Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid “Yaxshilik eskirmagay” turkumi bilan qirq hadisning poetik ifodasini benihoya jozibali misralarda aks ettirgan. Ushbu turkum salohiyatli shoirning ikki jilddan iborat “Soʻz yoʻli” kitobiga kirgan zamonaviy milliy adabiyotimizda qadimiy nazmiy anʼanalar qayta tiklangan goʻzal bitiklardir. Undan baʼzilarini eʼtiboringizga havola qilamiz.
MEROS
Hech bir ota oʻz farzandiga xulqu odobdan ulugʻroq meros bera olmaydi.
Otadan farzandga ne yuqar bir kun?
Molu davlatimi – u tugar bir kun.
Qasru ayvonlari topgaymu eʼzoz?
Qanday meros yaxshi, qaysi meros soz?
Bilsang, hech bir ota oʻz farzandiga,
Oʻzidan soʻng qolar jigarbandiga
Meros berolmagay chiroyli va xos,
Xulqu odobdin ham ulugʻroq meros.
YARIM DAVLAT
Qaysi bir moʻminga Xudo soliha xotin nasib qilgan boʻlsa, demak uning diyonatining yarmiga yordam qilibdi. Qolgan ikkinchi yarmi uchun uning oʻzi harakat qilsin!
Hayoli, koʻngilchan bir solihani
Xudoyim umringga hamdam qilibdi.
Demakkim, imonu diyonatingning
Yarmiga u oʻzi yordam qilibdi.
Senga muruvvatu ehsoni shuldir,
Shuldur uyingdagi raxshon yulduzing.
Qolgan yarmi uchun oʻzing jon chekkil,
Oʻzing azob tortgil, intilgil oʻzing.
Suvratda: Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid onasi bilan