Vaqt oʻz maromida ohista oqadigan daryoga oʻxshaydi. Yaratganning yaralmishi boʻlmish vaqt va uning maromiga har neki erkin singishsa, uning boqiy hamnafasiga aylanadi, oʻzligini namoyon qiladi. Asarlari Sharq falsafasining uzviy bir qismi boʻlgan Alisher Navoiy haqida ana shunday deyish mumkin. Tarix silsilasi oldida uning oʻz mavqei, shonu-shuhrati, sabogʻu anʼanalari alohida ahamiyatga molik. U xalqimizning gʻururi va faxridir!
Xalq va haqiqat mangudir. Haqiqat egiladiyu sinmaydi, deydi xalqimiz. Haqiqatni, adolatni ardoqlagan kishilar esa xalqqa aylanadilar. Demak, ular birgalikda mangudir. Bu matematika tili bilan aytsak, isbot talab qilmaydigan aksiomadir. Xalq va haqiqatni ulugʻlagan Alisher Navoiy asarlari ham siymosi ham mangudir
El shod boʻlsa, yurt obod boʻladi. Haqiqat va xalq yetti moʻjiza yangligʻ goʻzal va tovlanayotgan kamalakday hayratomuz, quyosh yangligʻ soʻnmasdir. Chunki haqiqat bor joyda el tinch va shod boʻladi, el shod boʻlsa, yurt obod boʻladi.
Hazrat Alisher Navoiy satrlari bejiz emas: El shod oʻlmas, mamlakat obod oʻlmas.
XX asr nihoyasida xalqimiz qaramlikdan qutildi. Yurt ozodligi, til ozodligi istiqlol birla qalblarga, shuurlarga nur boʻlib yoʻgʻrildi. Istiqlol, Istiqbol, Islohot soʻzlari dilimizga uygʻunlashdi. Ana shu uch tushuncha, uch ezgulik birla qisqa vaqt ichida yangilanish jarayoni vujudga kelib, demokratik-huquqiy davlat qurish yoʻliga dadil tushib oldik.
1991 yil 4 sentyabrda Prezident Islom Karimov Oʻzbekiston Milliy bogʻida qad koʻtarayotgan Alisher Navoiy haykalini va bogʻda olib borilayotgan qurilish ishlarini koʻzdan kechirayotib, yodgorlikning ochilishida nahor oshi tortilib, Qurʼon tilovat qilib yuborilishini aytganlarida tinglab turgan har bir kishining qalbi bir qalqib tushgani tabiiy. Bu bilan jamiyatda adolat tamoyillarini hayotga singdirish yoʻlida yana bir muhim qadam qoʻyildi. Zero, mustaqil Oʻzbekistonimizning milliy qadriyatlariga monand tadbiri hazrat Alisher Navoiy nomi bilan boshlanganligi tasodif emas. “Xamsa” asaridagi Saddi Iskandariy dostonida obod, ozod yurt va odil podsho orzusi kuylanadi. Hazrat Navoiyning ozod va obod yurt haqidagi orzu – umidlari bugungi kunda amaliyotda oʻz ifodasini topmoqda.
Vatanimizning ozod va obod boʻlishini taʼminlashga, erkin va farovon hayot bunyod etishga dadil intilayotgan xalqimiz turmushida roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlar, respublikamiz ichki va tashqi siyosatining oʻziga xosligidandir. Islohotlarni chuqurlashtirish, adolatli va maʼrifatli demokratik jamiyat barpo etish borasidagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini roʻyobga chiqarishning dolzarb masalalari har tomonlama teran tahlil etilganda “Biz hech qachon hech kimdan kam boʻlgan emasmiz, hech kimdan kam boʻlmaymiz” degan allaqachon shiorga aylanib ketgan soʻzlarni eslaymiz.
Bugungi mustaqil Oʻzbekiston Navoiyning yana bir asari-“Farxod va Shirin” dostonida kuylangan obod va ozod mamlakat haqidagi orzularining amaliyotidir, desak arziydi.
Mustaqillikdan keyin sogʻlom avlod tarbiyalash vazifasi umumxalq harakatiga aylantirildi. El-yurt havas qiladigan farzand tarbiyalash tuygʻusi barcha xalqimizga, har bir millatdoshimizga birdek tanish va birdek aziz. Farxod-u Alpomishdek alp oʻgʻlonlar, Shirinu Barchinoydek oy yuzli, goʻzal xulqli qizlar tavsifi allomaning har bir dostonu sheriyatida kuylanishi bugungi kun bilan, bugungi davr bilan hamohang.
Mustaqillikdan keyin mamlakatimiz birinchi prezidenti I. Karimovning”Xotirasiz kelajak yoʻq” degan shiorlariga amal qilib Oʻzbekiston televideniyesida “Moziydan yogʻdular” turkum koʻrsatuvlarini tayyorladik. Ana shunda ssenariylarimning oʻq ildizlari allomaning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlari boʻldi.
Hazrat Alisher Navoiyning ushbu asarlarida ajdodlarimizning taʼrifu-tavsiflari goʻzal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni eʼtirof etganlar. Najmiddin Kubro, Zamaxshariy, Mirzo Ulugʻbek, Pahlavon Maxmud va boshqa allamoyu sarkardalar haqida koʻrsatuv tayyorlaganimda albatta hazratning kitobiga qayta-qayta murojaat qilardim.
Soʻngra “Sogʻlom avlod” gazetasida bosh muharrir boʻlganimda “Moziydan yogʻdular” sahifasini tashkil etdik. Gazeta sahifalarida yoritilayotgan maqolalarni berishdan oldin hazrat Navoiyning ushbu kitoblarini varaqlab alloma haqidagi fikrlari bilan tanishardim. Ularni olimlar yozib kelgan maqola bilan muqoyasa qilardim. Hazrat Alisher Navoiyning tarixni chuqur anglagan ensiklopedik olim boʻlganiga yana bir karra imon keltirardim.
Ajdodlarimizning xotirasini yodlashdek ulugʻvor anʼananing qayta tiklangani mustaqilligimiz sharofaati boʻldi. Alloma Beruniy, hazrat Xorazmiy, Najmiddin Kubro, Imom Buxoriy sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʻzbek allomayu jahongirlarini, teran mushohada qiluvchi siyosat arboblari siymosi mustaqillik sharofaati bilan qayta qaddini koʻtardi.
Toshkent “Islom madaniyati poytaxti” degan qutlugʻ nomga sazovor boʻldi. Tabarruk yurtimiz – Oʻzbekiston oʻzida Sharq tarixi, maʼrifati, madaniyati, sanʼati, xoʻjalik hayoti rivojining goʻzal namunalarini jamlagan va jahon ahliga koʻz-koʻz qilgan maʼjizakor makon ekanligini mustaqillik sharofaati bilan isbotladi.
Til va tafakkur uygʻun. Til va tafakkur uygʻunligi Sharq falsafasining uzviy bir yoʻnalishidir. Alisher Navoiy bobomiz turkiy til goʻzalligini bu tilda tafakkur qilib bu tilda goʻzal asarlar bitish mumkinligini oʻz davrida isbotlagan edi. Navoiy Nizomiy panjasiga panja urmoq oson emas deb, turkiy tilda goʻzal ”Xamsa”ni yaratib ona tilini ulugʻladi. Oʻziga asarlari bilan haykal qoʻydi. Mustaqil Oʻzbekiston ham oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berib uni koʻklarga koʻtaryapti.
Mustaqil Oʻzbekiston kishilarining oldida turgan vazifalardan biri – rasmiy tilda ham goʻzal asarlar yaratish mumkinligini isbotlash edi. Sobiq sovetlar davrida oʻzbek tilida qonunlarni tayyorlanishini, zarurat boʻlganda boshqa tillarga oʻgirilishini qalbida Vatan tuygʻusi boʻlgan har bir ziyoli orzu qilardi. Zero, qonunlar oʻzbek xalqi, uning osoyishtaligi, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi uchundir. Ayni kunda qonunlarimiz ham oʻzbek tilida tayyorlanib, soʻngra boshqa tillarga oʻgirilmoqda. Mustaqil mamlakatimiz konstitutsiyasida belgilanganidek, har bir kishi oʻzligini tanisa, oʻz huquqini bilsa huquqiy demokratik davlatga aylanadi. Zero, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning 19–moddasida belgilanganidek qonunlarimiz oʻzbek tilida yaratilib, zarurat boʻlganda boshqa tillarga oʻgirish belgilanganligi bu milliy qonunchiligining yutugʻidir. Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputat sifatida faoliyat olib borganimda bu tuygʻularni yanada chuqurroq his qildim.
Bu ham alloma Alisher Navoiyning orzulari amalga oshganligining ifodasidir.
Darvoqe buning uchun barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, ular berayotgan samaralarni koʻz oldimizga keltirsak, Navoiy orzulari amalga oshayotganligining guvohi boʻlamiz. Ana shundagina istiqlol buyuk neʼmat ekanligini, mamlakatimizdagi ulugʻvor oʻzgarishlar, hayotbaxsh islohotlar, avvalo, respublikamizda hukm surayotgan tinchlik, totuvlik va mehr – oqibatning mevasi, Alisher Navoiy kabi allomalarimizning orzusi ekanligini yana bir karra anglaymiz. Xalq irodasi, el idroki yigirma olti yil ichida bir necha bor sinovdan oʻtdi va davlatimizning oqilona siyosati tufayli tinchligimizni asrab qoldik. Zero, xalqimiz tanlagan yoʻl tinchlik, bosqichma – bosqich taraqqiyot yoʻlidir.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist