Yurt oʻgʻloni meni tasavvurimda: Tarix va uning shonli siymolariga mehr-muhabbat, sadoqat, ulardan faxr va iftixor tuygʻusi, Vatan tuprogʻining har zarrasida oʻtmish yodi, bugungi kun ruhi va kelajak qiyofasini yaxlit tasavvur etish, xalq dardu tashvishlari bilan yonib yashash, odamlarni hayotdan rozi qilishdek ezgu ishlarga hayotining har lahzasini baxsh eta bilish – bu va bu kabi yuksak fazilatlar ayni Yurt oʻgʻloniga xosdir. Elim, yurtim deya qaygʻurib yashayotgan har bir inson Yurt oʻgʻloniga xos muayyan jihatlarni oʻz shaxsida koʻrsa, his etsa, ajab emas. Hayot hamisha yurtning fidoyi oʻgʻlonlari, oʻgʻil-qizlari bilan obod, koʻrkam, boqiy.
Asar yozilishiga ikki ming oʻn yettinchi yil avgust oyining uchinchi sanasida, ijod ahli uchun unutilmas voqea boʻlgan anjumanda aytilgan quyidagi fikr turtki bergan edi: “El dardini yozmagan qalam qalam emas!”. Shu maqsad yoʻlida bitilgan satrlarim shoyad koʻnglingizga bir qatim nur misol yoʻl topsa.
I
– Har nimaki joiz Mavlo yaratdi,
Bir-biridan aziz, avlo yaratdi.
Odam zotin tengsiz, aʼlo yaratdi, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
II
– Buyuk zotlar – yarqiragan hur chaqmoq,
Zulmat bagʻrin pora-pora etar chok,
Har yurakda yoqib ketar bir chiroq.
Tuyoq izlarida yaraldi hayot,
Tafakkur qush kabi bogʻladi qanot,
Murod boʻldi inson uchun yaxshi ot.
Alp Er Toʻngʻa1 demish, tole – bilikda,
Ona tili kuchi qaynar ilikda.
Xoqon ulugʻligi elga qullikda, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
III
– Biyday Qizilqumdan iyartib yiroq,
Yovni halok etdi donishmand Shiroq,
Oʻzi ham qilichdan jon berdi biroq…
Yurt tuprogʻin koʻzga surtdi Toʻmaris,
Yov boshini meshga tutdi Toʻmaris,
Gulu gulzor boʻlib ketdi Toʻmaris.
Iskandar Maqduniy2 yurish qilib qasd,
Riyozatlar topdi qayga ursa dast,
Badar ketdi oxir boshi boʻlib past, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
IV
– Ey buyuk “Avesto”! Ey mangu tamal:
Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal,
Xalqim dahosiga qoʻyilgan haykal!
Bilga xoqon3 toshga oʻyib otini,
Shon-sharafga burkab ketdi zotini.
Dunyo tanir koʻhna Oʻrxun xatini.
Ay, inim, Alpomish boʻlay desang, tur,
Sen-da Boychiborga egar-jabduq ur,
Nokasdan bezor el. Mardlarga zordur.
Bilay desang oʻzbekning zoʻr oʻgʻlini,
Oriyatda, kurashda koʻr oʻgʻlini,
Sumbati eslatar alp Goʻroʻgʻlini, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
V
– Tunday kelib-ketdi arab bosqini,
Izlarida qoldi, aytsak rostini,
Quyosh kabi Qurʼon — iymon dasturi.
Oy kabi porladi oliy Muhammad4,
Iymonga chorladi oliy Muhammad,
Bashar ahlin pok timsoli Muhammad.
Buxoriy5dan misol. Bir muhtaram zot,
Etak tutib “Beh-beh” desa kelmish ot,
Etak ochsa, bir dona yem yoʻq, hayhot!
Hadis sultoni shart qaytmish iziga,
Ishonch yoʻqdir bu odamning soʻziga,
Oyoq qoʻymish u haqiqat yuziga, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
VI
– Jannat qay rangdadur, jahannam qay tus,
Dante qalamiga berdi kuch, nufuz
“Osmon xaritasi”. Alfraganus6.
Tarix bisotida “Qutadgʻu bilik” –
Javohir sandigʻi necha ming yillik.
Har soʻzi oʻzbaki tovlanar tiniq.
Boshga kiygan kabi qalpoq, doʻppi, boʻrk,
Millat qaddu kamoliga berdi koʻrk,
Koshgʻariydan “Devonu lugʻatit turk”.
Jahon yodi – oftobida Yassaviy,
Har koʻngilning kitobida Yassaviy.
Oshiq koʻngil mehrobida Yassaviy.
Bino boʻldiki “Hibbat-ul haqoyiq”7 .
Har soʻz kiydi bastiga libos loyiq.
Olib kiftiga yuksaldi xaloyiq.
Nosiriddin Burxon Rabgʻoʻziy, ayo,
Yaratmishdirki “Qisas ul-anbiyo”,
Oʻgʻizdan qalblarga taralmish ziyo, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
VII
– Oʻtdi ne davronlar – Qoraxoniylar,
Anushtegin, saljuqiy, somoniylar.
Muallimu muallimi soniylar.
Xorazm zamini kuylab bayotni,
Hayotga qaytardi soʻngan hayotni,
Dunyo tarixiga bitdi Qiyotni.
Maʼmun zamonida buyuk Beruniy
Ilman ochdi ummon orti yerini,
Bugun hamma Amerika der uni.
Ilmu handasaga payvasta azmi,
Baayni nolga jon berdi Xorazmiy.
Yuz ochdi raqamga dunyo orazi.
Arastu ilmiga Forobiy sharhi –
Hayot maʼnosining sharqona tarxi:
Asl makon – fozil odamlar shahri.
Olam aro meditsina binosi,
Madadi Sinodir asl maʼnosi,
Tabobatda hamon tengsiz Sinosi, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
VIII
– Tillo tuprogʻiyu suvi, havosi,
Xudo ato etgan ohanrabosi,
Mudom oʻz baxtining boʻldi balosi.
Chingiziylar tulporining tuyogʻi
Toptamagan qolmadi yurt qiyogʻi,
Yerga gulday ekildi el suyagi.
El origa tik turdi Manguberdi,
Soʻngigacha ot surdi Manguberdi,
Mardiga mard shavkatin mangu berdi.
Alplarni ulgʻaytdi xalq iztirobi,
Goho Spitamen, goho Torobiy…
Soʻnmadi zulmga isyon xitobi, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
IX
– Alanquva8 goʻzal edi tengi yoʻq,
Ilohiy nur yigit boʻlib boqdi shoʻx…
Dunyoga bir oʻgʻlon keldi koʻngli choʻgʻ.
Barlos, qurlos… necha qavm teng bari,
Sohibqiron bobolari singari
Ulugʻ Alanquva oʻgʻil-qizlari.
Adlu insof – Amir Temur yarogʻi,
Toʻkilmadi bevaqt bir gul yaprogʻi.
Qonunlari boʻldi davlat chirogʻi.
Ul ulugʻ zot zamonida, bir lagan
Boshda tillo, bola xatar bilmagan,
El-yurt kezsa, birov xafa qilmagan.
Har yulduzni artib qoʻygan Ulugʻbek,
Bir-bir sanab tartib qoʻygan Ulugʻbek.
Koʻkka boqib zavqin tuygan Ulugʻbek, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
X
– Yor ishqiga ayla koʻngilni payvand,
Kasbu hunar ila etgil qoʻlni band –
Bahouddin Naqshbanddan naqsh pand.
“Xamsa” turgan uyning undan toʻri yoʻq,
U boʻlmasa oʻzbek tilim qoʻri yoʻq.
Navobaxshning Navoiydan zoʻri yoʻq.
Bek oʻzbek soʻzining libosi yoʻq oʻz,
Koʻrib atlas soʻzni quvonmasmi koʻz,
“Xatti Boburiy”ni sogʻinar har soʻz.
Ustoz aytdi: “Kishi koʻrmas joyda soʻy”,
Qoʻltigʻida xoʻroz Mashrab, bosdi oʻy:
“Alloh koʻrib turar, sen bu ishni qoʻy!”.
Koʻngil navo istar, soʻz istar gohi,
Kimki dildan ogoh – eldan ogoh u,
Gohi Feruz kabi, gohi Ogahiy.
Eldan yuz burmagan shoir yuzi oq,
El dardin kuylagan shoir soʻzi haq –
Xuddi Ajiniyoz, bamisli Berdaq, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XI
– Sohibqiron qadri koʻp bor bilindi,
Xalq yarosi bitib yana shilindi.
Daryo edi, necha koʻlga boʻlindi.
Biri amir, yana biri xon boʻldi,
Bugʻdoy bir yon, somoni bir yon boʻldi,
Raiyatning holi koʻp yomon boʻldi.
Bu zaiflik oq poshshoga qoʻl keldi,
Turkiy elga zambarakdan doʻl keldi,
Pilta miltiq tutgan askar moʻl keldi.
Yov zoʻr kelur yurt yovugʻi yovlashsa,
Ulugʻlari obroʻ tilab dovlashsa,
Merganlari oʻz-oʻzini ovlashsa.
Qaygʻu-gʻamga choʻmdi yana Turkiston,
Mardlarini koʻmdi yana Turkiston,
Botgan kundek soʻndi yana Turkiston.
Namoz botir, Dukchi eshon isyoni,
Yomgʻirdagi choʻgʻdek oʻchdi tez yonib.
Bunday dardning boshqa yoʻqdir misoli, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XII
– Oq poshshoni qizillar etdi taʼqib,
Qirgʻin qildi bir-birin boshin chaqib,
Otga mindi qaroqchi shamshir taqib.
Davron surdi makrini tuzoq qilib,
Millatiga farzandini oq qilib,
Ayro etdi oʻzbegu qozoq qilib.
“Bosmachi” deb necha yolgʻon toʻqidi,
Yurtim degan koʻkragidan oʻq yedi,
Quvgʻin borki, bari boyu toʻq edi…
Joynamozni toptab nopok dahriylar,
Odatimiz etdi necha tahrirlar,
Nola qildi dilda oyat, takbirlar.
Tinglamadi mazlumlarning dardini,
Boshoq kabi oʻrdi elning mardini,
Yuvsa ketmas isnod yuqi – gardini.
Makkor daho. Qattol tuzum. Puch hayot,
Sindi yulduzlarni yelpigan qanot.
Qalam, kiygan toʻnlaringni yechib ot!
Boʻlmas edi buncha sitam, otqinlar,
Tushmas edi xalq boshiga yot kunlar,
Chiqmasaydi oʻzimizdan sotqinlar.
Qodiriyning kiprigida qotgan yosh –
Oʻzbek elim yuragiga botgan tosh,
Jaholatdan millatni uygʻotgan yosh –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XIII
– Odam qonin toʻkmoq gunoh gunohi,
Ikki dunyo tinchlik bermas xun ohi,
Badnom ketdi ikki davlat podshohi9 .
Chorak asr bir siymo ot ustida,
Oʻz holiga qoʻymadi yot ustida.
El dodini tingladi dod ustida10.
Qaydan keldi bunday balo-battarlar,
Xos zoti ham bir-birini sotarlar,
Uyat demay, orqadan tosh otarlar.
Qasd oʻtida qayrab Shoʻro tishini,
Oʻylab topdi boʻhton – “Oʻzbek ishi”ni,
Badnom etdi necha toza kishini, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XIV
– Vafo kimki qilur topgay vafoni,
Qilur oʻz joniga har kim jafoni,
Jafo jonibidan topgay safoni.
Falakning-da sir ichra sir kori bu,
Istiqlol – xalq yarasiga dori bu.
Hurlik bayrogʻini tutdi Karimov11 .
Butun jahon tillarida bir kalom –
Jarangladi Oʻzbekiston degan nom,
Qadim yurtga qaytdi qadim ehtirom.
Qad rostladi Amir Temur haykali,
Sayqal topdi yana dunyo sayqali,
“Bu bogʻlar bir bogʻlar boʻlajak hali”12 –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XV
– Oʻzbekiston – biru borim sen oʻzing,
Ixtiyori ixtiyorim sen oʻzing,
Ikki dunyo nomus-orim sen oʻzing.
Ulugʻ yoʻlda ulugʻ karvon elim bu,
Yulduzlarga qoʻygan narvon elim bu,
Ming baxtida ming bir armon elim bu.
Har fasli olmosday tovlanar yal-yal,
Billur qish, feruza bahor na goʻzal,
Oltin yoz, yoqut kuz… bari mukammal.
Hayot oʻtovida qadr chirogʻi,
Turkiy elning mangu qoraqalpogʻi.
Quvonch-tashvishi bir, bir suvi, bogʻi, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XVI
– Barchaga teng ufurganday gul isi,
Bitta noni boʻlsa, oʻzbek ulusi
Yetti koʻcha bilan yegay boʻlishib.
Ostonadan kirib kelsa gar mehmon,
Joy koʻrsatib darrov yozar dasturxon,
Otdan tushmay qaytib ketsa, tutar non.
Kezi kelsa, kezib “Uchar gilam”da,
Bulutlarga yomgʻir ekib, qadamda
Gul undirar. Oʻzbek shunday odam-da!
Otajon, deb qoʻllariga suv quysam,
Onajon, deb tizzasiga bosh qoʻysam,
Yonib suysam, oʻtday lovullab suysam.
Ushalgani shudir orzu-tilagi,
Har kun kirib kelsa farzand yoʻlagi,
Ona qalbi jannatning bir boʻlagi.
Koʻk yuzini artar bulut, kori bor,
Yer yuzining oq sochigʻi – qori bor,
Yigit koʻnglin pok tutguvchi ori bor.
Qiz bola – bu farishta dugonasi,
Qalbi mehr-muhabbat koshonasi.
Ibo-hayo ramzi, millat onasi, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XVII
– Bogʻbondan soʻr chamanda gul atrini,
Muhtoj bilar saxovatning qadrini.
Keragida tosh tillodan qadrli.
Rizq axtarib necha yurtdan kelurlar,
Gul shoxida sayrab orom olurlar.
Dunyo kezgan qushlar dardim bilurlar.
Yaxshi koʻrinay der yuzboʻyamachi,
Aslini yashirar koʻzboʻyamachi.
Baridan battari soʻzboʻyamachi.
Toʻgʻri soʻzning qanotini qayirmang,
Yolgʻon aytib, meni eldan ayirmang,
El soʻz degil desa, men ham shoirman.
Gap oʻrgatmang meni yoʻqlab kelganga,
Yuragini hasrat choʻgʻlab kelganga.
Nur poyondoz oʻz qadrini bilganga.
Qalam boʻlsa el dardini yozmasmi,
Odam boʻlsa el dardida oʻzmasmi,
Yoʻq esa, bosh olib ketmoq sozmasmi?
El dardida xavf-xatarga tik borib,
Soʻz aytur chin shoir koʻnglini yorib,
Misli Erkin Vohid, Abdulla Orif, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XVIII
– Doʻsti koʻpning dushmani koʻp, bilmaysiz,
Doʻst boʻlsangiz, nega doʻstlik qilmaysiz,
Nega quchoq ochib elga kelmaysiz?
Bir noxushlik boʻlsa, bagʻrim ezadi,
Koʻnglim oʻzin aybi borday sezadi,
Nomard buzar. Mard ulugʻ ish tuzadi.
Koʻngil mahbub kishi ishqibozidir,
Kim oqsoqol, kim hokim, kim qozidir,
Topgay qadr gar odamlar rozidir.
Bir vallomat ariq qazar, shu kundan
Necha tirik jon ichadi suv undan,
Yurt ertasi kurtak otar bugundan.
Kitob – ilmu urfon, bilim Kaʼbasi,
Ziyorat ahlining shaʼn-martabasi.
Umr shamdek soʻnar, hikmat abadiy.
Maqol borki, toy qoqilib ot boʻlar,
Yogʻiylashsang, tugʻishganlar yot boʻlar,
El birlashsa, arvohlar ham shod boʻlar.
Charaqlagan yulduzki, bir ziyosi,
Alvon-alvon lolalar – qir ziyosi.
Haq soʻzi – dil osmoni nur-ziyosi, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XIX
– Koʻnglingni och, gul vaqti ham gʻanimat,
Bu zavqu shavq, bu dardu gʻam gʻanimat,
Odam aziz, yorugʻ olam gʻanimat.
Qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman, oʻzbek el,
Bir jonu bir tanda qoshu koʻzdek el,
Bir-biriga urugʻ-aymoq, oʻzdek el.
Gʻam-qaygʻu ekilar tinchlik boʻlmasa,
El qaddi bukilar tinchlik boʻlmasa,
Davlatlar toʻkilar tinchlik boʻlmasa.
Oʻzbek yoʻli dunyo kezib, boshidan
Don tashigan, kitob, irfon tashigan,
Yangramoqda qayta qadim nashida.
Dunyo minbaridan oʻzbek soʻzini
Tinglab ahli jahon ochdi koʻzini,
Maʼrifat nuriga chaydi yuzini 13, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XX
– Shaxmat maydonida eng yuksak rivoj –
Oʻn ikki yoshida kiydi boshga toj
Oʻzbek Javohiri 14. Charaqla, quyosh!
Tarixni bezagan zotlar naslimiz,
Fasli bahor misli hayot faslimiz,
Asliga qaytgusi shoyad aslimiz.
Oʻzligingdan avval angla oʻzingni,
Ilm nuri ravshan etsin koʻzingni,
Temur shahdi ila qayra soʻzingni.
Quchmoq istarsan magar umringda shon,
Bir tuxum, bir maysa yangligʻ qiyna jon –
Qorda muzla, yomgʻir ich, oftobda yon! –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi.
XXI
– Himmat ahli koʻprik qurgan, yoʻl qurgan,
Tikanzorni bogʻ etmakka qoʻl urgan,
Eranlardan elga qolgan gulqoʻrgʻon.
Biz ham etib ahd kamolot chogʻimiz,
Yana obod boʻlsin dedik bogʻimiz –
Har mahalla, har shahar, qishlogʻimiz.
Yuragimda armonim koʻp, bori gap,
Bir tilagim – oʻzbekona oriyat
Dunyo kezsin, kamol topsin pok niyat.
Soʻzim shu, har oʻgʻil-qizga murodim,
Butogʻi bizga, gul sizga murodim,
Gʻurur tiklang dilingizga murodim.
Oyday chiroy ochsin Vatan talʼati,
Yuksal, buyuk allomalar millati.
Keldi yashash chogʻi yurtni gullatib, –
Yurt oʻgʻloni elga shunday soʻz dedi!
2017 yil avgust –
2019 yil yanvar.
Izohlap:
- Aln Er Tungʻa — miloddan avvalgi VII asrda Turon davlati shakllanishiga asos solgan, Afrosiyob nomi bilan tanilgan buyuk xokon.
- Iskandar Maqduniy — miloddan avvalgi IV asrda Oʻrta Osiyoni bosib olgan yunon-makedon qoʻshinlari sarkardasi, xalq orasida shunday nom olgan Aleksandr Makedonskiy.
- Milodiy VI-VII asrlarda Bilga xokon va uning inisi Kultegin davrlarida turk xalqi qaytadan qad rostlagan.
- Allohning Rasuli (elchisi) va paygʻambari, Islom dinining asoschisi — Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vassalam. Ul ulugʻ zotga muqaddas Qurʼoni karim nozil boʻlgan.
- Muhammad al-Buxoriy (810-871) Qurʼoni karimdan keyingi birinchi ishonchli manba sanalmish «Sahihi Buxoriy» nomli hadislar toʻplamini tuzgan ulugʻ alloma, muqaddislar sultoni.
- Ahmad al-Fargʻoniy (797-865) — IX asrda yashagan fargʻonalik buyuk astronom, matematik, geograf. Olimlarning eʼtiroficha, buyuk italyan shoiri Dante «Ilohiy komediya»da jannat va doʻzaxni tasvirlar ekan, Alfraganus (evropaliklar uni shunday deya atashgan)ning «Osmon xaritasi»dan foydalandim, deb yozgan.
- «Hibbat-ul haqoyiq» — XII asrning 2-yarmida yashagan adib Ahmad Yugnakiyning asari. «Haqiqat sovgʻalari» degan maʼnoni anglatadi.
- Tarixiy manbalarda yozilishicha, turkiy tilli ushbu sohibjamol malika xirgoh tuynugidan kirib kelgan yigit timsolidagi nurdan homilador boʻladi. Mirzo Ulutbekning «Toʻrt ulus tarixi» kitobida yozilishicha, Soh,ibqiron Amir Temur nasli oʻn toʻrt avlod osha Alanquvaga borib bogʻlanadi.
- Millionlab odamlarning yostigʻini quritgan 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushining bosh aybdorlari — Adolf Gitler va Stalin.
- Shoʻro istibdodi zamonida chorak asr Oʻzbekistonga rahbarlik qilgan xalqparvar davlat arbobi, shoir va adib Sharof Rashidov (1917-1983) nazarda tutilgan.
- Islom Karimov (1938-2016) — Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti.
- Atokli oʻzbek shoirasi Zulfiya (1915-1996) satri.
- BMT Bosh assambleyasining 2018 yil 12 dekabrdagi sessiyasida bir ovozdan «Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik» maxsus rezolyusiyasi kabul kilindi. Aynan ushbu gʻoya 2017 yil 19 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi maʼruzasida ilgari surilgan edi.
- Dunyo shaxmat tarixida eng yosh ikkinchi, Osiyoda eng yosh birinchi jahon chempioni — Javohir Sindorov.
Manbaa: UzAS. uz