Yoqub alayhissalom

0
7128
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.

Yoqub alayhissalom Qurʼon Karimda tilga olingan paygʻambarlardan biri boʻlib, Ibrohim paygʻambarning nevarasidir(R.Z.,N.S.).

Qurʼon Karimda: ”Va gʻamdin uning ikki koʻzi oq boʻlib qoldi va u (Yoqub)ning ichi xafagarchilikka toʻlgan edi”.” Yoqub dedi: Haqiqatda ahvol shuki, men oʻzimning dil dardimni va xafagarchiligimni Xudoga arz qilmoqdaman“. ”Ey, oʻgʻillarim, boringlar keyin izlanglar Yusufni va uning ukasini va Olloh taoloning rahmatidan noumid boʻlmanglar”. ”Olib boringlar mening mana bu koʻylagimni, uning (Yoqub) yuziga tashlanglar, uning koʻzlari ochilur”.

 Yoqub Isroilulloh ibn Isʼhoq Safiyulloh ibn Ibrohim. U nihoyatda goʻzal, alp qomatli va juda dovyurak inson edi. Olloh taolo uni manmanlikdan asradi. Rivoyatda aytilishicha, qora mol, qoʻy-qoʻzi va yilqilarini haydab, har kuni dalaga chiqardi. U oʻz hojatiga mashgʻul boʻlganida, yilqi, qora moldan keyinda koldi. Mavlo taolo bir farishtani yubordi. U odam suvratida oʻgʻridek boʻlib keldi. Yoqub u bilan toʻqnashdi. Farishta uni koʻtarib yerga tashladi. Yoqubning boʻksa tomiri shikastlandi. Tuni bilan ingradi. Mavlo taolo menga shifo bersa, eng sevimli noz-neʼmatimdan kechardim, deya iltijo qildi. Olloh shifo berdi. Yoqub  tuya goʻshtini va sutini sevib isteʼmol qilardi. Shu ikkalasini oʻziga xarom qildi. Shundan keyin Yoqub avlodiga ushbu odat sunnat boʻldi. Ular ushbu taomlar Odam Ato davridan yalavochlarga haromligi “Tavrot”da taʼkidlangan deyishdi. Olloh taolo ularning soʻzini “Qurʼoni Karim”da inkor qildi.

“Tavrot” nozil qilinmasdan oldin Isroil oʻgʻillariga hamma taom halol edi, magar Isroil oʻziga harom qilgan narsalargina

Savol: Yoqub yalovoch nega Isroil deb ataladi? Javob: “Isr” soʻzining maʼnosi asir demakdir. Yoqub yalavoch bir paytlar shaytonni asir etgan edi. Shuning uchun Isroil ataladi.

Yana bir hikoyatda: Yoqub Baytul muqaddasda xizmat qilar, uning chiroqlarini yoqar edi. Shayton alayhillaaʼna kelib doimo oʻchirardi. U paytda 600 chiroq yoqilardi. Yoqub bir tunda pinakka ketmasdan olovni saqladi. Shayton oʻchirishga kelganida, bir sakrab uni ushladi va boʻynidan zanjirband etdi. Bir tirgakka band etdi. Shuning uchun Isroil ataldi.

Yana bir hikoyatda: Isr asir deganni bildirib, tangrining quli degan maʼnoni anglatadi.

Yoqubning olti xotinidan oʻn ikki oʻgʻil va bir qizi bor edi. Maliklardan biri uning qizini soʻradi. Yoqub unamadi. Kofirga qiz bermasligini bildirdi. Malik yaxshilik bilan qizini bermasa, zoʻrlik bilan olishni bildirib xabar joʻnatdi. Malikning qoʻshinlari koʻp edi. Allohdan farmon keldi: kofirlarni istasang yoʻq qilayin yoki oʻgʻillaring bilan oʻzing halok qilgʻil.

Yoqub oʻgʻillaridan kay bir yoʻlni tanlashlarini soʻradi. Bizni gʻolib qilsin, dedilar. Yoqub Olloh taologa duoi iltijo qildi. Mavlo Taolo kofirlarni yer tagiga joʻnatdi.

Yana bir Malik uning qizini soʻradi. Yoqub dedi: “Mening shariatimda bir sunnat anʼana bor, yaʼni xatna qilmoq. Agar oʻzing va askarlaring ushbu sunnat amalni bajarsa, qizimni beraman”. Malik oʻzini va askarlarini sunnat qildirib, ogʻrib yotganida Yoqubning oʻgʻillari kelib ularni qirdilar.

Yana baʼzi ulamolar aytmishlar: Odning Shaddat otli oʻgʻli bor edi. U dunyoda jannatmakon joylar bunyod etdi. Uning Imloq degan oʻgʻli boʻlardi.

Yoqub qavmida ming bek bor edi. Imloq ularni chorlab dedi: Menga tekis va soz tuproqliq yer toping. Ming beklar unday yer hosil qildilar. Imloq kelib yerni oʻlchadi. Oʻn ikki yigʻochlik(9km-1yigʻoch) yerni qazdirdi, suvga toʻldirdi, suv atrofini tosh bilan qopladilar. Shundan keyin tosh atrofida baland uylar qurdirdi. Har bir imoratning kattaligi 40 qariga teng edi (1 qari-qul uchidan tirsakkacha boʻlgan kattalik). Balandligi ham imoratning enicha edi. Uni Qutrum shahristoni atadilar. Ushbu shahristonning oʻrtasida ikki yigʻoqchilik saroy qurdi. Bir gʻishti oltindan, bir gʻishti kumushdan. Yana qirq qari bogʻ-rogʻlar, bozorlar bunyod etdilar. Bu saroy oʻrtasida oʻziga tomosha qiladigan joy qurdirdi. Kengligi ikki yuz arshun. U shahristonga toʻrtta darvozadan kirilardi. Ularning kattaligi toʻrt arshin edi. U yerda goʻzal va ulugʻvor taxt ham yasatdi.

Yillar oʻtib Kanʼonda qahatchilik boshlandi. Qutrum shahristonida noz-neʼmat koʻp, uni sotarlar deb xabar keldi eliga. Kanʼon Qutrumga oʻn kunlik yoʻl edi. Yoqub oʻgʻillari oshlik keltirgani, sotib olgani bordilar. Ilmoq oʻz taxtida oʻtirib, joylarini suqlanib tomosha qilardi. Uzoqda Yaqub oʻgʻillarini tevada kelayotganini koʻrdi. Boshlarida oq bulut qalqon boʻlib soya tashlab kelardi. Imloq bulutga boqib unda: “Yagona Ollohdan oʻzga birorta maʼbud yoʻq va Muhammad Rasululloh uning elchisidir”, degan yozuvni koʻrdi. Vazirlarini chaqirib, yigitlarni keltirishni topshirdi. Vazir kelib, ularni saroyga taklif etdi. Biz Ollohning topshirigʻini bajarmaguncha bormasmiz, dedi Yahudo. Bu soʻz Malikka yetdi. Ishlari tamom boʻlgach, ular keldilar. Imloq boʻyi-basti bir-biriga uygʻun alpqomat goʻzal suvratli oʻn yigitni kuzatib turib, hayratlandi.

– Sizlar kimsizlar?-soʻradi u.

–Bizlar Yaqub yalovochning oʻgʻillarimiz, otamiz Isʼhoq, katta otamiz Ibrohim yalovoch, — dedi katta oʻgʻli Yahudo. – Biz bu yerga Kanʼondan noz-neʼmat sotib olgani keldik.

– Yana qarindoshlaringiz bormi? – soʻradi Malik.

– Yana Yusuf va Yamin otliq ikki nafar ukamiz bor.

– Men er qarindosh soʻramasmen, qiz qarindosh soʻrarman,- dedi Malik.

– Bir singlimiz bor.

– Uni menga bering. Otangiz va sizlarga mol-dunyo sovgʻa-salom berayin va barchadan aziz qilayin.

Yahudo ukalariga qaradi. Shamʼun va Rubil achchiqlandi. Yaqub oʻgʻlonlari achchiqlansalar, viloyatni tep-tekis qilmaguncha gʻazabi oʻchmasdi. Ibrohim urugʻlaridan kimdir achchiqlansa, qoʻlini silasa gʻazabdan tushardi. Yahudo ularning qoʻlini siladi.

– Ey, Malik, sani oʻgʻling qizingni Sendan ruxsatsiz birovga berarmi?-deb soʻradi Yaxudo.

– Yoʻq.

– Bizning otamiz bor. Unga soʻzingni yetkazamiz, – dedi Yaxudo.

Malik u soʻzga sevindi. Oʻn teva bugʻdoy, oʻn teva un, oʻn ming kumush, oʻn botmon ipak, oʻn botmon anbar, oʻn botmon kofur sovgʻa qildi. Yana otalariga qoʻshimcha sovgʻa –salom berdi va iltimosini yetkazishni soʻradi.

– Otangizni otaliqqa qabul qildim. Ular meni oʻgʻillikka qabul qilsinlar. Qizini olib kelsin, – dedi Malik. Yoqub oʻgʻillari sovgʻa-salomlarni Yoqubga yetkazdilar. U yigʻladi. Mendan burun biror yalavoch qizini kofirga bermagan, deb ogʻrindi. Oʻgʻillari ham biz sizning ushbu xabarni bilib qoʻyishingiz uchun aytayapmiz, dedilar.

Bir oy oʻtgach Malikdan xabar keldi: Ulugʻlarning ulugʻi, maliklarning maligi, buyuk qoʻshinli Imloqdan faqir, haqir Yoqubga yetsin. Bitikni olgach, qizingni menga shaylab qoʻy. Agar qizingni bermasang, borib el-kuningni buzaman. Yalavochlik senga asqatmas. Yer tangrisi menman. Ogʻzingga tuproq toʻlsin, koʻk tangrisining senu mendan boshqa ishi yoʻqmi?

Oʻgʻillari bilan kengashdi. Oʻgʻillari qizingni deb el-yurtni xavfga qoʻyma, uni bergil, deya maslahat berdilar. Yoqub paygʻambar Yahudoga yoz dedi: ”Bismillohir rahmonir rahim. Men Yaʼqub Isroilulloh ibn Isʼhoq Safiyulloh oʻgʻli Ibrohim Xalilullohdan Imloqi lainga. Bilgin, hech yalavoch qizini kofirga bermadi, men ham bermasman: “Allohdan oʻzga birorta maʼbud yoʻq va Yoqub Ollohning elchisidir”, desang musulmonchilikka imon keltirsang. U yogʻini Olloh biladi”, – deya javob yoʻlladi.

Imloq maktubni oldi. Oʻn ikki ming beklariga maslahat soldi. “Kuchimiz, koʻshinimiz koʻp, farmon bersang qizini tortib olarmiz”, – dedi ular

Malik oʻn ikki ming qoʻshin yigʻdi. Imloq juda semiz edi. Uni ot, xachir koʻtarmasdi. Filga mindirdilar. Qoʻshinlarini boshlab Kanʼonga keldi. Jabroilga farmon boʻldi. U qanoti bilan filni bir urdi. Uning faryodi Yoqubga va uning eliga eshitildi. Oʻgʻillari choʻlda edi, u yerdan keldilar. Otasi yigʻlab Ollohga murojaat qildi. Jabroil aytdi:”Ey, banda, paygʻambarini Olloh kofirga xoʻrlatmaydi. Qizing mening Ollohimda aziz turur, uni dushmanga berdirmas. Oʻgʻillaring kurashga tayyor tursin, qoʻrqmasin, men qudratimni koʻrgazgayman”. Yoqub xursand boʻldi. Oʻgʻillarini jangga xozirladi. Ular aytdilar. Biz oʻn kishimiz, xolos, ular koʻp”. “Men bir siloh beraman. U kuch-quvvat bagʻishlaydi”. Yoqub sandiq ochib. Odam Safiy toʻnini Maʼmunga, Shis toʻnini Robilga, Ibrohim munguzin Yaxsarga, Muso asosini Yahudoga berdi. Toʻqqiz oʻgʻliga Yahudoni yetakchi qildi. Malik taxt ustida turardi, Uzoqdan oʻgʻlonlarni koʻrdi. Topshiriq berdi: ”Ularning niyatlarini biling, fikridan qaytmagan boʻlsa, boshini keltiring”, – deya oʻn ming er qoʻshin yubordi.

– Nimaga keldinglar, – soʻradi Malik odamlari.

– Jang qilishga, –dedi Yahudo va qoʻlidagi Muso asosini osmonga otib ilib oldi. Ushbu odat shu-shu anʼanaga aylandi.

Soʻngra haybat bilan Yahudo ingradi. Unga toʻqqiz ini va koʻkda farishtalar qoʻshildilar. Dahshatli ovoz paydo boʻldi. Oʻn ming qoʻshinli askarning yuragi yorilib oʻldi. Malik qoʻshinlari qaytavermagach, yana yigirma toʻrt ming qoʻshin yubordi. Qoʻshinlar kelgach, Shamʼun un kildi. Yana unga toʻqqiz oʻgʻlon va koʻkda farishtalar qoʻshildi. Koʻkdan olov tushib barini kuydirdi. Xabar Malikka yetdi. U oʻn ikki ming beklari bilan otlandi.

Yoqub oʻgʻlonlari Ollohga takbir qildilar. Ularga farishtalar qoʻshildi. Dahshatga tushgan beklar Qutrumga qochdilar.

Qutrumning darvozalarini berkitib oldilar.

Shamʼun un qildi. Devorlar yemirilib, yoʻl ochildi.

Yoqub oʻgʻillari bilan kirib bordi. Malikni taxtiravondan topdilar.

– Ey, Malik, Ollohdan oʻzga biror maʼbud yoʻq va Yoqub alayhissalom uning elchisidir, deya Ollohga imon keltir, senga Olloh omonlik beradi, yana mol-mulk yetkazadi va jannatga kiritadi, – dedi Yoqub.

– Ey, Yoqub, Ollohing menga vaqt bersin, oʻylab koʻrayin, mol-mulk, davlat berganini sezayin. Keyin imon keltirarman.

Jabroil keldi.

–Tangri yorliqadi, istaganicha sinov muddati ber, – dedi.

– Necha yil muddat kerak? – soʻradi Yoqub.

– Oʻn yil.

Yoqub Imloqni joyiga – taxtiravoniga oʻtkazdi.

Olloh unga koʻp neʼmat berdi. Oʻn ikki ming bekligi yigirma toʻrt ming beklik boʻldi.

Oʻn yil oʻtgach, Jabroil Yoqubga keldi: “Ey, Yoqub, Olloh senga durud yoʻlladi va Yahudoni Imloq huzuriga yubor, u imon keltirsin, berilgan muddat tugadi” – dedi.

Yahudo bordi. Imon keltirishga daʼvat etdi.

– Ey, Yahudo, sen elchisan. Elchiga oʻlim yoʻq. Boʻlmasa teringga somon tiqardim. Izingga qaytib otangga ayt, qizini yasantirib menga joʻnatsin, aks holda holinglar xarob boʻladi.

Yahudo qaytib kelib, otasiga xabarni yetkazdi. Yoqub Ollohga yolvordi.

Jabroil keldi: “Alloh taolo senga salom yoʻlladi. Aytdi: Men halimman, oshuqmasman. Yahudoga aytgil, yana borib, Imloqni musulmonlikka daʼvat etsin. Olloh yagona, boshqa maʼbud yoʻq. Yoqub uning yalavochidir. 

Yahudo yana keldi. Jabroilning soʻzini yetkazdi. Imloq achchiqlandi, qoʻshin yigʻdi. Yigirma toʻrt ming otliq qoʻshin otlandi. Oʻzi filga mindi. Kanʼonga ikki yigʻochlik yerga kelib tushdi. Yoqub yalovoch Mavlo Azza va Jallaga yolvordi. Jabroil xabar keltirdi: ”Ey, Yoqub, Tangri senga salom yoʻlladi. Yana aytdi, bu kecha senga malʼundan najotlik beradi.

Qarongʻu boʻldi. Yelga farmon yetdi. Qattiq shamol esdi. Tonggacha Malikni qoʻshini bilan halok qildi. Qutrum shahristonini yer birla koʻtarib tashlab, ostin-ustin qildi. Jabroil keldi: “Ey, Yoqub, Tangri yorlaqolar. Imloqning molini, oltin-kumushini olgʻil. Boshqasini oʻtga yoq, kuysin”. Yoqub oʻgʻlonlari bilan birga bordilar. Imloqning molini, oltin-kumushini oldilar. Boshqalarini oʻtga yoqdilar, kul boʻldi. Kanʼonga qaytib keldilar.

Bu rivoyatda Alloh bandalariga oʻzining karamini va azobini koʻrsatyapti. Misol uchun Lut qavmiga yuborgandek, xohlasa mayda toshlarni uchirib keluvchi shiddatli azob yuborishi mumkinligini eslatyapti. Agar shundoq qilsa, hech kim qochib qutila olmaydi.

Qissaning hikmati shundaki, imon, eʼtiqod, bergan vaʼdasida sobit qolish, ezguliklar targʻib qilinadi. (R.Z, N.S.).

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.