SIROJIDDIN SAYYID: KIM TILNI BILUR — ELNI BILUR (Avaz Oʻtar gʻazaliga muxammas)

0
86
marta koʻrilgan.

Gar ushbu Vatan bizga azal ota makondur,
Sultonlaridin shaʼni aning roʻyi jahondur.
Kim tilni bilur — elni bilur, shoniga shondur,
Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur1.

To yogʻmasalar boshingiza taʼnayu toshlar,
Toshdin ham qatiq boʻlgusidir ilm ila boshlar,
Ey siz, qorakoʻzu qorasochu qoraqoshlar,
Gʻayri tilini saʼy qiling bilgali yoshlar,
Kim ilmu hunarlar bilaki andin ayondur.

Boʻlmas kishiga koʻrku husn soʻzni gulidek,
Har tilni biluv — dilni biluv, dilni — elidek,
Tilni yoʻli ham shoh jahongirni yoʻlidek,
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka oni gʻayrat eting, foida kondur.

Haq sizga beribmish suvingiz ham dalangizni,
Oʻz bogʻingizu, qir-adiringiz, lolangizni,
Teng aylab jahon ahliga kuch-hafsalangizni,
Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Onda oʻqugʻonlar bori yaktoyi zamondur.

Umr oʻtgusidur suv kabi yo suvdagi xasdek,
Dilbandlaringizning bari daryoyi havasdek,
Ilm olmasalar umr boʻlur tiyra qafasdek,
Zor oʻlmasun onlar dagʻi til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidan oni bagʻri toʻla qondur.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.