Yangilik: “Vatan” – bahor shabadalariga hamnafas yangi jurnal

0
173
marta koʻrilgan.

“Vatan” nomli  ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy jurnalning birinchi soni nashrdan chiqdi. Uning muqovasida shunday goʻzal satrlar mavjud: Yoʻl boʻshat, zamona! Yoʻl boʻshat, jahon!  – Oʻzbek kelayotir…

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligidagi «Vatan» jurnali sahifalarida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ulugʻvor va hayotbaxsh yangilanishlar, Vatanimiz tarixi va buguni aks etgan tahliliy maqolalar hamda yurt ziyolilari, siyosatshunoslari va yozuvchilari asarlari eʼlon qilib boriladi.

Birinchi sonning ilk sahifalari ozar shoiri Akif Bagʻirning “Oʻzbek kelayotir…” nomli tantanavor sheʼri bilan boshlanadi.

Yana jurnalda Oʻzbekiston Qahramoni va Oʻzbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov hamda Erkin Vohidov sheʼrlarini, Jadid bobomiz Fitratning “Yurt qaygʻusi” sochmasi, shuningdek, bir qator ziyoli olim va siyosatshunoslarning maqolalarini oʻqishingiz mumkin.

Masalan, jurnaldagi Qozoqboy Yoʻldosh qalamiga mansub “Buzilmas qoʻrgʻon” maqolasida til, millat, milliy ong tushunchalari keng yoritilgan.

Shuningdek, jurnaldan oʻrin olgan Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Onamning yurti” hikoyasi, Muhammad Yusufning samimiy satrlari, Shoyim Boʻtayev, K.G.Yung, Togʻay Murod asarlari, Olimjon Davlatov tahliliy maqolasi, Sirojiddin Sayid sheʼrlarida vatanimizning fusunkor tabiati, mehribon odamlari, olim-u fuzalolari haqida soʻz boradi.

Yangi Oʻzbekistonga yangi ovoz va joʻshqin  toʻlqin bilan kirib kelayotgan jurnal jamoasiga, faoliyatiga muvaffaqiyat tilaymiz. Mushtariylarga esa yangi jurnal muborak boʻlsin!

gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.