Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Yosh kitobxon” tanlovini doimiy tashkil etish yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad, yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, ularning qiziqish va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, intellektual salohiyati va maʼnaviy saviyasini yuksaltirishdan iborat.
Joriy yilgi tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich tashkilotlari yoki mahalliy Kengashlariga murojaat qilib, oʻzi haqidagi tegishli maʼlumotlarni berishi mumkin. Unda yoshlar oʻzlari yashayotgan yoki oʻqiyotgan (ishlayotgan) muassasasi joylashgan hududdan ishtirok etadi.
Bu yilgi tanlovda kitobxonlar uchta yosh toifasi boʻyicha – 10 yoshdan 14 yoshgacha, 15 yoshdan 19 yoshgacha, 20 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan alohida tartibda bellashadi.
Oʻtgan mavsumda 720 mingdan ortiq yosh ushbu tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan. Bu yurtimizda kitobxonlik madaniyatining yuksalib borayotganining belgisidir.
Bu yil oʻtkaziladigan tanlov davomida allomalar merosini chuqur oʻrganish maqsadida alohida nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi. Tanlovni Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Rizo Ogahiy, Berdaq singari buyuk mutafakkirlar ijodi va faoliyati, jahon adabiyotining durdona asarlari, shuningdek, «Alpomish», «Goʻroʻgʻli», «Kuntugʻmish» kabi xalq dostonlari boʻyicha oʻtkazish rejalashtirilmoqda.