XOʻJAMNING MAMALAGI (hikoya)

0
70
marta koʻrilgan.

Xoʻjamning mamalagi bor. Baʼzi-baʼzida yoʻldan adashtirib turadi. Ayniqsa, mening qarindoshlarimnikiga boradigan boʻlsak.

Katta ogʻamning farzandlari koʻp. Bordi-keldisi, toʻy-tomosha, maraka, sadaqasi shunga yarasha. Ogʻomga oʻxshab farzandlari ham ochiq qoʻl. Borini koʻpchilik bilan baham koʻrsa haz etadilar. Men yolgʻizgina singlisiman. Jiyanlarim amma deb boshlariga koʻtaradilar. Shu ogʻamning uyiga yoʻl olsak Xoʻjamga mamalak ergashadi.

Ogʻomlarning xonadonlariga eltadigan toʻppa-toʻgʻri koʻcha bor. Afsuski, biz baʼzan bir koʻcha oldingi yoʻldan aylanamiz. Va boshi berk koʻchalardan qaytib, qaysidir digʻiriqlarga kirib, bir ammallab uyni topib boramiz.
Yo ogʻomlarning koʻchasiga aylanmay mashinalar bir tomonlama harakat qiladigan yoʻlda davom etamiz. Keyin uzoqlardan yoʻl bosib izga qaytamiz.

Norozi boʻlib uflashim, qayta-qayta soatga qarashimdan kalovlanadi. Kuyinib oʻzini oqlaydi:

-Bila koʻra qiladi deb oʻylaysan! Chunki koʻngling qora! Ogʻonglarning yoʻlida mamalak bor. Meni adashtiradi.

-Mamalak top oʻzingiz! Qarindoshlarimnikiga boradigan boʻlsak minnat qilasiz. Vaqtni surasiz. Kechiktirib, asablarimni oʻynatib, keyin yoʻlga chiqasiz. Koʻr odam ham topadigan oddiy yoʻlku! — deb charvoyichilik qilaman.

-Indamiiiin oʻtir! Idoramni haydovchilariga ishonganman. Yoʻl bilan ishim boʻlmagan. Pensiyaga chiqib shofyoringga aylandim-qu, shukuri yoʻq kampir!

Menga qilgʻiliqni qilgani bilan barcha qarindoshlarimni yaxshi koʻradi. Ularga qoʻshilib yayraydi. Erkaklar davrasidan hammadan koʻp uning xush kayfiyatli ovozi yangrab turadi.

Bekposhsha Xoʻjayeva

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.