“Tarjima sanʼati va tarjimon mahorati”  kitobi  xalqlar doʻstligini aks ettiruvchi goʻzal koʻprik!

0
1245
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripovaning “Tarjima sanʼati va tarjimon mahorati”  kitobi ukrain va oʻzbek adabiyoti oʻrtasidagi goʻzal munosabatlarni oʻzida ifodalaydi. Taʼbir joiz boʻlsa u xalqlar doʻstligini aks ettiruvchi goʻzal koʻprik! Yosh ijodkorlar, tarjimonlar uchun munosib oʻquv qoʻllanma.

Ushbu kitobda  ukrain adabiyotining ikki buyuk adibi Lesya Ukrainka va Oles Gonchar asarlarining tarjimalari xususiyatlarini oʻrganish orqali tarjima sanʼati va tarjimonlarning mahorati haqida fikr yuritiladi.

 Ushbu ilmiy tadqiqotning birinchi va ikkinchi  bobida ukrain adabiyotining yetakchi namoyondasi Lesya Ukrainka ijodi, faoliyati, sheʼrlari va dramatik asari bilan tanishish jarayonida oʻzbek adiblarining tarjimonlik mahorati haqida tassavurga ega boʻlish mumkin. Lesya Ukrainka va zamon, Lesya Ukrainka va oʻzbek adabiyoti, Sheʼriy tarjimaning asosiy xususiyatlari, Ukrainka sheʼrlari oʻzbek tilida, Lesya Ukrainka va Zulfiya, Ukrinka asarlari Erkin Vohidov tarjimasida, Ukrainka asarlari Shuhrat tarjimasida, Dramatik asar tarjimasining lirik asarlar tarjimasidan farq qiluvchi xususiyatlari Abdulla Oripov tarjimasi misolida kabi  sarlavhalarga boʻlib tahlil qilingan.

Kitobda taʼkidlanishicha, oʻzbek kitobxonlari shoiraning asarlari bilan ilk bor 1961 yilda tanishishga muvaffaq boʻldilar. Erkin Vohidov tarjimasida  “Oʻtmish ertagi” sheʼrlar toʻplami bosilib chiqdi.

Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 1971 yilda shoiraning goʻzal sheʼr va poemalarini oʻz ichiga olgan “Tanlangan asarlari”ni oʻzbek tilida chop qildi. Toʻplamga shoiraning “Magʻoralarda” deb ataluvchi yirik dramatik poemasi ham kirgan. Bu asarni Abdulla Oripov tarjima qilgan.

Lesya Ukrainkaning yuz yillik  yubileyi munosabati bilan oʻzbek tiliga shoiraning hayoti va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan bir qancha ilmiy maqolalar ham eʼlon qilindi. Masalan, ”Sovet Oʻzbekistoni” gazetasining 1971 yil 25 fevral sonida filologiya fanlari kandidati Rahmatulla Inogʻomovning “Soʻnmas isteʼdod” maqolasi, “Toshkent oqshomi” gazetasi 1971 yil 25 fevral sonida  shoir Shuhrat maqolalari eʼlon qilindi.

Shuningdek, GʻaFur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti adabiyotshunos tanqidchi Asil Rashidovning “Lesya Ukrainka” nomli kitobini chop etdi.

Ammo, ushbu  ishlarda shoiraning oʻzbek tiliga qilingan tarjimalari haqida maʼlumot berilmagan. Shuning uchun Lesya Ukrainka asarlarining oʻzbek tiliga qilingan tarjimalarini oʻrganish, ularni tahlil qilish va bu tarjimalarning oʻzbek adabiyotida tutgan oʻrnini aniqlash katta ahamiyatga ega  boʻlib, “Tarjima sanʼati va tarjimon mahorati”  kitobi ana shu maqsadni oʻz oldiga qoʻygan.

Shoira asarlarini oʻzbek kitobxonlariga yetkazishda oʻzbek adiblaridan 14 kishi ishtirok etdi. Ular tomonidan “Magʻoralarda” dramatik poemasi, “Bir soʻz”, “Ulkan bahodir haqida ertak” poemalari va 50 yaqin sheʼrlari oʻzbek tiliga rus tilidan tarjima qilindi. Bunda taniqli oʻzbek shoiri va yozuvchilaridan Zulfiya, Shuhrat, Uygʻun, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Sayyor, Rauf Parfi, Jumaniyoz Jabborov, Mirtemir va Muhammad Nosir kabi ijodkorlarning xizmatlari katta, deya taʼkidlanadi kitobda.

Ukrainka ijodi folklor bilan juda yaqindan bogʻlangan, uning koʻpchilik sheʼrlari, dostonlarida ukrain xalqi qoʻshiqlarining teran  mazmun- mohiyati, oʻynoqi ohanglari baralla yangraydi. Xalq ogʻzaki ijodining maroqli ohanggi seziladigan lirikasi oʻzbekchaga tarjimada  qanday ifoda etilganligini tadqiqotchi chuqur ochib berishga harakat qilgan.

Shuningdek, dramatik asar tarjimasining lirik asarlar tarjimasidan farq qiluvchi xususiyatlari shoiraning “Magʻoralarda” asari tarjimasi orqali aks ettiriladi.  Shoiraning ushbu dramasi tarixiy asar boʻlib, tili murakkab, qadimiy atamalarga boy boʻlish bilan birga oʻzida sheʼriy  va dramatik asarlarning xususiyatlarini uygʻunlashtirgan. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov qalamiga mansub  ushbu tarjima asarning yutuq va kamchiliklari  chuqur tahlil etilganligi bilan kishini eʼtiborini tortadi.

Ushbu kitobda yana bir kishi eʼtiborini tortadigan  hodisa shuki, L. Ukrainka bolaligidan nogironlar aravachasiga mixlangan boʻlib, bir umr suyak sili kasalligi dardini, azobini  tortadi. Ota-onasi uni koʻplab mamlakatlarga havo almashtirish va davolatish uchun olib borishadi. Oʻsha sayohatlar beiz ketmaydi.  Oʻzi tanishgan xalqlarning afsona, rivoyat va tarixiy shaxslari haqida koʻplab asarlar yaratgan. Oʻzining hayoti ham qahramonlikka boy tarzda kechgan.

Ukrainka “Oysha va Muhammad”, “Telba”, “Bobil asiri”, “Kuz ertagi”, “Xarobaliklarda”, “Kassandra”, “Advokat Martian”, “Orgiya” kabi bir qancha dramalar ham yozgan.

Bu asarlarning koʻplarida turli mamlakat va xalqlarning qadimiy tarixlaridan misollar keltirib, muhim hayotiy va zamonaviy muammolar koʻtariladi. Bu asarlar ham asosan uzoq oʻtmish mavzuida yozilgan boʻlsada, ular muallifning zamonasidagi kurashuvchan ruhiyat bilan uygʻunlashib ketgan. Ana shu yoʻnalishlarni uygʻunlashtirib berish tarjimondan katta tajribani talab qiladi. Kitob muallifi ushbu mavzuga ham alohida toʻxtaladi.

Dramaturg oʻz pyesalarida oʻtmishni tasvirlaganida tarixni chuqur oʻrganib ikki kuch ikki oqim-ezgulik bilan yovuzlikni aks ettiradi. Vatanga muhabbat ruhida bitilgan ushbu asarlarida ham xalq ogʻzaki ijodidan keng foydalanadi. Tarjimachilik tahlilida ushbu yoʻnalishlariga ham eʼtibor beradi.

Uchinchi bobda  esa ukrain yozuvchisi Oles Goncharning “Hayot navosi” (TRONKA) novella – romani tarjimasi, nasriy asar tarjimasining sheʼriy va dramatik asarlar tarjimasidan farq qiluvchi hususiyatlari haqida  gapiriladi.

Oles Gonchar ukrain adabiyotining yirik va mashhur yozuvchilaridan biridir. Uning “Hayot navosi” novella-romani sobiq  sovetlar adabiyotidagi eng goʻzal asarlardan biri deb baholangan.

“Hayot navosi” bir-biriga bogʻliq boʻlgan novellalardan iborat roman. Yozuvchi bu ajoyib asarida Janubiy Ukraina manzaralarini shoirona tasvirlab, turli kasb egasi boʻlgan uch avlod kishilarining mardonavor obrazini beradi. Bu asarda uchuvchilar, harbiylar, dengizchilar, choʻponlar, irrigatorlar, sovxoz ishchilarining sevimli obrazlari ochib berilgan. Asarni oʻzbek tiliga mohir tarjimon Lola Tojiyeva oʻgirgan. Tadqiqotchi kitobida tarjimonning mahoratini ochib berish uchun bir necha mavzularga boʻlib  sarlavhalar qoʻygan. Ushbu  yoʻnalishlarning oʻzidan sheʼriy tarjima bilan nasriy tarjimaning farqlarini yaqqol anglash mumkin. Masalan,  Oddiy soʻzlarni oʻgirishdagi murakkabliklar, Asliyatdagi maqol va iboralarning tarjimasi,  Milliy qadriyatlarga daxldor jumlalar tarjimasiga eʼtibor,  Mijoziy obrazlar tarjimasi haqida soʻz,  Asliyatdagi sifatlash va oʻxshatishlarning oʻzbek tilida ifodalanishi,  Harakat, turq-tarovatni oʻgirayotganda tarjimon uslubi kabi sarlavhalardan nasriy tarjimaning oʻziga xos xususiyatlari  aks etib turibdi.

Asliyat tarjimasining murakkabligi shundaki, romanda choʻpon, ishchi, dengizchi, uchuvchilar haqida hikoya qilinadi. Unda kasblarga doir atamalar ham, maqolu matallar ham, xalq qadriyatlariga daxldor askiyalar ham moʻl-koʻl ishlatilgan. Umuman tarjimon asarning oʻzligini bera olgan. Asarni oʻqib ukrain xalqiga mehringiz oshadi.  Goʻyo oʻzimizning elimiz haqida, togʻliklar, dasht  odamlari hayoti haqida oʻqiyotgandek boʻlasiz. Lekin ularning ukrain ekanligini har bir jumlada his qilib turasiz. Bu albatta tarjimon Lola Tojiyevaning munosib tarjima qilganidan, mohiyatni ochib bera olganidan  soʻzlab turadi.

Ushbu kitob tarjimasini oʻrganish xalqlar doʻstligiga munosib hissa qoʻshish bilan birga asarlarni qiyosiy tahlil qilish uchun ilm ahliga  imkoniyat yaratish, yoshlarni tarjimachilik olamiga olib kirish, yoʻllanma berish tarjimachilik mohiyatini anglashga daʼvat etish, shu asosda milliy gʻururni  tarbiyalash hamdir.

Xulosa shuki, kitob  adabiyot ahli yosh  ijodkorlar  uchun yaqindan  yordamchi boʻladigan qoʻllanma,  darslik desak arziydi.

Nodira SAʼDULLAYEVA, Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.