Otajonim Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning tavallud kuni munosabati bilan Soʻx tumaniga taklif qilishdi. Juda goʻzal sheʼriyat kechasi boʻlib oʻtdi.
Fargʻona vodiysining soʻlim goʻshalaridan boʻlmish Soʻx tumani oʻzining oʻzgacha tabiati bilan kishini rom etadi. Maftunkor bu maskan nafaqat oʻsimlik va hayvonot olamining betokrorligi bilan emas, balki turli bebaho konlari bilan ham ajralib turadi. Yana bu tumanda qadimdan ziroatchilik, chorvachilik, bogʻdorchilik, ovchilik va hunarmandchilik aholining asosiy mashgʻulotlaridan hisiblanadi. Shuning uchun ham bu yerdan “Buyuk ipak yoʻli” oʻtgan va mahsulot ayriboshlash qulay boʻlgan. Shuningdek, bu tumandagi togʻlarda qadimiy tarixiy tabiiy gʻorlar koʻp boʻlganligi sababli ham odamzodning ibtidoiy jamoa tuzimi davrida yaʼni, tosh davrida qanday yashaganligi bilan olimlar mudom qiziqib, ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.
Bunday jannatmakon va tarixiy hududda tabiyki ijodkorlar ham koʻplab yetishib chiqadi. Sheʼriyat kechasida viloyatning koʻplab ijodkorlari oʻz sheʼrlari bilan muxlislarni mamnun qilishdi. Ana shunday boʻlgʻusi shoiralardan biri soʻxlik Mahtobaxon Saidahmatovadir.
Quyida uning ijod namunasidan sizga ham ilindik.
Shoira Oripova,
“Sharq ayoli” markazi direktori oʻrinbosari
Yurak ursa hamki Vatan deb ursin
Dunyoga keldingmi maqsading boʻlsin,
Qalbing shijoati shodlikka toʻlsin.
Yaxshiyu yomonni farqlay bil ey doʻst,
Yurak ursa hamki Vatan deb ursin.
Koʻzlaring koʻrsa gar yorugʻ olamni,
Har bitta nigohing yaxshiga tushsin
Bir on chetga surgin dardu alamni,
Koʻzlaring koʻrsa ham Vatanni koʻrsin.
Orzu-umid ila bir qasr qurgin,
Uning poydevori ishonchdan boʻlsin.
Sen qurgan shu qasr ona Vatanga,
Zarracha boʻlsada koʻrk qoʻshib tursin.
Vatanga muhabbat, sadoqat ila,
Bosgan har qadaming xayrli boʻlsin
Nimaniki tilasang Vatan deb tila,
Har orzu, niyating ijobat boʻlsin.
Oʻgʻil-qizlaringga toʻgʻri yoʻl koʻrsat.
Toki ular seni yoʻlingda yursin.
Olgʻa intil endi oʻtmasin fursat,
Farzanding yuragi Vatan deb ursin.
Mahtobaxon Saidahmatova