Shoira Dilbar Haydarova: Quyosh sonatasi

0
818
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi anjumanlar zalida shoira Dilbar Haydarovaning  “Quyosh sonatasi”  nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. 

Tadbirni  uyushma raisi, Oʻzbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid kirish soʻzi bilan ochib, shunday dedi: Mamlakatimizda ijodkorlarga alohida eʼtibor berilayapti. Ularga ”Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalarni, keyingi davrda amalga oshirilgan ulugʻvor oʻzgarish va islohotlarni  nazm hamda nasrda va publitsistikada aks ettirishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ijodkorlar turar-joylar bilan taʼminlanayapti. Davlat mukofotlari bilan ragʻbatlantirilmoqda. Yaqinda Zomin tumanida uyushma aʼzolari uchun yana bir dam olish maskani ishga tushayotganligi  ijodkor ahli davlatimiz eʼtibori  va eʼzozida ekanligini yana bir bora ifodalaydi. Xalqimizning bunyodkorlik  ruhi va milliy qadriyatlari har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun biz ijodkorlar bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur”.

Sirojiddin Sayyid Dilbar Haydarova sheʼrlarining hamishagidek samimiyligi, joʻshqinligi, zamon bilan hamnafasligi haqida gapirib, adabiyot maydonida oʻz oʻrni borligi va yangi dil daftari Quyosh sonatasi”  kitobi bilan qutlab, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoa fondi tomonidan “Adib va jamiyat” turkumida chop etilgan kitoblar toʻplamini gullar bilan armugʻon qildi.

Muallif bilan boʻlgan uchrashuvda soʻz olgan ishtirokchilar — oʻzbek xalqining sevimli shoirlari Abdulla Sher, Azim Suyun,  Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari shoira Sharifa Salimova va Xosiyat Bobomurodova , “Quyosh sonatasi” kitobi muharriri  Nosirjon Joʻrayev, Uyushma raisining tashkiliy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gʻayrat Majid  kabi koʻplab yelkadosh ijodkorlar  shoira ijodiy faoliyati va asarlarining oʻziga xos xususiyatlari haqida oʻz fikr – mulohazalarini bildirdilar.

Shoiraning «Norin mavjlari» nomli ilk kitobiga akademik Vohid Zohidov «Dilbar shoira» nomli maqola yozib, oq yoʻl tilaganini, “Muhabbat fasli»,  «Nastarin»,  “Tojmahal» kabi oʻnlab sheʼriy va nasriy toʻplamlari  chop etilganini taʼkidladilar.

Darhaqiqat,  shoira Dilbar Haydarovaning sheʼrlari taqdimot qatnashchilari taʼkidlaganidek  oʻzidek sodda, joʻshqin va samimiy. Shoira ijodning ushbu oʻziga xosligi “Oʻsha- oʻshaman” sheʼrida ham oʻz ifodasini topgan.

Yuribman-da, doim oʻsha-oʻshaman,

Boladay xayolkash, boladay sodda.

Daryo, dengizlarga qarab joʻshaman,

Har bir yaxshilikni saqlayman yodda…

Shoira oʻzi kuylaganidek, boladay xayolkash, boladay sodda kishigina Yaratganning inʼomlari – yer-u koʻkdan, daryo-yu dengizlardan, borliqning jamiki nazokatu nafosatidan zavqlana oladi. Ana shu zavqu shavq ilhom bagʻshida qiladi.

“Quyosh sonatasi” kitobidan esa shoiraning turli yillarda yozilgan muhabbat, sadoqat, yaxshilik, ezgulik kabi yuksak insoniy fazilatlar tarannum etilgan betakror sheʼrlari oʻrin olgan.Quyosh sonatasi” sheʼrining kitobga nom qilib tanlangani ham bejiz boʻlmasa kerak. Ushbu nazmda yurt tarovati, elimiz odamlarining goʻzal qadriyatlari ezgu ohanglarda  qoʻshiqdek tomirlarga oqib kirib dillarni nurlantiradi, qalblarni yayratadi. Sheʼriyatning kuchi ham qudrati ham ana shunda! Inson ruhiyatini ezguliklarning kengliklariga  boshlab ketishida!

Qush uchsa qanoti kuyadi,

Bu issiq soʻraydi jonga- jon

Quyosh ham kuydirib suyadi,

Kuydirding, Osiyo, onajon.

 Quyoshli mamlakat qiziman,

Quyoshday qizdirar yuzlarim.

Quyoshni suyganning iziman,

Quyoshda qoraygan koʻzlarim.

Shu Quyosh aslida otamdir,

Onamning shirmonday yuzlari,

Dalaga qoʻr toʻkkan Hotamdir,

Hosilga gʻarq qilgan kuzlarni.

Dunyoda quyoshga zorlar koʻp,

Koʻp ellar nurga tilanchi.

Erimay turguvchi qorlar koʻp,

Bugʻdoyni olganda biz yanchib.

Oʻzbekning bolasi sabrli,

Suyagi mehnatda qotadi.

Mehnatdan topib al-jabrni,

Quyoshday quyoshga botadi.

Biz Dilbarxon bilan Oʻzbekiston televideniyesida yonma-yon ishlagan yillari tanishganmiz. Shunga ham oʻttiz yillar boʻlib qoldi. Shu-shu ijodini kuzatib kelaman. Oilaviy kutubxonamizdan shoira dastxat yozgan koʻplab kitoblari joy olgan. Vaqti – vaqti bilan ochib oʻqib turaman. Darhaqiqat, sheʼrlarida oʻzidek samimiylik, soddalik, joʻshqinlik mavjud.

Ushbu ezgu niyatlar, otashli satrlar osmon qadar yuksalaverishini saytimiz ijodkorlari nomidan tilab qolamiz.

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.