Xotira – muqaddas. Qadrlay olish esa yuksak insoniy tuygʻu!

0
143
marta koʻrilgan.

Poytaxtning soʻzim goʻshalaridan biri Registan restoranida  ustozimiz Gavharjon Fatxullayevaning yuz yilligini xotirlab,  oʻgʻli – texnika fanlari doktori Odilbek Egamovich  Raximov onasining doʻstlari va shogirdlariga dasturxon yozdi. Avvalo, Urganchdagi 1-son maktabda onasi bilan birga ishlagan safdoshlari va shogirdlari bilan uchrashuv uyushtirib,  onasi xotirasiga bagʻishlangan kitoblardan armugʻon qildi.  Necha yildan bayon kuzataman, Gavharjon opaning farzandlari uchun bu anʼana  – goʻzal qadriyatga aylangan.

Ushbu – “Qalblar dostoni” kitob-yodnomaning bosh qahramoni minglab shogirdlarning ustozi, mohir pedogog, marhuma Gavharxonim Fatxullayevaning tavallud topganiga 95 yil toʻlishi munosabati bilan farzandlari tomonidan tayyorlangandi.

Ushbu savob ishga bosh-qosh boʻlgan Xalqaro Axborotlashtirish Akademiyasi akademigi, Axborotlashtirish faxriy professori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan aloqa xodimi Komiljon Raximov taassufki, kitob nashrga tayyorlanayotgan vaqtda 2019 yilning 16 may kuni 73 yoshida vafot etdi. Oʻzbekistonga munosib xizmat qilgan Komiljon Raximov muborak ramazon kunlaridan birida Urganchdagi ota hovlisidan oxirgi yoʻlga kuzatildi. Kitob chop etish ishini esa Odilbek Raximov davom ettirib oxiriga yetkazdi. Ushbu kitobga bir paytlar uyushtirgan suhbatimni kiritibdi.

Fidoyi utozimiz Gavharjon Fatxullayeva bilan boʻlgan mazkur suhbatning yozilganiga deyarli  yigirma besh  yil boʻldi. U  “Sogʻlom avlod uchun” jurnalining  1999 yil yanvar sonida chop etilgan edi. Onajoni haqidagi ushbu suhbatni asrab-avaylab  saqlab qoʻygan farzandlardan kitobni qoʻlga olganimda xursand boʻldim. Onasining xotirasini eʼzozlaganlarni, onajoniga daxldor har bir narsani avaylaganlarni Olloh siylasin.

Ushbu kitobdan ustozimizning safdoshlari, shogirdlari hamda farzandlarining dil soʻzlari oʻrin olgan. Ustozimizning  ibratli hayoti, oʻgitlari toshga yozilgan dostondek shogirdlari, yaqinlari  qalbida muhrlanib qoladi.

 

 Birinchi maqola: FARZAND – DAVLAT, FAZILATI – ZIYNAT

Oʻquvchilik yillari bolaning koʻz oldida  dunyoning yuz ochayotgan davri. U oʻz muallimlarini diqqat bilan kuzatadi, ularning  har birini feʼlini, odatini, ustun jihatlarini, kamchiliklarini ham tezdan anglab oladi. Odamzod aslida ana shu oʻziga xosligi bilan qadrli! Bu bolalarning oʻta kuzatuvchanligini bildiradi. Pedagoglarga esa masʼuliyat yuklaydi. Bolalar tasavvurida yaxshi fazilatlari bilan koʻzga koʻrinishga urinadi.

Ustozimiz Gavharjon opa – sinfga ohista kirib kelar, sokin soʻz boshlar, sinfni asta-sekin osoyishtalik, fayzu harorat qamrab olardi. Ziyrak, topqir sinfdoshimiz Dilbarxonning orqavarotdan muallimani “Qumrixon” deya erkalashlarida jon bor edi. Ustoz sipo kiyinar, taqinchoqlarga ham ruju qoʻymagan, musichadek beozor inson  edi.

Mana, yillar oʻtdi. Maktabni tugatganimizning oʻttiz yilligi tantanasida sevimli oʻqituvchimiz Gavharjon opa bilan diydorlashib turibmiz. Ustoz nafaqaga chiqqan boʻlsa-da, oʻziga qadrdon dargoh – Urganch shahridagi 1-maktabdan uzoqlashmadi. Men uchrashuv bahona ustozimiz, mohir pedagog Gavharjon Fatxullayevaga bir necha savollar bilan murojaat etdim:

– Gavharjon opa, mustaqillik sharofati bilan taʼlim-tarbiyada juda katta oʻzgarishlar, burilishlar boʻldi. Pedagogikamizning buguni, istiqboli haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Bir soʻz bilan aytganda, bugungi pedagogika chin maʼnoda erkin pedagogika. Bugungi muallim dilidagini tiliga chiqara oladi. Tarbiyada xalq anʼanalariga, milliy taʼlim-tarbiyaga suyana oladi. Biz bolalarga dilimizda aylanib turgan koʻpgina fikrlarni yetkaza olmadik. Masalan, shaxsan oʻzim dars bergan fandan misol keltirsam. Odamning maymundan paydo boʻlgani haqidagi qarash bahsli edi. Lekin, bizda boshqa taʼlimotlar ham bor, masalan… deya ilintirib oʻta olmadik.

Hatto, vatanparvarlik tuygʻusi ham soxtalashtirilgan edi. Odamning mehru muhabbati avvalo tugʻilgan joyiga boʻlgan munosabatdan boshlanadi. Xorazm haqida, turkiy qavmlar haqida toʻlib-toshib gapirganimizda, Jaloliddin Manguberdini tilga ololmasdik. Bolalarni koʻhna Urganchga sayohatga olib borardig-u, Najmiddin Kubro maqbarasini ziyorat qilayotib, u haqda berilgan savollarga “diniy peshvo” deyishdan nariga oʻtolmasdik. Bu zotning buyuk vatanparvar boʻlganligini, kubraviya deb nom olgan tariqat yoʻlining asoschisi ekanligini aytolmaganmiz, ilmiy, badiiy ijodini oʻrgana olmaganmipz.

Oʻquvchilarimizga “Yaxshi oʻqisang – dunyo seniki”, der edig-u, bolalar bunga koʻpam ishonaverishmasdi. Chet tilini oʻrgatardik, ammo bu til koʻpchilikka keyingi hayotida umuman kerak boʻlmasdi. Bugungi bolalar pedagogikada amaliyotni, soʻz bilan ishning birligini koʻrib turibdilar. Bolalikdan chet ellarda oʻqib, dunyo koʻrmoqdalar. Zero, xalqimiz “Bolalikda uqqani – toshga yozilgani” deyishi bejiz emas. Ayni paytda bolalikdan dunyo koʻrishga, oʻqishga imkoniyat bor. Bu hammasi asriy orzumiz, mustaqillik sharofati, desak, arziydi. Shu kunlarga yetib kelganimizga shukronalar aytaman.

–  Gavharjon opa, endi sizning uzoq yillik muallimlik tajribangizdan soʻzlashsak. Nega siz bolalardan oʻtilgan darslarni jurnal boʻyicha soʻramas edingiz?

–  Hayotda odamlarni turli vaziyatlarda, ziddiyatli tang holatlarda yanada yaqindan koʻramiz, kuzatamiz. Bolalar ham shunday. Tugʻilish, unib-oʻsish, juft tanlash, bola-chaqa orttirish, rixlat har bir jonga xos. Biroq oraliqdagi ana shu yoʻlni har bir inson oʻziga xos tarzda bosib oʻtadi. Insonning quvonchlari va iztiroblari bor. Jajji qalblarda ham bu kechinmalarni kuzatish mumkin. Har qanday sharoitda odam ulugʻ va mukarram boʻlib qolishi kerak, deb bilaman. Shunday ekan, oʻsib-ulgʻayib kelayotgan bolalarni avaylamay, ardoqlamay boʻladimi? Kattalarning har bir qadamining aks-sadosini kichiklarda koʻrish mumkin. Axir, oʻsha kuni bola qaysi kayfiyatda oʻtiribdi, bilib boʻlmaydi. Qolaversa, quvroq bolalar faqat oʻsha kuni oʻqib keladilar. Shuning uchun jurnal tartibida soʻramas edim.

–  Dars oʻtgandan keyin yana savol-javobga vaqt ajratib, yangi mavzu boʻyicha ham baholar edingiz...

–  Dars oʻtgan paytda: “Hoy, jim oʻtir”, “Hoy, toʻpolon qilma!” deyaverish, javrayverish bolalarning ham, oʻzingizning ham obroʻyingizga putur yetkazadi. Aytadilar-ku, “Gapirsang, beti qotar, ursang – eti”. Shuning uchun dars oʻtib boʻlgandan keyin hamisha savol-javob qilardim. Faol qatnashgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirardim. Qarabsizki, oʻz-oʻzidan darsda jim oʻtirishadi.

– Gavharjon opa, dars boshlangan paytda yoʻqlama qilmas edingiz, sababi?

– Har bir ishni xush kayfiyat bilan boshlagan maʼqul. Darsni qiziqarli oʻtsangiz, oʻquvchilarning oʻzlari jim oʻtirishadi. Bolalarga ham kattalardek muomala, eʼtibor kerak. Ularning feʼl-atvori har xil. Biroq, barchasini birlashtirib turadigan bitta narsa bor: bolalik va gʻurur. Oʻsib kelayotgan bolaning gʻururiga tegish, shaxsini sindirishga harakat etish yaxshi emas. Gohida maktablarda oʻqituvchi bilan oʻquvchi orasida janjal chiqib, direktorgacha kirishadi. Vaziyatni bu darajaga olib kelgan kishi pedagoglikka noloyiq, uning oʻrni maktab emas. Bolaga onalik shafqati bilan qarash zarur. Oʻqituvchi sabr-toqatli, shafqatli, bolaga xuddi ota-onadek munosabatda boʻlishi zarur.

– Darslarni davr bilan bogʻlab olib borish kerak, deb hisoblaysizmi? Bu ishni tabiiy fanlar, masalan, botanika, zoologiya, biologiya darslarida qanday amalga oshirish mumkin?

– Albatta, davr bilan hamnafas dars olib borish kerak. Masalan: baliq va uning turlari mavzusini oʻtayotganda, albatta Orol muammosini, baliq turlari yoʻqolib ketayotganini qoʻshib gapirsangiz, bolalar ana shunga koʻproq qiziqadilar. Qoʻshimcha maʼlumotlarni berish uchun oʻqituvchi doimo izlanishi, oʻrganishi lozim. Oʻz sohasiga oid kitoblarni muntazam mutolaa qilish talab etiladi. Oʻqituvchi ilmiy, falsafiy, jugʻrofiy, tarixiy, madaniy, diniy miqyosni qamragan dunyoqarash egasi boʻlsagina kutilmagan savollardan dovdirab qolmaydi.

Oʻqituvchi bolalarning taqdir va qismatiga, baxtiga, tashvishlariga teng sherik, musibatiga qaygʻudosh boʻlsagina, bolalar uni ustoz deb ardoqlaydilar.

– Gavharjon opa, endi, ona va uy bekasi sifatida bitta savolga javob bersangiz. Mana, uch oʻgʻil tarbiyaladingiz. Ularning har biri hozir oʻz sohasining peshqadamlaridan.

– Tarbiyaning asosi – oilaning ahilligida, bir-birini tushunib, qoʻllab-quvvatlab yashashda, deb tushunaman. Men oila qurganimda oʻqituvchi emasdim, keyin institutga kirdim. Rahmatli erim – shoir Egam Rahim oʻqishimni tamom etishimda qoʻllab-quvvatladi. U kishi, ona oʻqimishli, bilimdon boʻlsa, bola ham bilimdon, aqlli boʻladi, deb hisoblar edi. Qolaversa, bolani yoshligidan mehnatga oʻrgatib, chiniqtirib borish kerak. “Bola boshidan”, – degan oʻgit ham bejiz emas.

Ota-bobolarimiz “Farzanding – davlating, fazilati – ziynating”, – deb qulogʻimizga quyishgan. Farzand hayotda oʻz oʻrnini topib ketsa, bu – ota-onaning baxti.

– Gavharjon opa, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

“Sogʻlom avlod uchun” jurnali,  1999 yil 1- son.

 

Ikkinchi maqola. Mahalladoshim va ustozim siyratiga bir chizgi: Barkamol farzand – ahil oila mevasidir.

“Egam Raxim sheʼriyat bogʻida bir gujum,” – deya taʼriflagan edi zamondoshi Oʻzbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilov.

Yana Egam Raximni Avaz Oʻtardan keyin Xorazmning eng katta shoiri, deya oʻz ehtiromini bildirgandi.

Darhaqiqat,  Egam Raxim  oʻzining serqirra ijodiy faoliyati bilan  oʻzbek matbuoti, sanʼati, madaniyati, adabiyotining gullab-yashnashiga munosib hissa qoʻshgan shoir, dramaturg, koʻplab shogirdlar tayyorlagan ustoz va arbob edi.

Biz — sinfdoshim Bekposhsha Xoʻjayeva bilan matbuot sohasidagi ijodiy qadamlarimizni dastlab «Xorazi haqiqati» gazetasidan boshlagan edik. U paytlar maktabda  oʻqirdik. Toshkent Davlat universiteti(Bugungi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ga yoʻllanmani esa «Xorazi haqiqati» gazetasining oʻsha paytdagi bosh muharriri Egam aka Raximov bergan edilar. Ustozning oxirati obod boʻlsin.

Egam aka Raximov sheʼriyat bogʻida bir gujum boʻlsa, ustozimiz Gavharjon opa esa oʻquvchilar uchun gujum  edi.

Men bugungi maqolamda  Egam Raximning oilasi, biologiya oʻqituvchimiz Gavhar opa Fatxullayeva haqida hikoya qilmoqchiman. Chunki, ushbu ibratli oila haqida juda kam yozilgan.

Oʻzbekiston Xalq taʼlimi aʼlochisi, botanika, zoologiya, biologiya fanlari oʻqituvchisi Gavhar Fatxullayevani (oxirati obod boʻlsin) xotirlasam, uning timsolida xalqimizning goʻzal fazilatlari – mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, bolajonligi, shuningdek, kamsuqum va kamtarinligi namoyon boʻladi.

Oltinchi sinfga oʻtganimizda maktabimiz 9-11 sinflar oʻqiydigan tajriba taʼlim maskaniga aylantirildi. Biz kichik sinf oʻquvchilarini esa yon-atrofdagi oʻquv dargohlariga tarqatib yuborishdi. Birinchi sentyabr kuni yangi maktabga borar ekanman, yoʻlda bola yetaklagan ayolni uchratdim. Bejirim va sodda kiyingan, yoqimtoy ayolning farzandi bilan qizgʻin suhbati eʼtiborimni tortdi. U bolasiga oʻsha kungi darslari boʻyicha savol berar, dilbandining javobidan qoniqmasa, loʻnda qilib tushintirar edi. U ayolning oʻqituvchi ekani soddagina koʻrinishida shundaygina aks etib turardi. Birinchi va ikkinchi sonli oʻzbek va rus tillarida taʼlim beruvchi ikki maktab yonma-yon joylashgan edi. Bolasini rus maktabga kiritib yubordi-da oʻzi men oʻqiydigan maktabga qarab yurdi. Bu manzara har kuni tong bilan takrorlanar edi. Har kuni deyarli bir vaqtda maktabga kirib borardik.

Yillar oʻtib, shu manzarani eslar ekanman, Gavhar opa nihoyatda kamsuqum ayol boʻlganligini anglayman. Ustoz “Xorazm haqiqati” gazetasi bosh muharriri, shoir Egam Rahimning rafiqasi edi. Uning viloyatdagi koʻzga koʻringan insonning rafiqasi ekanini biz oʻquvchilar bilmasdik. Bolalikda bunday narsalarga eʼtibor ham berilmaydi. Bola uchun hamma teng, hamma bir. Biroq, endi oʻylab koʻrsam, Gavhar opaning hayoti ham shunday bolalarga xos, bolalarga mos kechgan ekan. Muallimamizning maktabga erining xizmat mashinasida kelganini koʻrgan emasmiz. Yuqorida taʼkidlaganimdek har kuni maktabga farzandini yetaklab, suhbatlashib piyoda kelardi.  Mana yillar oʻtib edi oʻylayman. Erining mashinasidan foydalansa boʻlar edi-ku!? Kamsuqumligi, turmush oʻrtogʻini avaylab-asrashi mana shu bitta misolning oʻzida ham yaqqol ifodalanar edi.

Ustoz Gavhar opaning feʼli  juda yumshoq boʻlib, ohista gapirar, darslarini albatta, koʻrgazmali qurollar yordamida oʻtar edi. Oʻquvchilarga tanbeh berib, keskin gapirganini koʻrgan emasmiz. Oʻquv saboqlari hamisha qiziqarli kechardi. Sinfga har safar koʻrgazmali qurol bilan kirardi.

Bugungi kunda murabbiyni  xotiramda tiklab, turmush tarzini turgʻun oqayotgan daryoga qiyoslagim keladi. Oila, maktab, uy, farzand! Uning turish-turmushi shu edi. Ustoz  Urganch shahridagi 1-umumtaʼlim maktabida oʻqidi. Urganch pedogogika institutini (bugungi Urganch davlat universiteti) bitirgach, oʻzi oʻqigan maktabga ishga keldi. Va bir umrga shu maktabga, oʻquvchilarga bogʻlanib qoldi. «Daraxt bir joyda koʻkaradi» degan maqolga amal qildi. Oʻzi taʼlim olgan maktabda deyarli qirq yil faoliyat yuritdi va shu yerdan nafaqaga chiqdi.

Darhaqiqat, uning pedogoglik faoliyati  insonparvarlikka asoslangan milliy qadriyatlarimizga hamohang edi. Bugungi kunda maxsus dastur yaratilib, yanada rivojlantirilayotgan “Maktab – oila – mahalla” dasturi asosida mehnat qilardi. Har bir oʻquvchining oilasi, mahallasi, turmush tarzini yaxshi bilardi.  Zero, shu mahalladagi maktabda oʻqigan, shu mahalladagi maktabda ishlagani unga taʼlim-tarbiyada juda qoʻl kelardi. Muallima oʻzbekona qadriyatlarni ulugʻlab yashardi.

U botanikadan dars berayotganida vohamizda, shuningdek, mahallamizdagi ariq boʻylarida oʻsadigan oʻt-oʻlan-u daraxtlarga alohida toʻxtalib,  gerbariylarini koʻrsatar edi. Zoologiyadan dars berganida, misollarni iloji boricha biz koʻrib yuradigan jonzotlardan keltirardi. Biologiyadan gapirayotganda rivoyatlar bilan uygʻunlashtirar edi.

Ustoz vohaning mashhur shoiri Egam Rahim bilan toʻrt nafar bolani tarbiyalab, ulgʻaytirdi. Ularning barchasi elga munosib farzand boʻlib kamolga yetdi. Ular injener, pedogog mutaxassisliklarini egallab,  texnika va qishloq xoʻjaligi fanlari doktori boʻlishdi. Albatta, bu ahil va osoyishta hayot kechirayotgan oilaning dilbandlari boʻlgani uchun elga munosib farzandlar boʻlib yetishishdi, degimiz keladi. “Barkamol farzand – ahil oila mevasidir” degan bugungi shior goʻyo ularning hayotidan olingandek…

Bugungi kunda Gavhar opa hayot boʻlganida, Xotira va qadrlash kuni yuz bilan yuzlashgan boʻlardi. Ustozlarning oxirati obod boʻlishini Yaratgan nasib aylasin!

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.