Yangi Oʻzbekistonning kundan kunga chiroy ochayotgan Nurafshon shahrida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, xalqimizning sevimli shoirasi Sharifa Salimovaning qutlugʻ 70 yoshi munosabati bilan adabiy-maʼrifiy kecha tashkil etildi.
Tadbir Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyati hokimligi va viloyat uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat boʻlimi bilan hamkorlikda uyushtirildi. Maʼarifiy kecha shoira hayoti va ijodini aks ettiruvchi videofilm namoyishi bilan boshlandi.
Yoshlar markazida oʻtkazilgan tadbirni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ochib berdi. Shundan soʻng, shoirani qutlash uchun Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov, Bosh vazir oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Xurshid Doʻstmuhammad hamda Farida Afroʻz, Oʻzbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Feruza Muhamedjanova shoiraning betakror ijodi va ijtimoiy faolligi borasidagi fikrlarini, iliq tilaklarini bildirdilar. Shoiraga esdalik sovgʻalari topshirishdi.
Kechada Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekiston Qahramoni Munojot Yoʻlchiyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Arabov, Axror Usmonov kabi qator sanʼatkorlar ijrosidagi qoʻshiqlar tomoshabinlarni xushnud qildi. Shoira shaʼniga sheʼrlar jarangladi.
Shoira muxlislariga “Ayolga ehtirom”, “Vatan suvrati”, “Tongga qasam”, “Vafoning iffat yoʻli” kabi qator asarlarini taqdim etdi. Ijod, oila bilan bir oʻrinda jamiyat ijtimoiy hayotida ham oʻz oʻrniga ega boʻldi.
Ijodkorning asarlarida Vatanga boʻlgan mehr, elga –yurtga boʻlgan oʻzbekona samimiy tuygʻular, oʻzlik, milliylik ufurib turadi. Uning dostonlarida, publitsistik toʻplamlarida oʻzbek ayolining fidoyiligi, koʻngil kechinmalari, sadoqati kuylanadi.
Kecha yakunida shoira Sharifa Salimova tantana ishtirokchilariga eʼtibor va ehtirom uchun minnatdorchilik bildirdi. Goʻzal sheʼrlaridan oʻqib berdi.
Eʼtiborlisi shuki, qutlugʻ sanaga Sharifa Salimova katta tayyorgarlik bilan keldi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan “TANLANGAN ASARLAR” kitobi tandirdan uzilgan issiqqina nondek muxlislarga armugʻon etildi. Shoira asarlarini toʻplab nashrga tayyorlagan shoira Farogʻat Xudoyqulova shunday yozadi: “Shoira ijodidan saralangan toʻplami uning umr ummonidan terib olingan gavharlardir. Ona Vatan, mangu navqiron ishq suvratlari, asrlar zamzamasida tobora sayqallanib, xalqimiz tomirlarida qondek oqayotgan oʻzlik, milliylik, mangu xotiralar oʻzga xos sheʼriy joziba kasb etib, oʻquvchi qalbiga kirib boradi. Kitobdan joy olgan dostonlar esa olis tariximiz bilan roʻbaroʻ boʻlish uchun yana bir abadiy imkoniyatdir. Oʻylaymizki, ushbu saylanma sizga manzur boʻladi”.
“Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan “Sharifa Salimova va zamondoshlar” nomli asarda esa shoiraning siyrati va suvrati muxlislari, zamondoshlari qalamida shoiraning olovli, taftli, haroratli sheʼrlaridek oʻz ifodasini topgan.
Tadbirda ushbu kitoblarni qoʻlga olib, barcha ishtirokchilar va muxlislari qatori biz doʻstlari ham benihoya xursand boʻldik. Fikrimizni saylanma asarning ”Choʻqqilarga qoʻnar burgutlar” turkumidagi yurtga bagʻshida satrlar bilan yakunlaymiz.