  viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.