Safar Barnoyev: Soʻzlarda insonning yuraklari bor

0
3131
marta koʻrilgan.

Safar Barnoyev xx asrning 60 yillaridan keyingi oʻzbek bolalar adabiyotini ham shoir, ham nosir, ham publitsist sifatida boyitgan va shu asosda haqli ravishda oʻz oʻrnini topa olgan ijod olamining yorqin namoyandasidir.

            Bolaligi ikkinchi jahon urushining tahlikali yillariga toʻgʻri kelgan adib ijodida oʻzbek bolalar adabiyotining rang-barang muammolari bilan birga bolalar taqdirida ayanchli iz qoldirgan urush dahshatlari ham keng oʻrin olgan…U bir umr ota mehrini qoʻmsab, sogʻinib yashadi. Bu narsani “Dadamning qoʻllari”, “Dadamning qopchigʻi”, “Dadalar” kabi toʻplamlarida aniq koʻramiz, his qilamiz.

Shuningdek, «Sogʻinch» (1975), «Yulduzxon va Bahorjon» (1977), «Soldat qaytgan kun» (1979), «Oq laylaklar» (1982), «Egizaklar» (1985), «Mukofot» (1983), «Tinchlikni ulugʻlaymiz» (1986), «Dadam haqida qoʻshiq» (1989), «Karimjon — karmon» (1988), «Beliʼe aistiʼ» (1990) kabi oʻnlab sheʼriy, nasriy asarlari chop etildi. Bularning koʻplari rus, ukrain, belorus, latish, moldovan, polyak, chex, arman, ozor, tojik, qozoq, qirgʻiz, turkman va qoraqalpoq tillariga ham tarjima qilingan.

            Ijodiy faoliyatini respublika bolalar gazetasida boshlagan Safar Barnoyev oʻzbek bolalar matbuoti taraqiyotiga ham munosib hissa qoʻshdi. “Gulxan” jurnaliga rahbarlik qilgan davrlarida oʻnlab yosh qalamkashlarni kashf qildi, ularning mahoratlari oshishida yangi-yangi asarlar yozishiga turtki berib. ustoz maqomiga ham erishdi. Shu bilan birga sermahsul ijodida soʻzlarning qadriga yetdi, ulardan zargarona  foydalandi.

                        Soʻzlarda insonning yuraklari bor,

                        Soʻzlarda insonning tilaklari bor.

                        Soʻzlar shamollarga uchmasin aslo…

                        Inson aytganidan kechmasin aslo… deydi shoir bir sheʼrida.

Zero, shoir butun hayoti davomida ana shu toʻrtlikka amal qildi, hamisha aytgan soʻzida turdi. Halol lafz bilan yashadi. Biroq bitta, bittagina gapining ustidan chiqa olmadi. Safar aka bot- bot “Neʼmatning (taniqli yozuvchi Neʼmat Aminov) otasi 100 yil umr koʻrdi. Biz ham 100 yoshga kiramiz, derdilar. Afsuski oʻzlari bu hayotdan 63 yoshlarida koʻz yumdilar. Nachora, bandasi bu borada ojiz ekan. Ammo,  Safar aka ushbu tashbehda adashdi, deya olmaymiz, chunki ijodkorning umri u yozgan asarlarda davom etishi ayni haqiqat.  Marhum ustozimizning umri u kishi adabiyotimizga qoldirib ketgan 20 dan ortiq sara asalarda davom etaveradi. Bu asarlarni oʻquvchilar hamon qidirib topib, mehr bilan oʻqiyotgan  ekan, shoirning orzu qilgan niyatlari ila aytganda  100 yil emas 500 yil yashaydilar, —deydi uzoq yillar «Gulxan» jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari boʻlib yonma-yon ishlagan mohir jurnalist Muhabbat Hamidova.

Safar Barnoyev oʻzining «Tinchlikni ulugʻlaymiz» kitobi uchun Gʻafur Gʻulom mukofotiga sazovor boʻlgan.

           Garchi ustoz oʻzbek  adabiyotida bolalar yozuvchisi deb tan olingan boʻlsalarda kattalarga ham juda yaxshi sheʼrlar, hikoyalar yozib qoldirganlar. Quyida ulardan ayrimarini eʼtbringizga havola qilamiz. Chop etilmagan ushbu sheʼrlarini Safar Barnoyevning qizi, oliy toifali vrach  Yulduz Safarovna Moʻminova otasining 80 yilligi munosabati bilan padari buzrukvorini eslab tahririyatlarga tarqatib chiqdi.

 

                         G U L

Qoʻlga tegmasdan burun,

Dasta boʻlib boylandi gul.

Kuldi yorning chehrasi,

Yor boshidan aylandi gul.

           Umrimiz etsin davom,

           Yoru diyor kulsin mudom

          Elchiman shodlikka deb

         Dil bogʻida saylandi gul.

               QARIYALARGA QASIDA

Bobomizni agar siylasak,

Momomizni agar siylasak,

Bu qarzimiz bir kun qaytadi

Jonimizni fido aylasak.

       Uyimizning toʻri sizniki,

      Qalbimizning qoʻri sizniki

      Chirogʻimiz nuri siz bilan

      Koʻzimizning nuri Sizniki.

Siz borsizki, barakamiz bor,

Toʻyu hasham maʼrakamiz bor.

Qariyasi bor har bir xonadon

Bu dunyoda biling baxtiyor.

       Noziklashib borar taʼbingiz

     Bajaramiz har talabingiz.

     Nevaram deb, nevaralar deb

     Urib tursa boʻldi qalbingiz.

                B U V I L A R

Oyijonim koyidi,

Qarang Savri xolani.

-Tugʻmagandim,quloqsiz

Qilib senday bolani.

     Onam bor deb bir kelib

     Mendan xabar olmaysan

    Akalaring gapiga

    Sira quloq solmaysan.

Bor, qozonga oʻt yoqqin,

Damlab kelgin achchiq choy!

Shirin-shirin soʻzimni

Sogʻingansan hoynahoy.

    Bizlar boʻldik xangu mang

    Kampir koyir kampirni,

   Non yopishchun bitta chol

   Yoqayapti tandirni..

Savri xola jim turar

(Iloj yoʻq bundan boʻlak)

Yoshmas Savri xola ham,

Nevarasi bir etak.

     Yuzga kirgan onasi

     Koʻzin uzmas xoladan

     Ish buyurar yonboshlab

     Bolasan-da, bolasan.

Savri xola pildirar

Bir kam sakson yoshida.

Nevaralar moʻltirar

Buvisi yonboshida.  

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.