Shunday marhumlar borki – ular tiriklardan koʻra barhayotdir!

0
1330
marta koʻrilgan.

Matnazar Abdulhakim sheʼri: Darsdan soʻng

Kimnidir koyidi chekkani uchun.

Tortib olib qoʻydi gugurtini ham.

Mashq daftarlarini yigʻdi-da, soʻngra

Bir-bir sanab koʻrdi. Yetti daftar kam.

       «Har gal shunday ahvol. Uyalmaysizmi?

       Kelasiz oʻqishmas, qilish uchun sayr.

       Bu safar ham ikki qoʻymay turaman,

       Ertaga qolganlar topshirsinlar. Xayr».

Qish kuni — bir tutam. Qoraygandi qosh.

Ikkilandi. Oʻtmak kerak, axir, qirdan.

Eri ham kelmadi olib ketishga

«Koʻngli sovidimi…» — vahm etdi birdan.

      Hamkasb dugonasi qistovga tutib,

     «Tunab keting, — dedi . — Kech boʻlib qoldi»

       Koʻnmadi. Qoʻltiqlab mashq daftarlarni

      Uyga yolgʻiz oʻzi yayov yoʻl oldi.

Ovul tugab, endi qirga chiqqanda

Oqshom quyuq edi, atrof sim-siyoh.

Yoʻldan qaytmoqchi ham boʻldi bir oʻyi.

«Oʻgʻlim xastalanib qoldimikan yo…»

      Yuragini battar vahima bosdi,

      Qamradi tundan ham battar bir qoʻrquv.

     Oʻnqirmi, choʻnqirmi, oʻrmi, qir demay

     Yana ketaverdi, ketaverdi u.

Mudhish bir sharpani ilgʻadi nogoh,

Razm solsa qashqir. Qilardi taʼqib,

Esladi yirtqichning qoʻrqishin oʻtdan,

Iziga bir daftar tashladi yoqib.

      Qashqir toʻxtab qoldi. Soʻng — yana, yana,

      Muallima omon topgan bu olov

     Yirtqichga berardi ilojsiz sabr.

    Yoʻlovchi — yoqardi, qashqir — toʻxtardi,

Tin olardi ikkov har daftarda bir.

Yoʻl uzoq, tun qaro, qashqir esa och,

Och yirtqich bilarmi nadir sadoqat.

Uyga yaqin qolgan vaqtda tugadi

        Muallimda daftar, qashqirda — toqat.

        Uvvos figʻon tutdi qishloqni tongda,

        Zamin aza ochdi, zamon yigʻladi.

       Daftar topshirmagan yetti oʻquvchi

Hammadan ham yomon yigʻladi.

Noʻnoq nazmim uchun afv et, xalqim,

Na olim, na fozil, na soʻz piriman.

Oʻz vaqtida daftar topshira olmay

        Qolgan bolalarning biriman.

       Men yaxshi bilaman, tumor qilmaydi

       Yozgan sheʼrlarimni oshiqlar.

      Men yaxshi bilaman, qoʻshiqlarim joʻn,

       Bilaman, bular bir oddiy mashqlar.

Lekin… ketmakdasan kelajak sari

Tap tortmay qismatning dasht, qirlaridan.

Oʻzimcha asragim keladi seni

Yovuzlik, xiyonat qashqirlaridan.

       Men mashq bajaraman, yozaman har kun

      Daraklar, soʻroqlar, xitoblarimni.

      … Sen yoʻl boʻyi yoqib tashlab ketaver

      Qashqirlar qoʻrqquvchi kitoblarimni…

Har safar betakror shoir Matnazar Abdulhakimning ushbu sheʼrni oʻqiganimda mijjalarimda yosh qalqadi.

Kursdoshlarning ijodiy gurugida  xorazmlik doʻstimiz ushbu sheʼrni  ulashdi. Metroda oʻqib ketayotib yana oʻsha ogʻriqli hislarni tuydim. Oʻqituvchi obrazini juda mukammal tasvirlagan shoirning mahoratiga  qoyilman. 

Aytishlaricha, yuqoridagi suvratda mazkur sheʼrga qoʻyilgan haykal aks etgan ekan. Tabiiy-ki uni shoir hayotdan olib yozgan. Ushbu sheʼri bilan shoir oʻqituvchi siymosi orqali oʻzini ham mangulikka muhrlab ketdi, degim keladi. Nukusdagi ushbu yodgorlik ustoz siymosiga qoʻyilgan Osiyodagi yagona monument hisoblanadi.

Marhumlar  xotirasiga ehtirom ila Nargiza ASADOVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.