Umida Abduazimova: Ikki volida

0
449
marta koʻrilgan.

Tahririyatdan: Olam bepayon, goʻzal betakror! Charaqlagan quyosh, yaraqlagan oy, chamanzor ham bor, tikonzor ham! Turfa feʼlli, turli xususiyatli  kishilarni ham oʻz bagʻriga olgan.  Bagʻri keng ona Zamin shuda! Shoira Umida Abduazimovaning qatralarida ana shunday faylasufona xulosa mavjud.

            DONO – ismi jismiga monandmi?

Dono degan dugonamiz donomisan, dono-da!

«Gap»imizga ilk qoʻshilgan paytda «juda chiroylisiz!», «liboslarngiz yarashibdi», «gapni chiroyli gapirasiz», «didingiz zoʻr ekan!»… deb barchani maqtayverib,  hammamizga yoqib qoldi. Maqtaganni kim ham yoqtirmaydi deysiz?!

Soʻng hayotini bir-bir bayon qila  boshladi:

–  Erim «pulimni bebilistka ishlatding», deb  shunday urardi! Ichib kelsa tamom, bolam bilan tunni koʻchada oʻtkazardik.

«Bechora, ichkilik azobini tortibdi-da» deya,  soʻzini boʻlmay, achinib tinglardik:

– Oxiri ajrashdim. Oʻgʻlim bilan ijaralarda yashab, bozorchilarga qaynagan suv, yaxna choy sotdim, birovlarning bolasiga «repetitor»lik qildim…

Biz uning mungli nigohi, peshonasidagi tirishlariga rahmimiz kelib, turli bahonalar bilan: «sizga tekin»,  «bu oʻgʻlingizga», — deb sovgʻalar keltirardik.

Soʻng u bir kun yana «yorildi»:

–  Kecha erimni koʻrib qoldim. Donosh, chiroyli boʻlib ketibsan-ku!, — dedi va eshigim oldigacha mashinasida keltirib, birgalashib olgan bir xonali «dom»imizga bir kiray ham demadi!..

–  «Alkash» eringiz uy olishga qarashganmidi?

– Bu ikkinchisi. Qizimning otasi…

–  Ikkitami farzandingiz?

–  Ha. Qizimni erta, oʻn besh yoshida uzatganman. Ochigʻi, mahallamizga kelib turadigan qozoq yigiti Chimkentga olib qochib ketgan. Uch oyda daragi chiqdi, olti yil boʻldi, farzandsiz…  Shunga ezilaman-da! Qarib ketganimni qarang!..

Uning koʻzlariga yosh yigʻiladi.

–  Hech qarimassiz!

–  Ichimsiz-da, ichimsiz!, deb osongina kuladi u yonidagi Dilbarning tizzasiga shapatilab urib qoʻyib.

–  Oʻylanyapman… 

–  Nega, oʻrtoqjon?

–  Kelin oʻgʻlimdan toʻrt yosh katta. Oʻzi oʻgʻlimga sovchi boʻldi.

–  Nima?! Shunaqasi ham chiqibdimi?

– Endi bildingizmi? Soddasiz-da, opa!

– Tez erga tegib, birga chet elga olib ketishi kerak ekan, u yerda yaxshi ish topibdi…

Men bu gapni hushlamaganimni bildi chogʻi, hammani aytgan toʻyiga meni aytmadi. Keyingi oʻtirishimizda «toʻyni yeng uchida oʻtkazdim, kelin-kuyov uchib ketishdi», dedi.

– Baxtli boʻlishsin, oxiri baxayr boʻlsin!

Mana, bir yildan oshibdiki, Dononing «baxayr» ham shikoyat, ham «shijoat»ini tinglab, yuribmiz: Kelin suyuq oyoq ekan, ajrashisharmish, qizidan xat-habar yoʻqmish…

– Chimkent qochib ketmagan-ku, borib bilib kelmaysizmi?..

–  Yoʻq!

Vajohatidan jim boʻlamiz. Oʻzi esa oʻgʻli yuborgan pulga «qovogʻi»ni oldirdi, labini shishirdi, yuz terisini shilib, ajinlarini torttirdi… Lekin puchuq burun, uzun dahani, laponglab yurishi, yoqimsiz kulishi — oʻsha — oʻsha! Koʻrmaganning koʻrgani qursin, deganlaridek, nuqul «dollar»li libos kiyadi. Taqinchoqlari ham hilma-hil. Axir har oy boʻladigan gapda bir — ikki «yoʻlchi» ayollar faqat uning uchun Amerika, Rossiya, Turkiya tomonlardan ataganini keltiradi-da!

Men esa  «uyingizni kengaytiring,  besh-oʻn soʻm jamgʻarmangizni oʻgʻlingizning yaxshi kuniga atab qoʻying», — deb, uni oʻzimga teskari qilib qoʻydim. Bugun ham yonimda oʻtirsa-da, mendan teskari qarab, faqat yonidagilar bilan gaplashdi. Eshitib turibman, tirnogʻini ikki yuz, qoshini yuz ellikka «taroshlatib» kelibdi. Paygʻambar yoshidan oʻtganimga oʻgʻlim yuborgan koʻylakni koʻrsatay dedim, deb tizzadan yuqori olov rang libosini koʻz-koʻz qilib oʻtirdi.

Ha, u ham ona...

K U M U Sh

Kumush chinakam kumush ekan, ishlagani va ishlov berilgani sari yaltillab bordi!

Talabalik davrining ikkinchi yilida turmushga chiqdi. Eri va oʻzining stipendiyasini yigʻib, qayin opasining oʻgʻil toʻyiga toy olib bordi. Chunki pochcha chuchuk tilli bolani ularning oldida gapirtirdi:

– Oʻgʻlim, togʻang sunnat toʻyingda nima olib keladi?

–  O-oot!

–  Qanaqa ot?

– Qizil ot!

Qizil toychoq kelgach Kumush  onasi qilgan ohorli qizil bahmal dasturxonni uning ustiga yopdi, munchoq va tillaqoshlar bilan bezatib, hay-haylashib gruzovoyga ortishib yubordi.

Soʻng eri toʻyda pochchaning eski «Zaporojets»ini olishga vaʼdalashib keldi. Itarishib uyga kiritilgan mashina uchun ikki yil pul toʻlandi. Buning uchun er kartoshka ekdi, Jizzaxdan olma, Oltiariqdan uzum keltirib saqlab, qishda Frunzega olib borib sotdi. Hullas, oʻsha mashina bir-ikki yurgan boʻldi-yu,  yana tir-tir qilib toʻxtadi. Nihoyat, hovlini hira qilib yigirma yil yotgan mashinani ulgʻayib qolgan oʻgʻli yigirmata relsga alishib yubordi. Yaxshi qilgan ekan, uy koʻtarishiga yaradi.

Soʻng peshonasiga yangi mashina bitdi. Ochigʻi kreditga olingan yengil mashina oʻqituvchi erining va oʻzining oyligi kushandasiga aylandi. Kechqurunlari krakashlik qilib, topib kelingan pulga eri bozorlik qilib berardi. Toʻy-hashamlarga borganida bu mashina ham Kumushning xizmatini qilmadi. Chunki oʻgʻli oʻqishda, eri tunda kira qilib charchagan… Oʻsha — oʻsha, kreditni yop, pulini toʻla bilan uch yil ham oʻtdi. Bu yoqda oʻgʻliga uy solishni boshlab qoʻyishgan…

Gap- gashtaklarga borganida ham dugonalari shaharning u burchiga boʻlsa ham bolasi yoki erini olib ketishga chaqirardi. Kumush esa iloji boricha ular bilan yaqinroqqa yetib olib, qolganiga jamoat tranportida uyiga ketardi. Shu «Gap» deganlari ham yaxshi ekan, birovdan besh ming soʻrasang,  vaqt kelib, darrov qistaydi.  «Gap»chilar esa yuz, yuzdan tashlab osongina yigʻib beradi. Har oyda astalik bilan toʻlangan gapning puli asqotib, uy ham qad rostlay boshladi. Uyda esa hamon eski gap: Xarajatni kamaytiring, dadasi! Tovuq goʻshti ola qolaylik, qoʻy goʻshtining narxi baland ekan…Tuxum ham goʻsht oʻrnini bosyapti, harna tovuqlar yeydi, yoʻl chetiga joʻhori ekib qoʻying. Mevalar hozircha  qimmat, yangilik deb pulni ketgazmang, tom yopishga besh million kerak!… 

Usta gaplashgan, buzilgan uylarga kirib ishlatilgan eshik rom, gʻisht, tunuka… nima boʻlsa yoppasiga savdolashib, haydovchi yoniga oʻtirib, uyiga keltirgan ham Kumush… Axir eri ishda, oʻgʻli oʻqishda, oʻzining esa harholda, rahbar nomi bor, majlisdaman, deb chiqib ketishi mumkin…

Ha, Kumush ham ona...

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.