Xotin-qizlar, onalar bilimdon boʻlsa millat yuksaladi

0
75
marta koʻrilgan.

Mahmudxoʻja Behbudiy:  “Taraqqiy etgan millatlarni onalari oʻqitur ekan,  biz avval onalarimizni oʻqitub, ularga til oʻrgatmogʻimiz kerak, chunki bizning ilm va tilsizligimiz ulardandur”.

Alloma Mahmudxoʻja Behbudiy taʼkidlaganidek, ilm va kitob — inson umr yoʻllarini yorituvchi soʻnmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, har qanday vaziyatda ham hamroh boʻlguvchi sodiq doʻst. Insonning ruhiy-maʼnaviy kamolotini taʼminlashda kitobchalik kuchli qudratga ega xech qanday teng keladigan vosita yoʻqdir. Shu boisdan, azal-azaldan maʼrifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob oʻqishga, undan ilmu odob sirlarini oʻrganishga chorlab kelishgan. Tarbiyaning barcha mezon va unsurlari, avvalo, oilada shakllantirilganidek, kitobxonlik madaniyatini tarbiyalashda ham oilaning oʻrni nihoyatda kattadir. Dono xalqimizning “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan naqadar mazmunli naqliga tayansak, bu mohiyat yanada muxim, yanada dolzarb bosqichga koʻtarilganini anglaymiz.

Darhaqiqat, shaxsning yuksak maʼnaviyatli, keng dunyoqarashli inson sifatida kamolga yetishida, bir soʻz bilan aytganda har tomonlama takomilga yetishida oilaviy muhit, oilaviy qadriyatlar asosiy vosita rolini oʻtaydi. Zero, jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning  purmaʼno hikmatlari har bir oʻqigan insonning xayoliga xalqimizning: “Otasi oʻqiganning biri oʻqiydi, onasi oʻqiganning bari oʻqiydi”, degan qanotli soʻzlari kelishi tabiiy.

Alohida taʼkidlash joizki, farzand tarbiyasida onalarning bitmas tuganmas xissasi borligi, bosh rolni asosan onalar oʻynashi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Chunki, kitobga boʻlgan mexr-muxabbat birinchi oiladan, ota-onadan boshlanadi. Bolani maʼnaviyatli, kitobxon qilib tarbiyalash ham birinchi galda onalarning zimmasidagi vazifalar sirasiga kiradi. Ulugʻ shoirlarimiz, allomalarimiz, shuningdek  har birimiz bolaliklarimizni esga olganimizda oʻz-oʻzidan bejiz emas buvilarimiz, onalarimiz aytib bergan ertaklar, rivoyatlar, oʻqib bergan kitoblarni koʻngillarimiz oftob misol yorishib, toʻlqinlanib, xayajonlanib tilga olamiz. Shu oʻrinda barcha kitobxonlar qalbidan joy olgan atoqli shoir Hamid Olimjonning quyidagi quyma satrlarini yodingizga solmoqchiman:

Bolalik kunlarimda,

Uyqusiz tunlarimda,

Koʻp ertak eshitgandim,

Soʻylab berardi buvim.

Onalarimiz, buvilarimiz, momolarimiz bugungi davr tili bilan aytsak, begʻubor bolaligimizning chinakam maʼnaviyat targʻibotchisi, har bir oilaning namunali kitobxoni boʻlgan ekan. Bir-biridan qiziq ertaklar, sheʼru hikoyalar, xalq hikmatlarini, oiladagi muqaddas tushunchalarni, urf-odatlarni, kattaga hurmat, kichikka izzat, “Mexnat, mexnatning tagi roxat” kabi qadriyatlarni qulogʻimizga quyishgan.

Xoʻsh, bugun-chi?

Maʼlumki, har bir davlatning, jamiyatning turli jabxalarda sifat darajasini belgilovchi koʻrsatkichlardan biri hisoblangan intellektual avlod safining kengayishida yoshlarning kitobga boʻlgan mehri yetakchi omil hisoblanadi. Lekin, bugungi yuksak rivojlangan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asrida butun dunyo boʻylab nafaqat yoshlar, balki koʻpchilik katta yoshli insonlar, ayniqsa onalarimiz, xotin-qizlarimizni kitob oʻqishga, mutolaaga boʻlgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishimiz ayni kunning dolzarb vazifasiga aylandi.

Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasida har doimgi davrdan bir necha barobar koʻp miqdorda samarali ishlar amalga oshirilmoqda, tashviqot-targʻibotlar olib borilmoqda. Shunday boʻlsa ham, oilaviy muhitda kitobxonlik madaniyati takomili qoniqarli darajada deb boʻlmaydi. Kitobsevar oilalar bilan bir qatorda, ularning aksi boʻlgan oilaviy muhitni ham uchratishimiz achinarli. Shu bois ham, keyingi vaqtlarda Oʻzbekistonda aholining barcha qatlamlari, xususan, yoshlarni kitob mutolaasiga qiziqtirish, shu orqali ularni mustaqil fikrlashga oʻrgatish, dunyoqarashini shakllantirish, jahon ilm-fani va madaniyati yutuqlaridan bahramand etish muammosini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

 Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, infratuzilma va oʻquv tizimi, kitobxonlik bilan bogʻliq muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida “2020-2025 yillarga moʻljallangan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi” qabul qilinib, uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanganini ham aytib oʻtish lozim. 

 Ushbu dasturga asosan Oʻzbekistonda 2021 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qator manfaatdor tashkilotlar hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxonlik haftaligi” yuqori saviyada oʻtkazilishi yanada kitobsevarlar sonining ortishiga, mutolaa madaniyatining oshishiga olib kelmoqda.

Shu oʻrinda, kitobxonlikni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga davlatimiz tomonidan yuksak eʼtiborni yaʼni “Yosh kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” respublika koʻrik-tanlovlarining har yilgi gʻoliblariga bosh sovrin sifatida yengil avtomobil sovgʻa qilib kelinayotganligini faxr va iftixor bilan eʼtirof etib oʻtish lozim.

Mamlakatimizda, ayniqsa, soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda salmoqli islohotlar amalga oshirilib, xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini kuchaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Natijada bugungi kunda ayollar jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida tobora yetakchi oʻrinlarni egallab, taʼlim, madaniyat va ilm-fan rivojiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Bu haqda soʻz borganda, avvalambor, yaqinda davlatimiz rahbari tasdiqlagan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi aynan “Xotin-qizlarni  qoʻllab-quvvatlash, ularning  jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash”, deb nomlanganini alohida taʼkidlash lozim. Mazkur maqsad doirasida, jumladan:

  • jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
  • gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish;
  • xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirish kabi bir qator muhim vazifalar belgilangan.

72-maqsad esa Aholiga axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda «Kitobsevar millat» umummilliy gʻoyasini roʻyobga chiqarish va  aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda sohada yagona boshqaruv tizimini joriy etish. belgilpngan.

Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan maqsadlarning ijrosi sifatida boʻlib oʻtayotgan, anʼanaga aylanib ulgurgan, oʻta dolzarb va oʻz navbatida nufuzli maʼnaviy tadbirga eʼtiboringizni tortmoqchiman.

2022 yil 17 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda «Qadring baland boʻlsin ona tilim» shiori ostida «Mutolaa olamidagi kitobxon millat» mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Onlayn va offlayn shaklda tashkil etilgan tadbirda Bosh vazir oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi rahbari Zulayho Mahkamova, «Oqila ayollar» harakati faol ayollari, olima, yozuvchi, shoira, Toshkent shahar mahallalari faol ayollari, 100 nafardan ortiq kutubxona xodimlari ishtirok etdilar.

Qoʻmita raisi Zulayho Mahkamova, bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyatdagi roli va oʻrnini oshirish, oilalardagi onalar maʼnaviyati, madaniyati va bilimlarini oshirish orqali kelajak avlodlarimizni komil inson qilib tarbiyalashga erishish, bunda kitob va mutolaaning oʻrni va ahamiyati muhim ekanligini singdirish, bu boradagi ishlarni tashkil etishda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan oʻzaro hamkorlik qilish, xususan, mutolaa targʻibotini samarali tashkil etish uchun eng yaxshi adabiyotlardan iborat koʻchma kutubxonalar tashkil etish, bunday kutubxonalarni respublikamizning eng chekka tuman va qishloqlarigacha yetib borishini taʼminlash uchun tizimli ishlar olib borilishi zarurligini taʼkidladi.

 Shoiralar Zulfiya Moʻminova, Munavvara Usmonova, Sayyora Tuychiyeva, olima Jamila Shermuhamedovalar oʻzbek tilining juda boy til ekanligi, ota-bobolarimizning oʻzbek tilida yozib qoldirgan betakror asarlari, ijod namunalari haqida oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar, sheʼrlaridan armugʻon etdilar.

 Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Doʻstlik” ordeni  soxibi, shoira Zulfiya Moʻminova barchani yaqinlashib kelayotgan til bayrami bilan tabriklab, oʻzbek tilining maftunkor va boy tarixga ega ekanligini, uni asrab-avaylashimizda bugungi millat onalarining roli, sof oʻzbek tilida soʻzlashishida kitob va mutolaaning oʻrni muhimligi, kutubxonaga doimiy tashrif buyuruvchi kitobxon onaning farzandi ham albatta kitobga oshno boʻlishi, sababi oilada farzand tarbiyasi va dunyoqarashi bevosita onaga bogʻliq ekanligini taʼkidlab oʻtdi hamda buyuk dogʻistonlik adib Rasul Gamzatov hayotidan ibratli hikoya soʻzlab berdi: Buyuk adib Rasul Hamzatov xizmat safari bilan Fransiyaga ketayotgan chogʻida qishloqdoshlari u bilan xayrlashish uchun yigʻiladilar va bir ona oʻzining farzandi Fransiyada 25 yildan buyon istiqomat qilayotganini va unga salomini yetkazishni tayinlaydi. Xizmat safaridan qaytgan adib onaga farzandi bilan suhbatlashganini va unga salomini yetkazganini aytadi. Ona: «Oʻgʻlim sen bilan oʻz ona tilida suhbatlashdimi?» deb soʻraydi.   Adib: “Yoʻq, biz tarjimon orqali gaplashdik, men rus tilida, u esa fransuz tilida” deb javob beribdi.

Onaizor oʻychan, ancha muddat jim sukut saqladi. U qora roʻmoli bilan yuzini yopdi, ayollar farzandlari oʻlsa shunaqa qiladilar. Yana biroz jim turgach, u keskin tarzda debdi: – Rasul, sen adashibsan, oʻsha odam mening oʻgʻlim emas, u allaqachon oʻlib ketgan. Mening oʻgʻlim oʻzim oʻrgatgan ona tilini, avar tilini unutishi mumkin emas”.

Bunday ibratli voqealardan xulosa shuki, farzandlar tarbiyasiga koʻproq masʼul boʻlgan onalarning oʻzlari, avvalo, ona tilini asrab-avaylashi va oʻz farzandlariga oʻrnak boʻlishlari kerakligini anglaymiz.

 Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, «Saodat» jurnalining Bosh muharriri va el sevgan shoira Munavvara Usmonovaning kutubxonalar toʻgʻrisida, ularni yangi adabiyotlar bilan muntazam boyitib borish, oilaviy kitobxonlikni rivojlantirish, yosh onalarga, farzandlarimizga kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini, kitobxonlik madaniyatini oshirish, mahalla kutubxonasiga oʻz oilasidagi qadrli boʻlgan, jonidan xam ortiq koʻrgan, dardkash boʻlgan oʻz kitoblarini sovgʻa qilish jarayonlarini xis-xayajonoi soʻzlari,  “Ona”siga bagʻishlangan sheʼri barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ona, meni qoʻyib yubormang,

Uyib oling qovogʻingizni.

Boylab oling ostonangizga,

Koʻzga surtay oyogʻingizni.

“Ketma, bolam”, deb ayting, mayli,

Ketib borar umr yugurib.

Ortga tortib yurak oʻrtaydi,

Yetti qadam tashlamay turib…

Onaning ulugʻ zot ekanligi, farzandi uchun hamma narsaga tayyor va rozi ekanligi, qalbi daryoligini oʻzida mujassam etgan oʻtli misralar kitobxon qalbini larzaga soladi. Sheʼr muallifning ijrosida, qiyomiga yetkazib yangragani esa maʼnaviyat tadbirida ishtirok etgan yoshlarimizga albatta ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.

  Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z. Mahkamova tashabbusi bilan har oyning 17-sanasi «Kitobxon onalar kuni» deb eʼlon qilindi. Milliy kutubxonada va barcha respublikadagi 200 ta axborot-kutubxona markazlarida ochiq eshiklar kuni oʻtkazilib, kitobxon onalar, xotin-qizlar yigʻilib, oʻqigan kitobi, undan olgan ijobiy fikrlarini oʻrtoqlashish ishi boʻyicha aloxida ishlab chiqilgan Yoʻl-xaritasi asosida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Mana sal kam bir yil boʻlyaptiki, biz kutubxona xodimlari va “Kitobxon onalar” uchun anʼanaviy tusga kirgan chin maʼnodagi “Maʼnaviyat bayrami”ga aylanib ulgurdi.

 Albatta bu tashabbus kutubxona xodimlarini ham oʻz ustida ijodiy ishlashga chorlaydi. Chunki kelayotgan ayollarimiz, onalarimiz bir-biridan aqlli, zukko, kitobxonlik borasida bemalol qobiliyati, serqirra isteʼdodlarini namoyon etish jarayonida, istiqboldagi yana qanday vazifalar turganligini, onalar kitobxonligini rivojlantirishdagi toʻsiqlar, muammolar va ularning yechimiga qaratilgan takliflar ishlab chiqish imkoniyatini yaratdi va oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydimki, ayni kunda Toshkent shahrining barcha tumanlarida soʻrovnomalar oʻtkazish jarayoni orqali yanada yuksak marralarga erishamiz. Ishonamanki, olib borayotgan yangi innovatsiyalarga asoslangan ijodiy izlanishlarimiz oʻzining ijobiy samarasini beradi.

 Xulosa oʻrnida aytganda, Oʻzbekistonda aholining, ayollarimizning, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, kitobxonlik madaniyati darajasini yuksaltirish, xalqni kitobga oshno etish maqsadida tizimli ravishda tashkiliy-huquqiy saʼy-harakatlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Yuqoridagi mulohazalardan koʻrinadiki, maʼnaviy barkamol kitobxon avlod tarbiyasida oila muhim va mustaham poydevor. Shu bois jamiyatda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasidagi har qanday faoliyatda oila bilan, onalar bilan hamohang, hamfikr ish yuritish koʻzlangan maqsadlarga erishishga munosib zamin yaratadi va albatta bu yoʻlda barchamiz oʻzaro tajriba almashib, hamkorlik, maslakdoshlik bilan hamjihatlikdagi ishlar kitobxon onalar safini yanada kengaytirish borasidagi faoliyatimiz samaradorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Zero, yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek: Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning maʼnaviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining maʼnaviy saviyasi belgilaydi.

Hafiza Karimova, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.