Soʻzi oʻlmaganning oʻzi ham oʻlmas

0
1206
marta koʻrilgan.

Bu yil Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Asqad Muxtor tavalludining 100 yilligi yurtimiz boʻylab keng nishonlanmoqda.

Ushbu tabarruk sana munosabati bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Sharq” nashriyotida atoqli adibning “Tanlangan asarlar” kitobi chop etilmoqda. Ushbu salmoqli nashrdan sevimli adibimizning eng sara asarlari oʻrin olgan. 

Taniqli yozuvchi Xayriddin Sulton tomonidan mazkur kitobga yozilgan Soʻzboshi quyida juzʼiy qisqartirishlar bilan eʼlon qilinmoqda. 

                                                                     __________________________

Qariyb qirq yildirki, har biri oʻziga xos ijodiy maktab yaratgan koʻp ustozlardan kasbu kor va mahorat sirlarini oʻrgandim va hanuz oʻrganib kelaman. Ammo ular orasida mutafakkir adib Asqad Muxtor oʻnlab ijodkorlar qatori men uchun ham birinchi muallim – ustodi avval boʻlgan, deb hamisha faxr-iftixor bilan takrorlayman.

Garchi u kishining vafotidan buyon salkam chorak asr oʻtgan boʻlsa-da, asarlari bugun ham biz bilan birga yashamoqda. Soʻzi oʻlmaganning oʻzi ham oʻlmas. Demak, bugun Asqad Muxtorning ikkinchi umri davom etmoqda. 

                                                                           1 

Asqad akaning bolalik, yoshlik davri qanday kechganini biz faqat uning ayrim asarlari va adib haqida yozilgan kitoblar orqali bilamiz, xolos. Lekin shu narsa aniqki:

Oydinda tugʻilib, joʻyakda chayilgan,

Gʻoʻza bilan oʻsgan bolaman.

Dars oʻrniga qor kechib, loy kechib,

Paxta terganimni esga olaman, – 

degan satrlar uning bolaligi ham millionlab oʻzbek bolalarining qismati kabi kechganidan dalolat beradi.

Men u kishini oʻtgan asrning 70-yillari boshida yaqindan tanib-bilganman. 

Bundan qirq ikki yil muqaddam, dorilfununni endi bitirgan kezlarim taqdir menga Asqad akaning qoʻl ostida ishlash baxtini nasib etdi. Dastlab, “Guliston” jurnalida “umidli muallif” sifatida qatnashgan boʻlsam, keyinchalik ikki yil mobaynida u kishining bevosita rahbarligida xizmat qildim. Bu yillarni hayotimning eng fayzli va unutilmas davri, deb aytsam, xato qilmagan boʻlaman.

Asqad akaning 1970 yili “Guliston” jurnaliga bosh redaktor etib tayinlanishi alohida bir tarix. 

“1966 yili Oʻzbekistonda “Guliston” jurnali qayta ochildi, – deb xotirlaydi taniqli shoir va olim Abdulla Sher. – Bu – oʻzbek xalqining maʼnaviy hayotidagi juda katta voqea edi (shoʻrolar davrida, hozirgidek, xohlagan odam yoki tashkilot, mablagʻi koʻtarsa, jurnal ocholmasdi, har bir nashr, u hatto shapaloqdekkina gazeta boʻlsa ham, Maskovning ruxsati bilan tashkil qilinardi). 

Men – jurnalistika fakultetining talabasi, oʻquv amaliyotini shu jurnalda oʻtkazdim. 

“Guliston” barchaning sevimli jurnaliga aylangan edi; unda lugʻatdagi ruschalashtirish va ovroʻpolashtirishga qarshi oʻzbekchalashtirish, sharqlashtirish uchun kurash borardi: “revolyusiya” – “inqilob”, “redaksiya” – “tahririyat”, “avtor” – “muallif”, “poeziya” – “nazm” yoki “sheʼriyat”, “proza” – “nasr”, “filosofiya” – “falsafa” tarzida muomalaga kiritilardi; “Temur tuzuklari” forschadan tarjima qilinib, sonma-son bosilardi (tarjimon esa Sharqiy Turkistonning norasmiy prezidenti boʻlgan, gomindanchi-bosqinchilardan oʻlkaning deyarli 90 foiz hududini ozod etgan, SSSR KGBsi tomonidan aldov yoʻli bilan Toshkentga bir kechada olib qochib kelingan “xalq marshali”, ilohiyotchi olim, faylasuf va adib Alixontoʻra Sogʻuniy edi); ingliz tarixchi olimasi Hilda Hukhemning Amir Temur haqidagi kitobidan parcha, akademik Ibrohim Moʻminovning “Temur va temuriylar” maqolasi shu jurnal orqali xalqqa yetib bordi; Rasul Hamzatovning milliy qadriyatlar va ozodlikni ulugʻlovchi “Dogʻistonim” asari Erkin Vohidov tarjimasida bosila boshladi. “Gulis­ton” milliy jurnalga aylanib borayotgan edi…”

Siyosiy hushyorlikni unutib, “adabiy partizanlik” yoʻliga oʻtib ketgan sobiq frontchi, jurnalist-adib Ibrohim Rahim oʻrniga bolalar uyida tarbiya topgan, shu bois sovet hokimiyatiga chin dildan sadoqatli, siyosiy pozitsiyasi mustahkam, ehtiyotkor deb hisoblangan Asqad Muxtor jurnalga rahbar etib tayinlanadi. 

Milliy ziyolilar, afkor omma Ibrohim Rahimning qoʻlidan tushgan bayroq Asqad Muxtorning qoʻlida qanday hilpirar ekan, hilpirarmikan oʻzi, degan xavotir bilan jimgina kuzatib turardi. 

Yangi bosh muharrir ikki oʻt orasida qolgan edi. Garchi partiya va xalq — bir tanu bir jon, deb barcha minbarlardan jar solinsa-da, har ikkisiga birdek yoqish amrimahol vazifa edi. 

Xoʻsh, Asqad aka rahbar sifatida ish boshlagach, jurnalda qanday oʻzgarish yuz berdi?

Bu haqda oʻsha voqealarning nafaqat guvohi, balki faol ishtirokchisi boʻlgan Abdulla Sher shunday deb yozadi: 

“Tashqaridan qaraganda, goʻyo jurnalda oʻzgarish boʻlgandek koʻrinardi: “Temur tuzuklari”, “Dogʻistonim” toʻxtatib qoʻyilgan, “bosh muharrir” oʻrniga — “bosh redaktor”, “muallif” oʻrniga — “avtor”, “tahrir hayʼati” oʻrniga — “redkollegiya” yozilardi, oldingiga qaraganda zamonaviy materiallarga kengroq oʻrin berilardi. Ammo sinchkovlik bilan nazar tashlagan kishi jurnal materiallari tobora teranlashib borayotganini, bevosita emas, Ezop tilida bilvosita milliy oʻzlikni tanishga daʼvat etuvchi, oʻquvchini oʻylantiradigan maqola va asarlar berilayotganini, millatimiz tarixi yana ham dadilroq yoritilayotganini koʻrishi mumkin edi.” 

Shu tariqa, zohiran kompartiya Markaziy Qoʻmitasining nashri boʻlmish “Guliston” jurnali bosh muharrir va ijodiy jamoaning aql-zakovati, qatʼiyati tufayli mohiyat eʼtibori bilan erkin va teran fikr minbariga, soʻz boʻstonining chinakam gulistoniga aylanib, keng oʻquvchilar ommasining ishonch-ixlosini qozona boradi. 

Maʼnaviy bedorlik, ruhiy bezovtalik, xalq dardini yurakdan tuyish, faol fuqarolik pozitsiyasi, nuqtai nazarning kengligi va xolisligi kabi xislatlar “Gulis­ton”ni el orasida mashhur va manzur qilgan edi.

Asqad aka jurnal bosh muharrirligiga tayinlanayotganida Markazqoʻm rahbariyati jurnal adadini koʻpaytirib bermoqchi boʻladi. Shunda u kishi kutilmagan gapni aytadi: “Yoʻq, unisi oʻzimizga qolsin. Odamlar izlab oʻqiydigan boʻlsin. Siz aytsangiz, majburiyatga aylanib qoladi”.

Darhaqiqat, qisqa vaqt ichida jurnal adadi uch yuzu ellik mingdan oshib ketadi. 

                                                                              2

Bu davrda jurnal sahifalarida oʻzbek jamiyatida katta shov-shuv qoʻzgʻagan qanday oʻtkir maqolalar chop etilganini koʻpchilik yaxshi eslaydi. 

Oʻsha yillari “Guliston” tahririyatida ishlagan yana bir taniqli adibimiz Tohir Malikning xotiralari ham bu fikrni tasdiqlaydi:

“Asqad Muxtor muharrirligi ostida chiqqan “Gulis­ton” jurnalini varaqlasak, kun tartibiga qoʻyilgan koʻp muammolarni uchratamiz: koʻhna yodgorliklarni asrash, tabiatga mehribonlik, “SJK” (zotdor qoʻylarni sunʼiy urchitish — tahr.) deb atalmish qorakoʻlchilik ofatiga qarshi isyon, “mashinada ming tonna paxta terdi”, degan yolgʻonni fosh etish, amalparastlik xastaligini koʻrsatish, paxta hosildorligini koʻtarish maqsadida tuproqni, odamlarni zaharlashga qarshi turish… 

Bular oson yechiladigan, kun tartibiga qoʻyilgani uchun rahbariyatdan rahmat yogʻiladigan muammolar emasdi. Taʼbir joiz boʻlsa, har birining oʻtkir tish­lari bor edi. Har biri maʼlum maʼnoda partiya olib borayotgan siyosatga qarshi edi. 

Koʻpchilik Asqad akani “gʻoyat ehtiyotkor” deb taʼriflaydi. Bu uncha toʻgʻri emas, ehtiyotkor odamda xudbinlik, qoʻrqoqlik boʻladi. Ehtiyotkor odam jiddiy masalalarni chetlab oʻtadi, alyor aytib yuraveradi. Jurnaldagi har bir jiddiy maqola doʻst-dushmanlarni bir seskantirib olardi. Jumhuriyat rahbarligiga, Moskvaga jurnalning “xato”larini bayroq qilib koʻtaruvchi maktublar oqimi toʻxtamasdi.”

Gapning davomini yana hassos shoirimiz Abdulla Sherdan eshitaylik:

“Darhaqiqat, “Guliston” jurnali Asqad aka rahbarligida tom maʼnodagi milliy jurnalga aylangan edi. 

Birinchi oʻzbek generali Sobir Rahimov deb yurgan xalq Oktyabr toʻntarishigacha Joʻrabek Qalandarqori oʻgʻli degan general boʻlgani, u bir necha gʻarb va sharq tillarida erkin soʻzlasha olgani, uning kutubxonasidan Bartold, Semyonov singari sharqshunos olimlar foydalanganini, u Furqat, Fansurullobek, Sattorxon Abdugʻafurov, Saidrasul Saidazizov, Inʼomxoʻja Umriyoxoʻjayev singari vatanparvarlar bilan birgalikda Milliy ozodlik ligasini tuzishga uringanini va chor xufiyalari tomonidan Qoʻyliqdagi bogʻida sirli ravishda oʻldirilganini bilib oldi. Furqat, avvallari yozib kelinganidek, Rossiyaning Oʻrta Osiyo ustidan hukmronligini qoʻllab kelgan shoir emas, balki milliy ozodlik harakati rahbarlaridan biri, Joʻrabek oʻldirilmasidan biroz oldin aldov bilan, pasportsiz xorijga chiqarilib, keyin Vatan hududiga kiritilmagan ziyoli ekanidan, general Kaufman yenga olmagan qoʻmondon ayol Qurbonjon dodxohdek mard onaxonlarimiz oʻtganidan, Namoz Pirim oʻgʻli, mustamlakachilar alam bilan yozganlaridek, oʻgʻri emas, millat ozodligi uchun kurashgan xalq qahramoni boʻlganidan odamlar “Gulis­ton” orqali birinchi marta xabar topgan edilar. Andijon qoʻzgʻoloni rahbari Muhammad Ali eshonning dor ostida: “Men Vatan ozodligi uchun qurbon boʻlyapman! Yashasin ozodlik! Bosqinchilarga oʻlim!” degan soʻzlari oʻzini tanigan har bir jurnalxon qalbida aks-sado bergan edi. 

Bu milliy qahramonlarimiz haqida yozgan Murod Xidir, Sharif Yusupov, Hamdam Sodiqov, Naim Norqulov, Haydarbek Bobobekov singari isteʼdodli ziyolilar ilk marta xalqqa haqiqatni ochib berdilar. 

Ana shunday materiallarni Asqad Muxtor nafaqat oʻtkazardi, balki ularning mualliflariga “Guliston”ning maxsus mukofotlarini topshirardi”.

                                                                                             3

Odatda muharrirlar haqida gap ketganda, ularning faoliyatiga qanday jasoratli maqolalarni eʼlon qilganiga qarab baho beramiz. Lekin shunday materiallar boʻladiki, ularni chop etmaslik ham bir qahramonlikdir. 

Bosh muharrir sifatida Asqad aka koʻksini qalqon qilib qaytargan materiallarni, afsuski, koʻpchilik bilmaydi. 

Masalan, bir gal Erkin Vohidovga qarshi kattagina maqola yozib keltiriladi. Nima emish — gʻazallari eskilik ruhida, feodalizmni ideallashtirar emish. Albatta, bu maqola jurnal yuzini koʻrmaydi. Muallif janjal koʻtaradi. Masalaga Markazqoʻmning katta mavqega ega masʼul xodimlari ham aralashadi. Unga jiddiy siyosiy tus berib, ishni “doshqozonda qaynatmoqchi” boʻladilar. Asqad aka qatʼiy turib, barchasini bosdi-bosdi qiladi. Ehtimolki, bu voqealardan oʻsha vaqtda Erkin Vohidovning xabari ham boʻlmagan…

Yana bir gal atoqli olim Ibrohim Moʻminovga hujum uyushtiriladi. U kishining “Amir Temurning Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida tutgan oʻrni” risolasiga qarshi moskvalik bir “mutaxassis” yozib kelgan maqola “Gulis­ton” jurnalidan qaytariladi va oxir-oqibat sobiq Markaz bosimi bilan boshqa joyda eʼlon qilinadi. 

Adabiyotshunos olim Ergash Rustamovga qarshi, diniy-mistik shoir Ahmad Yassaviyni koʻtar-koʻtar qil­yapti, degan tuhmat maqolaning “Guliston”da chop etilishi uchun ham qattiq tazyiq oʻtkaziladi. Ahvol shu darajaga yetadiki, Asqad aka axiyri: “Avval meni bosh muharrirlikdan boʻshatinglar-da, soʻng bu kishiga tosh otinglar!” — deyishgacha boradi. 

Asqad Muxtor rahbarligida tahririyatdagi faoliyat — bu sakkiz soatlik odatiy ish emas, tinimsiz, kecha-kunduz davom etadigan maʼrifiy kurash maydoni edi.

Ehtimol, bugun bu gaplar mubolagʻa boʻlib tuyular, ammo oʻsha zamonda “Guliston”da chiqish — yoshu qari yuzlab adiblar uchun faxru gʻurur, isteʼdod shahodatnomasini qoʻlga kiritish bilan barobar edi. Bu dargohda unvonu nufuz degan matohlar oʻtmas, har kimning moliga — yozgan matniga qarabgina tosh-tarozi qoʻyilar edi. 

                                                                                   4

Asqad akani tanigan-bilgan barcha odamlar uning tabiati, koʻngli, didi nihoyatda nozik boʻlganini eʼtirof etadilar. 

Ammo bu noziklik, ustoz munaqqid Ibrohim Gʻafurov taʼbiri bilan aytganda, qilichning oʻtkir tigʻidek, kerak paytda yomonlik va jaholat tomirini shartta chopib tashlaydigan qudratga ega noziklik edi.

Soʻzimning isboti uchun quyidagi lavhaga koʻz tashlashingizni soʻrayman:

“Isteʼdodli shoir, nosir, jurnalist Anvar Eshonov (Xudo rahmat qilsin) oʻsha kezlardagi “otaxon gazeta” — “Sovet Oʻzbekistoni”da ishlardi. Nima boʻldi-yu koʻzboʻyamachi, poraxoʻr amaldor toʻgʻrisida felyeton yozib, ajdarhoning dumini bilmay bosib oladi. Felyeton boʻlgan odam naq Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi V.Lomonosovga tegish­li ekan. Tabiiyki, felyeton asossiz deb topilib, gazeta uzr soʻradi, Anvar Eshonov esa muhokama qilinib, ishdan quvildi. U “qora roʻyxat”ga tushgan edi, biror-bir matbuot organi uning maqolasi tugul, na sheʼrini, na hikoyasini bosardi — boyaqish har jihatdan qiynalardi. 

Koʻp isteʼdodli yoshlarga yaxshilik qilgan, oʻta talabchanligi bilan nom chiqargan Vahob Roʻzimatov Asqad akaning oldiga kirib, Anvar Eshonovning ahvolini tushuntiradi. Asqad aka: “Boʻlmasa, oʻzining yaxshi koʻrgan mavzuida bir hikoya olib kelsin, bervoramiz”, deydi. Anvar aka Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan oʻzbek askarlari haqida hikoya olib keldi. Hikoya jurnalda chiqqach, Markazqoʻmning ikkinchi kotibi bosh muharrir nomiga: “Nega Markaziy koʻmitaning jurnali tuhmatchi, halol sovet kishisini atayin qoralash bilan shugʻullangan, jamiyatimizga yot jurnalistning maza-matrasiz materialini bosdi?” — degan mazmunda xat yuborgan, Asqad aka esa unga javob yozishni atayin ep koʻrmaganini bildirish uchun javobni oʻzi tayyorlab, maktub tagiga: “Jurnal bosh muharrir oʻrinbosari: V.B.Roʻzimatov” deb yozib qoʻygan edi. 

Bu — V.Lomonosovga nega osmondan kelasan, oʻpkang­ni bos, degan gapni anglatardi. Chunki u davrda Markazqoʻm kotibi u yoqda tursin, hatto oddiy instruktorga ham xatlar bosh muharrir imzosi bilan joʻnatilardi. Bunday “odobsizlik”ka Lomonosov umrida birinchi marta duch kelgan boʻlsa kerak. 

Xatda esa ikki ogʻiz, sovuqqina qilib, Anvar Eshonov isteʼdodli yosh yozuvchi, uning jurnalda eʼlon qilingan hikoyasi sovet vatanparvarligi va xalqlar doʻstligini tarannum etadi, jurnal sahifalarida bundan buyon ham shunday materiallarni berib borishni tahririyat maqsadga muvofiq deb hisoblaydi, qabilidagi rasmiy soʻzlar yozilgan edi.

Shu-shu, Anvar Eshonovning nomi asta-sekin yana matbuotda koʻrina boshladi, xatga “reaksiya” boʻlmadi. Ikki orada Vahob aka tarixga kirdi — boshqa biror muharrir oʻrinbosari Markazqoʻmning ikkinchi kotibiga tengma-teng turib xat yozmagan.” (Abdulla Sher xotiralaridan).

Vaqt-soati yetib oʻzbek matbuoti tarixi bilan shugʻullanadigan biror tadqiqotchi xalqimiz maʼnaviy hayotida butun bir davrni tashkil etadigan “Guliston” jurnali tarixini ham yozishiga ishonaman. Ehtimolki, oʻshanda Aleksandr Tvardovskiy boshqargan “Noviʼy mir” jurnali oʻz vaqtida rus jamiyatiga qanchalik ijtimoiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, fidoyi muharrir Asqad Muxtorning “Guliston”i ham oʻzbek jamiyatining ijtimoiy hayotiga shunchalar kuchli taʼsir koʻrsatgani yanada toʻlaroq ochib berilar…

1980 yili hayotimda hali-hanuz yuragimni zirqiratadigan bir voqea yuz berdi: azbaroyi yoshlik gʻururi sabab, oʻzim sevib-ardoqlaydigan, menga koʻp yaxshilik va muruvvat koʻrsatgan, tarbiyat qilgan qadrdon “Guliston” jamoasidan ketishimga toʻgʻri keldi. Asqad akaning meni bu yengiltak qarorimdan qaytarish uchun qilgan barcha harakatlari zoye ketdi. 

Tahririyatning hurmatli bir xodimi mening shaʼnimga aytgan bir ogʻiz nohaq soʻz uchun burgaga achchiq qilib, koʻrpani kuydirdim.

Keyinchalik hamkasbim Erkin Aʼzam ham xuddi shunday holatga tushdi va hamon bundan iztirob chekib yuradi.

Endi tasavvur qiling: Asqad akaning oʻrnida boshqa har qanday odam bunday shogirdlarni umrbod oq qilib yuborgan boʻlardi. Ammo ustodi avval shu qadar olijanob, bagʻrikeng inson ekanki, bizdan xafa boʻlganini, koʻng­li ogʻriganini sira-sira sezdirmadi. U kishining bizni samimiy qoʻllab-quvvatlashini, xayrixoh va duogoʻyligini hamisha sezib yashadik. 

1982 yili Erkin Vohidov “Yoshlik” jurnaliga bosh muharrir etib tayinlanganida, ijodiy jamoani qanday shakllantirish toʻgʻrisida maslahat soʻrab Asqad akaga murojaat qiladi. U kishi esa bir necha ijodkorlar qatorida ana shu ikki shogirdini ham tavsiya etadi. Shu tariqa biz “Yoshlik” jurnalining asoschilari sifatida yangi jamoada ish boshladik.

Baʼzan menga adabiy silsilalar tarixida ang­lab boʻlmas bir qonuniyat bordek tuyuladi. Oʻz davrida Ibrohim Rahim, Asqad Muxtor kabi ustozlar koʻtargan bayroq bugun “Tafakkur”, “Maʼnaviy hayot”, yangi “Gulis­ton” tahririyatlari peshtoqida hilpiramoqda.

                                                                             5

Asqad Muxtor — nihoyatda bilimdon, xayol va hofiza ufqi bagʻoyat keng, izlash-izlanish va tafakkur butun borligʻining mazmuni boʻlgan ulugʻ sanʼatkor edi. 

Abdulla Qahhor, agar Yevropa qarichi bilan oʻlchaganda ham, Abdulla Qodiriy ijodi eng yuksak talabga javob beradi, deya taʼkidlaganidek, Asqad Muxtor ijodi ham XXI asrning adabiy mezonlariga koʻp jihatdan munosib boʻlib kelmoqda. 

Maʼlumki, u kishining mashhur “Chinor” romanida daho adib Lev Tolstoyning Yasnaya Polyanada toshkentlik maʼrifatparvar Abdulahad qori bilan uchrashuvi tasvirlangan bir bob bor. 

Bir kuni ustozdan ushbu hikoya qanday yaratilgani haqida soʻradik. 

“Bu voqea real tarixiy asosga ega, — dedi Asqad aka. — Tolstoyning kundaligida 1910 yil 24 sentyabriga doir qaydlar orasida mulla Abdul Vohid qori haqida bir jumla bor. Men mulla Abdul Vohid qorining tarjimai holini oʻrganganman. Asarda Abdulahad qori deb berilgan. U toshkentlik, qarindosh­lari hali ham bor. Dumaga aʼzo boʻlgan, podshoga yozgan ehtiyotsiz maktubi uchun Tula guberniyasiga surgun qilingan. U haqda dogʻistonlik sheriklaridan birining kitobi ham bor”.

Kundalikka bitilgan bir jumladan shunday mukammal badiiy kartina yaratish uchun, tabiiyki, ijodkorning isteʼdodi ilohiy ziyo bilan yoʻgʻrilgan boʻlishi shart. 

Asqad akaning oʻzi yozganidek: “Odissey arvohlarni oʻzi bilan suhbatlashishga koʻndirish uchun ularga oʻz qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxs­lar haqida yozganida shunday qilishi kerak”. 

Abdulahad qori bilan Lev Tolstoy suhbatini tas­virlar ekan, adib ulugʻ mutafakkirning ichki dunyosini, uning iztirobli tugʻyonlarini nihoyatda ishonarli va taʼsirchan jonlantirib beradi:

“— Mana oʻsha siz aytgan Stolipinni olaylik. Otasini yaxshi bilardim, oʻzini ham bolaligida tizzamga oʻtqazib erkalatganman. Hozir u ham odamlarni osyapti, chopyapti. Chunki xizmati shunaqa. Bu xizmatga shuning uchun kirganki, oʻzining bahosi sariq chaqa, xizmatda esa yiliga sakson ming olyapti. Oliy tabaqa deb atalgan bu jamiyatning hammasi shunaqa, mulla. Podshoh ham mustasno emas. Agar u axloqi komil kishi boʻlsa, men undan iltimos qilardim: odamlararo mehru muhabbat hukmronligini joriy eting, deb…”

“Chinor” romanini varaqlasangiz, uning sahifalarida biri-biridan goʻzal va teran maʼnoli rivoyat, hikoyat va qissalarga duch kelasiz. Abu Nasr Forobiy va Lev Tolstoy kabi benazir zotlar bilan xayolan hamsuhbat boʻlasiz. Sevilyadagi Don Juanning tosh mehmoni sirlaridan hayratga tushasiz. Germaniyada oʻzbek doktori Umida Qoriyevaning boshidan kechgan gʻaroyib voqealar sizni beixtiyor toʻlqinlantiradi.

Yurt boshiga ish tushganda yovga qarshi kurashish oʻrniga tosh orasiga biqinib olgan qoʻrqoq bir jonzotning oxir-oqibatda yalqov va hissiz toshbaqaga aylanib qolgani haqidagi rivoyat kishini chuqur oʻylarga toldiradi. Oʻzining falsafiy maʼnosi bilan bu rivoyat Frans Kafkaning “Evrilish” hikoyasiga hamohangdek tuyuladi.

“Buxoroning jinkoʻchalari” qissasi ham yozuvchi taxayyul olamining naqadar kengligidan, adibning har qanday tarixiy maʼlumotga badiiy sayqal berib, uni qayta tiriltira olishdek noyob salohiyatidan dalolat beradi.

Qissada XX asr boshidagi Turkiston oʻlkasining mahzun manzaralari, mustamlakachi tuzumning makkor siyosiy fitnalari, jadidchilik harakatining shukuhli va fojiali onlari, Fayzulla Xoʻjayev singari yuzlab yosh buxoroliklarning ozodlik va adolat istab tangu tor, jinkoʻchalarda sarson-sargardon kezishlari, ularning ruhiy tugʻyonlari, qalb isyonlari ulugʻ bir hasrat, beqiyos mahorat bilan tasvirlab beriladi.

“Insof — din sof”, deydi qissaning maʼrifatli qahramonlaridan biri. Ammo xudbinlik va razolat, hokimiyat uchun kurash turli siyosiy kuchlarning hayot matlabiga aylangan bu ola-tasir yillarda ezgulik, mehr-oqibat, insofning zavolga yuz tutishi natijasida din “sof” emas, tobora “sob” boʻlib borayotganini koʻrib, yuragimiz qaygʻu-anduhga toʻladi. Taʼbir joiz boʻlsa, xalqimiz, millatimiz johillik, hirsu havas, mayda manfaatlar tufayli boshi berk jinkoʻchalarga kirib qolgandek tuyuladi.

Asqad Muxtorning 1958 yili — 38 yoshda yozgan “Qoraqalpoq qissasi” degan asari bor. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam bu qissa toʻgʻrisida haq gapni ayt­gan: asardagi sovet tuzumini madh etuvchi, “mazmuni zamonasozlik” qilib bitilgan besh-olti sahifani istisno etgan holda, uni bugun ham bemalol nashr etish va katta qiziqish, zavq-shavq bilan oʻqish mumkin.

Ushbu qissa muallifi Fargʻonada tugʻilib oʻsgan, keyinchalik yevropacha muhitda tarbiya topgan boʻlsa-da, oʻzi uchun nisbatan uzoq boʻlgan qoraqalpoq eli hayotini, uning urf-odat va qadriyatlarini naqadar chuqur bilishi kishini lol qoldiradi.

Keling, asardagi mana bu kichkina parchani birgalashib oʻqiylik:

“Boshqarma oldida oʻtov keragalari, kigizlar, har xil koʻchlar uyulib yotibdi, odam gavjum. Choʻl tomondan koʻch koʻtarib kelayotganlarni dam hazil bilan, dam uzoq surishtirib kutib olishmoqda. 

— Sen qaydagʻi, men qaydagʻi, qoʻshilibdi Shimbaydagʻi! Qoʻshing ne, tomir? 

— Baybishe. 

— Tirengshi?

— Tirem jekensal.

— Uruving ne?

— Kengtanau uruvi, ne qildi?

— Ulken uruvshi?

— Ulken uruvim moʻyten, oqshoʻlpon oʻranindan, tamgʻasi tapishqi.

— Moʻyten shulluqdanma, jaungʻirdanma?

— Shulluqdan-gʻoʻy.

— Arising oʻzimizning qoʻngʻirot ekan-ov?

— Hovva.

— E, selemetmisan, quda!”

Kitobdan bu iqtibosni keltirgach, oʻylab qoldim: uni oʻzbekchaga tarjima qilish kerakmi yoki aslicha qoldirgan maʼqulmi? 

Biroz mulohaza yuritib, bugungi yoshlar ham tushunishi uchun bu gʻaroyib suhbatning oʻzbekcha muqobilini bergan tuzuk, degan fikrga keldim. 

“ — Sen qaydagi, men qaydagi, qoʻshilibdi Chimboydagi! Qoʻshing nima, qarindosh? 

— Boybicha. 

— Aymogʻing-chi? 

— Aymogʻim jekensal. 

— Urugʻing nima?

— Kengtanav urugʻidan, ne qildi? 

— Katta urugʻing-chi?

— Katta urugʻim — moʻyten, oʻroni – oqchoʻlpon, tamgʻasi — panshaxa. 

— Moʻyten shulluqdan tarqaganmi yoki javingʻirdan? 

— Shulluqdan-ku.

— Asling oʻzimizning qoʻngʻirot ekan-da? 

— Shunday.

— E, salomat bormisan, quda!”

Ha, endi qoraqalpoqning urugʻiyu aymogʻini bilgan boʻlsa, Toʻlepbergen Qayipbergenov ham shunchalik bilgandir-da!

Yozuvchining “Taft” degan kichkina hikoyasida qahramon Kobuldagi Bogʻi Bobur qadamjosini va u yerdagi qari tut daraxtini ziyorat qiladi. Unga bu tut Bobur Mirzo davrida oʻtqazilgan, deb aytadilar. Qarib, yoʻgʻon tanasi tamoman chirib, oʻq ildizi tuproqqa aylangan, lekin bir-ikki shoxida yashil barglar hali ham shivirlashib turgan daraxt­ga qarab qahramon xayolga beriladi. Bu niholni ekkanlar balki buyuk bobomizni koʻrgandir, deb orziqadi. Tiz choʻkib, tutning poʻstlogʻi bor tomonga kaftini uzatib, badaniga oʻt yugurganday boʻladi. Shu payt unga soqchi qilib ajratilgan Maʼrif degan askar bolaning: “Boʻlmaydi”, degan ovozini eshitib, “Ushlash mumkin emas shekilli”, deb xijolat tortadi. 

Keyin maʼlum boʻlishicha, Maʼrif “boʻlmaydi” deganda boshqa narsani nazarda tutgan ekan. Uning otasi bozorda, oʻtin rastasida tarozibonlik qilar, shu bois, soqchi yigit ham oʻtinning sifatini yaxshi bilar ekan. “Endi u yonsa ham taft bermaydi. Chirindi”, deydi askar bola. Bu qari tut hali yonmasdan turib bir insonga qancha yoniq tuygʻu — taft berayotganini u shoʻrlik qaydan bilsin. 

Bir daraxtga qarab kimdir ajdodlari xotirasini, kimdir oʻtinni koʻradi — yozuvchi esa har ikki holatni ham koʻra oladi. 

                                                                                            6

Asqad aka sheʼriyatda oʻziga xos yangi yoʻnalish ochgan, novator shoir edi. Buni oʻzbek sheʼriyatidagi eng nigilist shoir ham eʼtirof etmasdan iloji yoʻq. 

Sheʼr oʻqishi ham ajoyib edi: xuddi oʻtin yorgandek qarsillatib emas, goʻyoki muhim bir voqeani sizga ishonib soʻzlab berayotganday, sokin bir ohangda oʻqirdi. Har qanday sunʼiylik yoki yasamalik, artistizm u kishiga mutlaqo begona edi. 

Asqad aka tinimsiz mutolaa qilardi. Oʻqigan kitoblarini doimo doʻstu yorlarga, hamkasb-shogirdlarga, oʻquvchi muxlislariga “ilinib”, tavsiya etib yurardi. Yigʻinlarda, gurung va suhbatlarda jahon tarixi, falsafasi, sanʼat va musiqasi, klassik va zamonaviy adabiyot masalalari ichida baliq suvda suzgandek erkin suzar edi.

Bugun adabiy urfga kirgan modernizm deysizmi, postmodernizm yoki boshqa “izm”larmi, hammasidan chuqur xabardor, barchasidan puxta bilimga ega inson edi. Oʻsha davrda Ittifoq miqyosida chop etiladigan mashhur adabiy nashrlarda faol qatnashar, oʻz fikrlarini dadil himoya qilar edi. 

Asqad aka turli toʻda va guruhlarga qoʻshilmas, maishatbozlik, oshxoʻrliklardan yiroq yuradigan, gʻoyat tartib-intizomli, ichki madaniyati kuchli inson edi.

Zahmatkash ustozimiz yoshlik chogʻidan yetimlik bilan oʻsgan, shu bois inson qadrini hamma narsadan yuksak tutar edi. Xokisor va magʻrur edi. Bir-biriga zid bu ikki xislat uning tabiatida ajib bir tarzda uygʻunlik top­gan edi. Tom maʼnoda kamtar, kamsuqum edi. Xizmat mashinasidan ham koʻpda foydalanmas, ishga piyoda kelib-ketardi. 

“Ziyoli inson qanday boʻlishi kerak?” degan savolga men bir ogʻiz soʻz bilan: “Asqad Muxtorday boʻlishi kerak”, deb javob bergan boʻlardim. Rahmatli ustozimizni yaqindan bilgan odamlarning barchasi bu fik­rimga qoʻshilsa kerak. 

Taʼbir joiz boʻlsa, u kishi tom maʼnodagi maʼrifatparvar — XX asrning soʻnggi jadidi edi. Maʼlumki, jadidlarning asosiy gʻoyasi — maʼrifat orqali jamiyatni isloh qilishdan iborat boʻlgan. 

Noyob isteʼdodi, nodir aql-zakovati bilan Asqad aka shoʻro tuzumining chirib borayotganini sezar edi, deb oʻylayman. Ustoz riyo va yolgʻonga, xushomad va qullik psixologiyasiga qurilgan bu soxta hayotni yurak-yurakdan rad etar, sirtdan sokin koʻringan vujudining har bir hujayrasida ulkan bir maʼnaviy-ruhiy isyon guvillab yotar edi. U kishining butun faoliyatida turgʻun va manfur koʻnikmalardan qoniqmaslik, jamiyatni yangilash, isloh qilishga intilish yaqqol sezilib turar edi. Ammo oʻsha zamondagi ming­lab-millionlab vijdonli, insof­li, isteʼdodli odamlar singari, u zot ham ojiz, sukutga mahkum edi. Lekin shunga qaramasdan, bir umr haroratli soʻzi, grajdanlik pozitsiyasi bilan soxta aqidalarga qarshi kurashib yashadi.

Umrining oxirida Asqad Muxtor zohiran oʻzi sadoqat bilan xizmat qilgan, ammo uning gʻayriinsoniy siyosatidan qalbi, yuragi benihoya aziyat chekkan shaxs sifatida sovet tuzumi va uning mafkurasi yer bilan yakson boʻlganini koʻrdi. Imperiya vayronalari ostida qanchadan-qancha yuksak ideallar, inson taqdirlari qolib ketganiga ham guvoh boʻldi.

Hayot shomida sarobga aylangan orzu-umidlarini nazarda tutib, achchiq armon va afsus bilan “Ichimda nola bor”, deb yozdi…

                                                                                               7

Asqad aka umrining soʻnggi yillarida ogʻir xasta boʻldi. Lekin azob-uqubatlarni mardona yengib, oxirgi soniyaga qadar ijodiy izlanishdan, tafakkurdan toʻxtamadi. Garchi kasallik tufayli tildan qolgan boʻlsa-da, behalovat qalbi goʻzallik va haqiqat sari intilishda davom etdi. Buni adib umrining nihoyasida bitilgan moʻjaz falsafiy asar — “Tundaliklar” misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin.

Yodimda, ikki-uch marta rahmatli ustozimizni tugʻilgan kunida 

— 23 dekabr kuni uylariga yoʻqlab borgan edik. 

Asqad aka Jangoh dahasidagi kottejlardan birida yashardi. Bu uyda adib hashamat va dabdabaga koʻmilib umrguzaronlik qilgan boʻlsa kerak, deb oʻylaganlar yang­lishadi. Xonadon nihoyatda odmi va orasta, jihozlari ham sohiblari singari kamtarona edi. Asqad akaning ijodxonasi ham ortiqcha ashyolardan xoli, kichkinagina bir boʻlma edi. 

Bir gal Erkin Aʼzam bilan yoʻqlab borganimizda, bizga: “Kechasi ishlamanglar, sogʻliqqa zarar ekan, kecha uyqu uchun yaratilgan”, deb nasihat qildi. Ustozning bizga aytgan boshqa oʻgitlari ham bor edi. Lekin biz bosh­qalariga amal qilmasak ham, shu nasihatiga qattiq rioya qildik, yaʼni taassufki, kechasi ham, kunduzi ham yolchitib ijod qilmadik. 

Yana bir safar borsak, ustoz, dardi kuchayib, qiynalib yotgan ekan. Lekin shunda ham chinakam ziyoliga xos odob va madaniyat bilan istiqbolimizga peshvoz chiqishga qanchalik uringani aslo esimdan chiqmaydi.

Vafodor umr yoʻldoshi Roza opa, farzandlari jam boʻlib, u kishini shifoxonaga olib ketish harakatida edilar. 

Oʻsha yili domla “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan edi. Yuksak mukofot bilan tabriklagan boʻldik. Shunda, hech unutmayman — Asqad aka maʼyus jilmayib, ikki-uch ogʻiz soʻzni zoʻrgʻa shivirlab aytdi, yaʼni: “Ha-a… Doʻstlik bor, doʻstlar yoʻq…”.

Men muhtaram kitobxonlar, qadrli adabiyot muhiblarini, yosh doʻstlarimizni fursat topib, avvalo, Asqad Muxtorning davr sinovlaridan bezavol oʻtib kelayotgan goʻzal va betakror asarlarini, ustoz haqidagi ibratli yodnomalarni oʻqishga daʼvat qilgan boʻlardim. 

Bu kitoblarni mutolaa qilgan kishi oʻlmas soʻz qudratidan, yoniq tafakkur alangasidan bahra olishi shubhasiz. 

Oʻylaymanki, dunyoda bundan ortiq maʼnaviy halovat boʻlmas.

Xayriddin SULTON

«HURRIYAT» gazetasining

 2020 yil 23 dekabr 49-sonidan olindi

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.