Umida ABDUAZIMOVA: Bevafo dunyodan POLVON UKAM Sobirjon OʻNAR oʻtdi-yo

0
358
marta koʻrilgan.

Kechagina «Kovid» sabab, ozib ketganimni koʻrib, Sobirjon menga qatʼiylik bilan: – Mana, mashina.  Oʻtiring, 17-shahar kasalxonasida yaxshi tanish vrachim bor. Yuragingizda suv yigʻilgan. Sizni yaxshilab tekshirtiraman.  Aniq bilaman tuzalib, avvalgidek boʻlib ketasiz!.. degan edingiz gʻamxoʻrlik bilan.

– Odamlar pul sarflab ozishadi, – degandim kulib-kulib, mehribonlingizdan yayrab, – qolaversa, meni rosa tekshirishdi. Soppa~sogʻman. Xudo xoxlasa endi semirishni boshlayman. Axir, kam dard chekdimmi?! «Kovid»dan shifokor singlim, qoriya qayinsinglim, soʻng onam… ketma- ket ketib qolishdi…

–  Ezilmang-da, – dedi koʻzlarida yosh aylanib mehribonim Sobirjon ukam.

Oʻsha kunlarda naq oʻn ikki kilo vazn tashlagandim — da, oʻzim ham! Jigarimdek qaygʻurgandi. Koʻnglimni koʻtargandi. U hatto bir katta davrada raqsga tushayotsam, devdek kelib, oʻzimni ham koʻtargandi! Uning shunaqa odati bor edi. Sevinib ketsa, kayfiyati koʻtarilsa ijodkor aka-opalarini shunchaki barmogʻining uchida birdan koʻkka yetkazib qoʻyardi! Koʻrganida quvnab ketadigan, hech hayiqmay yiroqdan bagʻrini ochib keladigan, mening polvon ukajonim, endi xayr-xoʻshmi- a?

Bolalaringiz onasi bevaqt tashlab ketgandan beri hech kim uning oʻrnini bosmayotganini ham bilardim. Sogʻinch dardi oxiri mahv etdimi-ya?! Sizniyam olib ketdimi-ya?! Nachora, ojiz bandamiz. Yigʻlab-siqtab koʻnamiz. Qolaversa, bu dunyo kimga vafo qilgan oʻzi? Faqat, biroz erta ketishingiz alam qiladi, ukaginam. Yozilmagan asarlar, yozilgan-u eʼlon qilinmagan qalb ogʻriqlari qolib ketdi…

U dunyoda kenglik bor emish. Bu dunyoning gʻavgʻolarimas, u dunyoda tenglik bor emish… Axir Rahmon va Rahim zotning oldiga ketayapsiz. Safaringiz behatar boʻlsin. Nomaʼi aʼmolingiz oʻng tarafdan berilsin! Chunki, siz koʻngli ochiq, samimiy, kamtarin va Alloh degan banda edingiz, ukajonim!…

Ot chopsa gumbirlar togʻlar darasi,

Sobir Oʻnar  Jumanbulbul yurtin bolasi

Kuylasa el tinglardi quvonch-u nolasin

Na iloj, bu foniy dunyodan   barcha oʻtar-o

Umida ABDUAZIMOVA, shoira

Tahririyatdan: Sobir Oʻnar 1964 yil 25 fevralda Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanidagi Quvkalla qishlogʻida tugʻilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1986).

Ilk hikoyasi — «Kunsuluvning xatlari». Yozuvchining «Orzuga toʻla qishlok» (1989), «Ovloq adirlar bagʻrida» (1990), «Chashma» (1991) hikoyalar toʻplamlari nashr etilgan. «Chambilbelning oydalasi» (2006) asari muallifi. Qorakalpoq adibi X. Tojimurodovning «Ov xangomalari» (1990) hamda turk yozuvchisi Bakir Yulduzning «Karbalo fojeasi» qissasini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

2022 yil 18 dekabrda Toshkent shahrida vafot etdi. «Oxirati obod boʻlib, yotgan joyi nurga toʻlsin!»- deya duo qilamiz.  Yaqinlariga, doʻstlariga, ijod ahliga  chuqur taʼziyamizni bildiramiz. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.