Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatimizda madaniyat, sanʼat, adabiyot, ommaviy axborot vositalari sohalarini rivojlantirishga ulkan hissasini qoʻshgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisida»gi farmoniga asosan Shavkat Rahmon ham «Fidokorona mehnatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan Dilobar Asliddin qizi XX asr oʻzbek adabiyotining betakror shoiri Shavkat Rahmonning rafiqasi Manzura Rahmonova suhbatlashdi.
– Shoirning qisqa, biroq mazmunli umrini men u kishinng sheʼrlarida koʻraman. Afsuski, ijodkorlar orasida turmush oʻrtogʻingiz haqida maʼlum muddat ijod olamidan uzilib qolgan. OAV larda chiqishlari toʻxtatilgan. Oz muddat turgʻunlik davrini boshidan kechirib, ishsiz yurgan, degan fikrlar yuradi. Ogʻir holatlarda shoirning kayfiyati qanday oʻtardi?
– Moddiy tomondan hech ogʻringan, kamchiliklardan noligan davrlarimiz boʻlmagan. Topganimiz dasturxonimizga hamisha yetgan. Shukrona bilan yashaganmiz. Televideniyeda ona vatan, xalqim, deb sheʼr oʻqiyotgan baʼzi shoirlarni koʻrsa, boshqa kanalga oldirtirardi. Ayrim shoirlarni soʻzi boshqa, oʻzi boshqa ikkiyuzlamachi derdi. Chunki, umr yoʻldoshim chin inson edi. Doim birovlarga yordam bergisi kelardi. Adolatsizliklarga boʻyin egishni xohlamasdi. Ishlagan har bir tashkilotda oʻzidan yaxshi nom qoldirgan. Xodimlar manfaati uchun samarali ishlar qilgan. Hamisha yulgʻich, poraxoʻr rahbarlar bilan kurashgan.
Ijodkor va shoir sifatida oʻzbek tili davlat tili boʻlishi uchun kurashgan. Maktablarda oʻquvchilarning Oʻzbekiston tarixi darsligiga koʻproq soat ajratilishini talab qilib, koʻplab chiqishlar qilgan.
Oʻzbek-qirgʻiz millati oʻrtasida nizo chiqqan paytda, bir din, bir qavm vakillari nega urushdi, deb azob chekdi. Bularning tepasida katta oʻyin boʻlayotganini sezib esa undanda azoblanardi. Hatto maslakdoshlari bilan bir birga bu borada sobiq SSSR rahbarlariga va Oʻzbekiston yetakchilariga maktublar ham yoʻllashgan.
U ancha vaqt Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda sheʼriyat boʻlimi boshligʻi lavozimida ishladi. Oʻsha davrda lirika mezonlariga mos kelmaydigan sheʼrlarni chop etilishiga, mazmunsiz sheʼrlarni ommaga eʼlon qilinishiga ruxsat bermas edi… Sheʼrga qattiq talab qoʻyardi, zamon shoirlari ham shunga mos sheʼrlar yozishga urinishardi… Zamondoshlari Shavkat Raxmonga sheʼriyatning «filtri» degan nom ham qoʻyishgandi.
– Shoirning rafiqasi sifatida ogʻir vaziyatlarida yonida boʻlgansiz. Sizga ham oson boʻlmagandir…
– Toʻgʻri, Shavkat Rahmonning ogʻir kunlarida ham, quvonchli kunlarida ham yonida boʻldim. Qiynalganda birga azob chekdim. Boshidan ne koʻrgulik oʻtsa, oʻz boshimdan oʻtkazdim…Shoir juda zehnli, farosatli inson edi. Ayollarni eʼzozlardi. Ayol kishi eʼzozlangan yurtda baraka, fayz boʻladi, derdi. Biror marta ayollarni haqorat qilganini, ularning orqasidan yomon gap aytganini bilmayman. Qizlarini juda yaxshi koʻrardi. Butun umr farzandlarini duo qilib, kelajagini farovon boʻlishi soʻrab oʻtdi. Farzandlarimning otasi injiq emas edi, ammo oʻzining aytganini qiladigan qatʼiyatli inson edi, chunki aytgani hamisha toʻgʻri boʻlib chiqardi. U uzoqni koʻra biladigan inson edi.
Turmushimdan nolimayman. Buyuk inson bilan birga nafas olganimni bugungi kunda yanada yaxshiroq tushinaman. Shoirtabiat boʻlsada, hayotga real qarar edi. Men unga yaxshi dardkash, maslakdosh boʻla oldimvi, deb oʻylanib qolaman. Bugun Shavkat Rahmon orzu qilganidik, farzandlarimiz barchasi oliy maʼlumotli. Har bittasining feʼlida otasining prinsiplariga sodiqlik, halollik, toʻgʻrisoʻzlik mavjud. Shuning uchun boʻlsa kerak hozirgi kunda ularnig hammasi jamiyatda oʻz oʻrniga, hurmat va obroʻ-eʼtiborga ega. Doim hamkasblari va rahbarlaridan minnatdorchilik eshitish men uchun juda quvonarli. Nabiralarimiz ham bilim olishda biri-biridan oʻzib, kamol topishmoqda.
– Umuman olganda keyingi yillarda shoir hayot yoʻlini abadiylashtirish boʻyicha qilinayotgan ishlar sizni qoniqtiradimi?
– Albatta, shoirning rafiqasi sifatida unga qilinayotgan har bir eʼtibordan boshim koʻkka yetadi. Oʻzi unvonlardan qochgan, koʻplab mukofotlarni rad etgan. Unga mansab yoki lavozim kerak boʻlmagan. Unga yaxshi ijodiy muhit, sharoit kerak boʻlgan.
Shavkat Rahmon sheʼrlarini tushunadigan, yaxshi tahlil qiladigan adabiyotshunoslar barmoq bilan sanarli. Ammo Shavkat Rahmon ijodini oʻrganishga astoydil bel bogʻlagan olimlar ham yoʻq emas. Adabiyotshunoslarga uning sheʼriyati ochilmagan bir qoʻriq boʻlsa, tarjimachilikdagi ijodiy faoliyati alohida yoʻnalish, deya hisoblayman. Men Shavkat Rahmonni nafaqat shoir sifatida, balki jamoat faoli, oʻzbek tilining jonkuyari, xalqparvar inson sifatida ham eslanishlarini istardim.
Dilobar Asliddin qizi suhbatlashdi.